Bir yarim yosh – kech degani emas. Sabr qiling.
Bola qachon yurishi kerak?
Statistikaga ko‘ra odatda bolalar ilk qadamini 12 oyligida qo‘yadi. Bu yerda ahamiyat qaratish kerak bo‘lgan so‘z — statistikada. Sizning yagonangiz esa boshqa davrda yurish huquqiga (pediatr va fiziologlar tomonidan tasdiqlangan) to‘liq egadir.
Bu holatda me’yor chegarasi bir muncha keng shakllangan — 8 oydan boshlab 1 yarim yilgacha.
Ko‘plab ota-onalar farzandlari boshqalarga nisbatan erta qadam tashlaganidan faxrlanishadi. Buni xuddi bolalarining o‘sishidan dalolat beryapti deb o‘ylashadi. Ammo bu shunchaki ota-onalar izzattalabligini ovuntirish uchun o‘ylab topilgan vaj xolos.
Bolaning ilk qadamlari va uning o‘sishi, jismoniy yoki aqliy imkoniyatlari bilan bog‘liqligini xuddi uning burni shakli yoki soch rangi bilan aloqa kabi izohlash mumkin. Ya’ni bunday bog‘liqlik yo‘q. Kimdir malla, kimningdir ko‘zlari yashil, kimdir esa 8 oyda mustaqil yurib ketadi.
Biroq birinchi qadamlar kechikkanda ogoh bo‘lish kerakligiga oid aniq vaziyatlar ham bor.
Qachon xavotirlanishni boshlash kerak?
Birinchidan, sog‘lom bola nima bo‘lganda ham 20 oylikkacha ilk mustaqil qadamni qo‘yishi kerak. Bu davrgacha bolalar yetarlicha kuchga to‘lishadi va qadam tashlash ularda alohida qiyinchiliklar tug‘dirmaydi. Agar bola yurishni rad etayotgan yoki buni faqat boshqalarning yordami bilan bajarayotgan bo‘lsa, uni pediatr ko‘rigiga olib borish shart. Boshqa tor yo‘nalishdagi mutaxassislarning qo‘shimcha nazoratidan o‘tish ehtimoli ham bo‘lishi mumkin, masalan, ortoped yoki nevropatolog.
Ikkinchidan, umumiy holat ahamiyatli. Gap shundaki, agar bola yurmasa, ammo uning tayanch-harakat funksiyalari aniq rivojlanayotgan bo‘lsa: bemalol ag‘dariladi, o‘tiradi, o‘yinchoqlarga tayana oladi, emaklaydi, yotoq devoriga turishga yoki divanga chiqishga harakat qiladi, qo‘lidan ushlab turilgan holatda g‘ayrat bilan sakraydi — bu bir masala. Uning harakat faolligi sizga yuqoridagi kabi yetarli darajada ko‘rinmasa, boshqa masala. Bu ham shifokor bilan qo‘shimcha maslahatlashib olish uchun jiddiy sababdir.
Agar ushbu holatlardan hech biri sizga va sizning bolangizga aloqador bo‘lmasa, biroz tinchlaning. Bola albatta bunga tayyor bo‘lganini sezishi bilanoq yurib ketadi.
Bola qachon yurishi nimalarga bog‘liq?
Bu xuddi lotereyaga o‘xshaydi. Hatto bolani tug‘ilgan onidan boshlab kuzatgan va oilaviy anamnezini bilganida ham, hech qaysi pediatr aniq davrni oldindan aytib berolmaydi. Ammo taxmin qilishimizga imkon beradigan ba’zi qonuniyatlar mavjud.
Irsiyat
Agar ota yoki ona o‘z davrida erta qadam tashlab boshlagan bo‘lsa, bola ham ushbu o‘ziga xos xususiyatni davom ettirishi ehtimoli bor. Va shuning aksi. Agar, masalan, ota bir yarim yoshgacha emaklab harakatlangan bo‘lsa, uning o‘g‘li aynan shu taktikani takrorlashi mumkin.
Vazn va tana tuzilishi
Nisbatan do‘mboq va og‘ir bolalar uchun oyoqda turish va muvozanatni ushlash ozg‘in va muskullari chiniqqan tengdoshlariga qaraganda qiyinchilik tug‘diradi.
Ba’zi shaxsiy xususiyatlar
Oyoqda tik turish va ilk qadamni tayanmasdan bosish yetarlicha tahlikali tadbir. Ba’zi bolalar «hovuzga bosh bilan» tamoyiliga binoan harakatlanadilar: ular divan yoki devorga tayanib turgan qo‘llarini shunchaki bo‘sh qo‘yishadi va noma’lum tomonga qadam bosishadi. Albatta, yiqilishadi, bu ba’zida og‘riq beradi, ammo yana harakat qilishadi. Ehtimol, xavfli xatti-harakatlarga moyillik ulardagi xarakterning bir qismi bo‘lib, keyinchalik ham saqlanib qoladi.
Boshqa bolalar, aksincha, ehtiyotkorlik bilan harakat qilishadi — ular yurishadi, faqat avvaldan bu qiyinchilikni yengib o‘tishga ishonch hosil qilib olishadi.
Homiladorlik davomiyligi
Muddatidan avvval tug‘ilgan chaqaloqlar qoidaga ko‘ra bir necha tengdoshlaridan so‘ng yurishni boshlashadi.
Bola birinchi qadamini tashlashiga va ishonch bilan yurishni boshlashiga qanday ko‘mak berish mumkin?
