Sochi-2014 Olimpiada o`yinlaridan so`ng 12 kun o`tib, Sochi yana bir yirik sport anjumaniga mezbonlik qiladi. Bugun Xalqaro Paralimpia qo`mitasi shafeligida Sochidagi “Fisht” arenasida XI qishki o`yinlarining tantanali ochilish marosimi bo`lib o`tdi.
Ushbu o`yinlarda dunyoning 47 davlatidan 1600 nafar sportchi 72 ta komplekt medallar uchun bahs olib borishadi. Paralimpiya o`yinlarida tog` chang`isi, chang`i poygasi, slej-xokkey, biatlon va kerling (kolyaskada) sport turlari bo`yicha musobaqalar o`tkaziladi.
XI qishki Paralimpiya o`yinlarida Vatanimiz sharafini Evgeniy Slepov va Ramil Gayazovlar himoya qiladilar. Har ikki sportchimiz ham 2013 yili Gollandiyaning Landgraf shahrida bo`lib o`tgan xalqaro musobaqada Paralimpiya o`yinlari yo`llanmalarini qo`lga kiritishgan.
Evgeniy Slepov snoubord musobaqalarida bahslarga kirishsa, Ramil Gayazov tog` chang`i sporti bo`yicha o`tkaziladigan bahslarda g`oliblik uchun kurash olib boradi. Hamyurtlarimizdan birinchi bo`lib bahslarni 13 mart kuni (Toshkent vaqti bilan soat 17:15 da) Ramil Gayazov boshlab beradi. 14 mart kuni Toshkent vaqti bilan soat 11:00 da esa Evgeniy Slepov bahslarga kirishadi.