Barcha munis onaxonlarimiz, sadoqatli opajonlarimiz, go`zal singiljonlarni ayollar bayrami bilan tabriklaymiz. Faqat — 8 mart kuni emas, har kuni, har soatda ardog`imizda, e`tiborimizda, borlig`imizda bo`lsinlar. Biz — erkaklarning barcha mehrimiz, harakatlarimiz, hayotda eng kerakli insonlarimiz Siz aziz Ayollar ekanliklaringiz ayni haqiqat.
8-Mart boshqa davlatlarda qay tarzda nishonlanadi?
Xitoyda erkaklar ayol qalbiga yo`lni oshqozoni orqali topamiz deb o`ylaganlari bois, muhabbatlarini isbotlash maqsadida 8-mart kuni oshxonadan chiqishmas ekan. Eng mazali taom va eng shirin pishiriq — bayramning yaxshi sovg`asi hisoblanarkan. Qonuniy dam olish kunida xitoylik ayollar dam olish joylariga borib, bayramni o`zlari istagancha nishonlashadi. Xitoyda shu kuni «Pekin go`zali» tanlovi ham o`tkaziladi.
Italiyada ham bu bayram o`zgacha kayfiyat bilan nishonlanadi. Bu kunda ayollar e`zozlanadi, sovg`a-salomlar olishadi. Ammo 8-mart rasman dam olish kuni deb e`lon qilinmagan. Shu bois italiyalik xonimlar kunning ma`lum bir vaqtini belgilab, o`z bayramlarini kafe yoki restoranlarda nishonlashar ekan.
Litva davlatida esa ushbu bayramni mamlakatning barcha qismida birdek nishonlashmaydi. Gap shundaki, bayram Litvaning rusiyzabonlar istiqomat qiladigan shaharlaridagina nishonlanadi. Litvada Xalqaro xotin-qizlar kuni rasmiy bayram sifatida e`lon qilinmagan.
Rossiyada bu bayram mamlakat miqyosida keng nishonlanadi. Bu kuni rus erkaklari gul do`konlari, supermarketlarda qator bo`lib navbatda turishadi. Ular gul va pardoz ashyolarini ayollar uchun eng yaxshi sovg`a deb hisoblaydilar.
V`etnamda ham ayollar nihoyatda ulug`lanadi. Bu yurtda ushbu an`ana ikki ming yildan buyon davom etmoqda. Lekin ayollar bayrami sal boshqacha tarzda, ya`ni «Opa-singil Ch`englar xotirasi kuni» deb ataladi. Tarixda o`z xalqini Xitoy qaramligidan ozod qilish uchun kurashgan opa-singil Ch`englar Xitoy askarlari tomonidan o`rab olinganda asir tushishni istamay, o`zlarini daryoga otib qurbon bo`lishgan edi. 8-mart kuni vatanparvar opa-singil Ch`englar xotirasiga bayram uyushtiriladi.
Daniyada ham ayollar bayrami keng miqyosda nishonlanadi, alohida anjumanlar, kontsert dasturlari, turli tomoshalarda faqat ayollar uchun jon kuydiriladi. Do`konlar ayollar kiyimlari, taqinchoqlariga to`lib ketadi.
Bizning mamlakatimizda ham 8-mart juda chiroyli tarzda o`tkazilishiga guvohsiz. Oliyhimmat beklarimiz bu kun uchun alohida mehr bilan tayyorlanishadi. Oiladagi barcha ayollar uchun sovg`alar olishadi, kontsertlarga, tomoshalarga olib borishadi. Kechqurun esa o`z qo`llari bilan osh yoki dimlama damlab, tabriklashadi. Bu kun bizning ayollarimiz uchun o`zgacha shukuhli, tarovatlidir.