Ba’zan chinakam ezgu ish qilish uchun ko‘p vaqt, kuch va pul kerakdek tuyuladi. Masalan, xayriya uchun katta miqdorda mablag‘ ajratish, ko‘ngilli bo‘lib ishlash yoki hech bo‘lmaganda ko‘chadagi mushukchani uyingizga olib kelish kerak deb o‘ylaymiz. Ammo ba’zida atrofimizdagi insonlarning hayotini biroz yengillashtirish va ularga quvonch ulashish uchun atigi bir necha daqiqa kifoya.
Yaxshilik qilish kuniga bag‘ishlab, siz muntazam ravishda bajaradigan, lekin o‘zingiz ham ezgu ish deb hisoblamaydigan 15 ta oddiy harakatni jamladik. Balki ularning ayrimlarini bugunoq qilgandirsiz!
1. Qo‘lida sumkalari bor odam uchun eshikni ochiq tutasiz
Agar siz hech bo‘lmaganda bir marta supermarketdan bir haftalik oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilib qaytgan bo‘lsangiz, kirish eshigini ochib beradigan yoki liftning kerakli tugmasini bosib qo‘yadigan odamni uchratish naqadar yoqimli ekanini bilasiz.
Ehtimol, o‘zingiz ham boshqalarga shunday yordam berarsiz. Buning evaziga minnatdorchilik bildirishlarini kutmaysiz. Ammo qo‘llari band odam uchun bunday kichik yordamning o‘zi katta yengillik bo‘lishi mumkin.
2. Shoshayotgan odamni navbatda oldinga o‘tkazasiz
Bir vaziyatni tasavvur qiling: kassada xaridlaringiz to‘la arava bilan navbat kutib turibsiz. Orqangizda esa navbatini kutishga qiynalayotgan odam bor. Masalan, kichkina bolasi bilan turgan ona yoki tushlik vaqtida ofisga qaytishga shoshayotgan, qo‘lida bulochka va kefir ushlab olgan xodim.
Agar uni navbatda oldinga o‘tkazsangiz, atigi 5 daqiqa vaqtingiz ketadi. Evaziga esa boshqa odamning ishini ancha yengillashtirasiz. Ba’zan birovga yordam berish uchun shunchaki ozgina vaqt ajratishning o‘zi kifoya.
3. Sayyohlik joylarida juftliklar, oilalar va do‘stlarni suratga olasiz
Ehtimol, sayohat yoki dam olish maskanlarida odamlarning esdalik uchun birgalikda suratga tushishga urinayotganini ko‘p ko‘rgansiz. Kimdir ko‘chma shtativ bilan ovora bo‘ladi, boshqasi esa hammani kadrga sig‘dirish uchun noqulay selfi olishga harakat qiladi.
Bunday paytda yordamingizni taklif qilish siz uchun hech qanday qiyinchilik tug‘dirmaydi. Shunchaki telefon yoki kamerani olib, ularni chiroyli qilib suratga tushirib qo‘ysangiz bo‘ldi. Balki aynan siz olgan surat keyinchalik chiqarilib, ramkaga solinadigan eng qadrli oilaviy xotiraga aylanar.
4. Bolalar aravachasidagi ota-onalarga yordam berasiz
Hamma shaharlar ham kichkina bolalar bilan yurish uchun qulay qilib qurilmagan. Yerosti yo‘lagidagi zinapoyalar, avtobusning baland pog‘onasi yoki do‘konning og‘ir eshigi bolalar aravachasini itarib ketayotgan ona uchun jiddiy to‘siqqa aylanishi mumkin.
Shunday vaziyatda yordam qo‘lini cho‘zish kifoya. Aravachani zinadan tushirishga ko‘maklashish yoki eshikni ochib turish orqali siz chaqaloqli ota-onaning kunini biroz yengillashtirasiz. Siz uchun bu bir necha daqiqalik ish, ular uchun esa katta yordam.
5. Yaqinlaringizga shunchaki hol-ahvol so‘rash uchun qo‘ng‘iroq qilasiz
Onangizga hech qanday sababsiz qo‘ng‘iroq qilish yoki ish kuni o‘rtasida dugonangizga kulgili mem yuborish arzimas narsadek tuyulishi mumkin. Ammo tadqiqotchilar odamlar bunday kutilmagan, kichik muloqotlardan biz o‘ylaganimizdan ham ko‘proq quvonishini aniqlashgan.
Bunday eʼtibor nafaqat mehr belgisi, balki yoqimli kutilmagan sovg‘a sifatida ham qabul qilinadi. Shuning uchun yaqinlaringizni eslab turishdan tortinmang. Baʼzan oddiygina hol-ahvol so‘rash ham insonning kayfiyatini ko‘tarishi mumkin.
6. Boshqalarga samimiy maqtov aytasiz
Agar dugonangiz sharfini chiroyli bog‘lagan bo‘lsa yoki hamkasbingiz yig‘ilishda o‘z fikrini munosib tarzda ifoda etgan bo‘lsa, buni unga aytishdan uyalmang. Birgina yoqimli jumla kimningdir kunidagi eng quvonchli lahzaga aylanishi mumkin.
Faqat maqtovingiz samimiy bo‘lishiga eʼtibor bering. Insonning tashqi ko‘rinishi yoki omadidan ko‘ra, uning qilgan ishi, harakati va mehnatini eʼtirof etishga harakat qiling. Chin dildan aytilgan maqtov odamga o‘z kuchiga ishonish uchun qo‘shimcha rag‘bat beradi.
7. Chiqindilarni saralaysiz
Oshxona rakovinasining tagiga chiqindilar uchun bir nechta alohida idish qo‘yish baʼzan foydali odatdan ko‘ra ortiqcha uy yumushidek tuyuladi. Ammo qayta ishlashga yuborilgan har bir plastik idish yoki shisha butilka shahar tashqarisidagi chiqindi poligoniga tushadigan axlat miqdorini kamaytirishga yordam beradi.
Chiqindilarni saralash katta kuch talab qilmaydi. Plastik, qog‘oz, shisha va boshqa chiqindilarni imkon qadar alohida yig‘ish orqali siz atrof-muhitga foyda keltirasiz. Bu kichik odat bo‘lsa-da, uning natijasi uzoq muddatda sezilishi mumkin.
8. Kichik kafe va mustaqil ustalar haqida fikr-mulohaza qoldirasiz
Katta tarmoqqa tegishli qahvaxona uchun sizning bitta sharhingiz unchalik katta ahamiyatga ega bo‘lmasligi mumkin. Ammo uyingiz yaqinidagi kichik nonvoyxona yoki mustaqil ishlaydigan manikyur ustasi uchun xaritalardagi har bir ijobiy baho qadrli.
Agar sizga xizmat yoki mahsulot yoqqan bo‘lsa, bu haqda boshqalarga ham aytishdan tortinmang. Samimiy fikr-mulohazangiz kimningdir yangi mijozlar topishiga yordam berishi mumkin. Ayniqsa, kichik biznes egalari uchun mijozlarning tavsiyasi juda muhim.
9. Yo‘l so‘ragan odamlarga manzilni tushuntirib berasiz
Boshqa shaharda yoki notanish tumanda kerakli manzilni topish har doim ham oson emas. Ayniqsa, mobil internet yaxshi ishlamasa yoki xaritadagi maʼlumotlar aniq bo‘lmasa, odam yanada qiynalishi mumkin.
Shuning uchun o‘zingiz yaxshi biladigan joy haqida so‘ragan insonlarga yordam berishni rad etmang. Qisqacha yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish orqali kimningdir vaqtini tejaysiz va kerakli manzilga kechikmasdan yetib borishiga yordam berasiz.
10. Ovqatlanish joylarida o‘zingizdan keyin stolni yig‘ishtirasiz
Savdo markazidagi fudkortda yoki umumiy ovqatlanish joyida ishlatilgan bir martalik idishlarni axlat qutisiga tashlash va patnisni belgilangan joyga olib borish uchun atigi bir necha daqiqa kerak bo‘ladi.
Ammo buning evaziga keyingi mijoz boshqa birov qoldirgan salfetkalarni chetga surishga majbur bo‘lmaydi. Xodimlar esa ayniqsa gavjum paytda stollar orasida yurib, tashlab ketilgan idishlarni yig‘ishtirishga kamroq vaqt sarflashadi.
Bu juda oddiy odat, lekin umumiy joylardan foydalanayotgan boshqa odamlarga hurmat ko‘rsatishning bir usuli hisoblanadi.
11. Soyaboningizni boshqalar bilan baham ko‘rasiz
Kuchli yomg‘ir kutilmaganda boshlanishi mumkin. Agar yoningizda soyabon bo‘lsa, atrofingizdagi odamlarga ham undan foydalanishni taklif qiling.
Masalan, qo‘shningiz bilan birga uyga qaytishingiz yoki avtobus kutayotgan notanish inson bilan bitta soyabon ostida turishingiz mumkin. Balki bir necha daqiqa noqulaylik sezarsiz, ammo buning evaziga boshqa odam yomg‘irda boshdan-oyoq ho‘l bo‘lib qolmaydi.
12. Suhbatdoshingizning gapini bo‘lmasdan tinglaysiz
Baʼzan qiyin vaziyatga tushib qolgan odamga muammoni hal qilish rejasi emas, balki eʼtibor va hamdardlik kerak bo‘ladi.
Dugonangizning rahbari haqidagi shikoyatlarini yoki qarindoshingizning sog‘lig‘i bilan bog‘liq xavotirlarini indamay, diqqat bilan tinglab ko‘ring. Balki unga aynan o‘z fikrlarini bemalol aytib olish imkoniyati yetishmayotgandir.
Har doim ham maslahat berish yoki vaziyatga yechim topishga urinish shart emas. Baʼzan insonni shunchaki tinglashning o‘zi ham katta yordamdir.
13. G‘iybat tarqatmaysiz
Tanish vaziyat: ishxonadagi oshxonada yoki dugonalar davrasidagi navbatdagi uchrashuvda kimdir umumiy tanishingizni uning ortidan muhokama qila boshlaydi.
Bunday paytda boshqalar bilan birga kulishingiz yoki suhbatga qo‘shilishingiz shart emas. Mavzuni boshqa tomonga burishga urinishingiz yoki hech bo‘lmaganda tekshirilmagan maʼlumotlarni boshqalarga tarqatmasligingiz mumkin.
G‘iybat qilinayotgan inson sizning bu qaroringizdan bexabar qolishi ham mumkin. Ammo uning shaʼni va obro‘siga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan gaplarni tarqatmaslikning o‘zi ham yaxshilikdir.
14. Boshqalarning uy hayvonlariga qarashib turasiz
Isitmalab qolgan qo‘shningizning itini sayr qildirish yoki do‘stlaringiz taʼtilga ketganida ularning mushugiga ovqat berib turish — chinakam ezgu ish!
Bundan tashqari, bu yoqimli mashg‘ulot ham. Siz nafaqat hayvon egalarining minnatdorchiligiga sazovor bo‘lasiz, balki yoqimtoy jonivorlar bilan vaqt o‘tkazish imkoniga ham ega bo‘lasiz.
Baʼzan boshqalarga yordam berishning o‘ziyoq odamga quvonch bag‘ishlaydi.
15. Yangi kelgan insonlarning muhitga moslashishiga yordam berasiz
Yaqinda ishga qabul qilingan hamkasbingizni tushlikka taklif qilishingiz, yangi qo‘shningizga mahallangizdagi o‘zingiz yoqtirgan oziq-ovqat do‘konini ko‘rsatishingiz yoki farzandingizning maktabiga shu yilgina kelgan sinfdoshini birga sayr qilishga chaqirishingiz mumkin.
Bunday mayda eʼtiborlar yangi kelgan insonlarga o‘zlarini jamoaning bir qismi sifatida his qilishlariga yordam beradi. Yangi muhitga moslashish har doim ham oson emas. Samimiy munosabat esa bu jarayonni ancha yoqimli qiladi.
Xulosa: Yaxshilik qilish uchun har doim katta imkoniyat yoki alohida sabab kerak emas. Baʼzan ochib berilgan eshik, samimiy maqtov, bir necha daqiqalik suhbat yoki begona insonga ko‘rsatilgan kichik yordam ham kimningdir kunini yaxshi tomonga o‘zgartirishi mumkin.
Eng muhimi, bunday ishlarni bajarish uchun alohida kunni kutish shart emas. Yaxshilik kundalik hayotimizning oddiy bir qismiga aylansa, atrofimizdagi muhit ham mehribonroq bo‘ladi.



Rostan ham bazida oddiygina eshikni ochib berish ham odamni xursand qiladi Kichkina yaxshilik deb qaraymiz, lekin kimningdir kunini yaxshi qilib yuborishi mumkin.
Hamma ham buni tushunmaydi afsus. Hozir odamlar shunchalik shoshqaloq bo‘lib ketganki, yonidagiga qarashga ham vaqti yo‘q.
Men ham notanish odamga yordam bersam kayfiyatim ko‘tariladi. Yaxshilik qilish uchun boy bo‘lish shartmas ❤️
Maqola yaxshi, lekin bularni alohida yaxshilik deb atash shartmi? Oddiy insoniylik-ku.
Navbatda shoshayotgan odamni oldinga o‘tkazish yaxshi, lekin ayrimlar bundan foydalanib ketadi
Odamlar bir-biriga sal e’tiborliroq bo‘lsa, hayot ancha osonlashardi.
Eng yoqqani yaqinlarga shunchaki qo‘ng‘iroq qilish haqida ekan. Ba’zan bir og‘iz hol-ahvol so‘rash ham katta gap.
Hozir hamma telefonda, lekin bir-biriga vaqt ajratmaydi. Juda achinarli.
Onamga hozir qongiroq qilaman, anchadan beri shunchaki gaplashmagandik
Yaxshilikni ko‘z-ko‘z qilmasdan qilish kerak deb o‘ylayman. Qilgan ishingni hamma bilishi shart emas.
Lekin ba’zi odamlar yordam bersang ham rahmat aytmaydi. Shunda odamning hafsalasi pir bo‘ladi.
Baribir yaxshilik qilishda davom etish kerak. Bitta noshukur odam deb hammani bir xil ko‘rish noto‘g‘ri.