Bolani aniq bir muddatda yurishga majburlashning iloji yo‘q. Yurish oson ko‘ringani bilan juda mushkul va quvvat sarflovchi jarayon: bir oyoqda butun muvozanatni ushlab turgan vaqtda ikkinchisi qadam tashlashi kerak. Bola organizmi bu bosqich uchun yetilgan bo‘lishi kerak. Ammo siz ham yordamlashishingiz mumkin. To‘g‘ri, birinchi qadamdan ancha oldin boshlashingiz kerak.
2 oylikda nima qilish kerak?
Taxminan shu davrda chaqaloqlar birinchi marta ag‘darilishni sinab ko‘radilar. Siz ushbu harakatni rag‘batlantiring. Bolangizni tez-tez yorqin o‘yinchoqlar bilan o‘ralgan xavfsiz yumshoq o‘ringa yotqizing — ularga qarash va ushlab ko‘rishga ishtiyoq paydo bo‘lsin.
Bolangiz ko‘proq vaqtini yuztuban holatda o‘tkazishiga e’tibor qarating. Boshni ko‘tarish va atrofga qarashga urinishlar qadam tashlash vaqtida muvozanatga ko‘maklashuvchi muhim bo‘lgan umurtqa va bo‘yin mushaklarini mustahkamlaydi.
4-6 oylikda nima qilish kerak?
Bola o‘tirishni va ehtimol, emaklashni o‘rganadigan davr. Bolangiz dunyoni kashf etishi uchun joy hozirlang: bola ko‘p vaqtini beshikda yoki manejda emas, polda o‘tkazishiga imkon bering — bir necha yopinchiqlarni yoyib, o‘yinchoqlarni yotqizing. Narsalarni olishga harakat qilish kichik muskullar uchun ajoyib mashqdir.
6-8 oylikda nima qilish kerak?
Bola allaqachon ishonch bilan o‘tirmoqda yoki emaklamoqda. Unga dinamikaga oid topshiriqlar bering: masalan, yorqin rangli sharni ushlab olish uchun yer yuzasida dumalating. Bu kabi to‘p ovi vestibulyar apparat va koordinatsiyani mashq qildiradi.
Xuddi shu maqsadga yo‘naltirilgan yana bir mashq ko‘rinishi: bolani o‘zingizga teskari o‘tirgizib, muloyimlik bilan tebrating.
8 oylikda nima qilish kerak?
Bola kuchga va qiziquvchanlikka to‘lib borishi bilan oddiy yer yuzadan ajralishga moyilligi ortadi. Masalan, divanda yotgan o‘yinchoqqa intiladi, ota yoki onasining etagiga yopishadi.
Ushbu harakatlarni rag‘batlantiring. Sevimli ayiqchalarni atayin ko‘rinadigan joylarga qo‘ying. Bola o‘tirganda xuddi uni chaqirganday bo‘y balandligida qo‘lingizni cho‘zing, o‘zingiz egilmasangiz u sizga intiladi.
Bola turishga tayyorligini sezishingiz bilan unga yordam bering. So‘ngra yerga ehtiyotkorlik bilan qayta o‘tirish uchun tizzalarni qanday bukish kerakligini ko‘rsating.
Bu davrda faqat oyoqda turib o‘ynash mumkin bo‘lgan mustahkam o‘yin maydonchasini sotib olish maqsadga muvofiqdir. Bu bolalar ko‘p vaqtini tik turib o‘tkazishiga turtki bo‘ladi.
9-10 oylikda nima qilish kerak?
Bolaga tayanmasdan turishni o‘rgating. Hech bo‘lmaganda bir-ikki soniya. Buning uchun u biror narsani ushlab turgan vaqtda yangi yoki sevimli o‘yinchog‘ini ushlashni taklif qiling. Bu uni qo‘li bilan tayanib turgan joyidan ajralishga majbur qiladi.
Bir nechta tadrijiy mashqlar: bolaga oyog‘ida turishga yordam bering, keyin esa qo‘liga tayanch sifatida plastmassa tayoqcha bering. Tayoqchani u joydan bu joyga qo‘zg‘ating — bola unga tomon harakat qilishni boshlaydi. Tayoqcha o‘rnini kolyaska ham bosa oladi: sayr vaqtida uning bir chetidan ushlab, ehtiyotkorlik bilan yurishiga imkon bering.
Og‘irlikka chidamli g‘ildirakli o‘yinchoqlar ham yurishni o‘rgatuvchi yaxshi mashq qilish apparati bo‘la oladi (o‘yinchoq maysa qirqqichlar, aravachalar): ularning ortidan itara turib bolalar qadamba-qadam yurishni o‘rganadilar.
10 oylikda va undan so‘ng nima qilish kerak?
Bu davrda ko‘plab bolalar allaqachon yurib ketishadi. Ammo atrof olam ularni cho‘chitadi. Bolada «devor bo‘ylab» harakatlanish imkoni borligiga e’tibor qarating — ya’ni ko‘pi bilan har ikki qadam orasida tayanch nuqta bo‘lsin. Bu bexavotirlik hissini beradi.
Bolani ochiq olamga chiqishga majburlash uchun oddiy gimnastika halqasidan (obruch) foydalanish mumkin. Qo‘l bilan suyanish imkonini qoldirgan holda uni bolaga kiydiring va halqani xona o‘rtasiga torting. Bola chetlaridan ushlagan holda unga ergashadi.
Mutaxassislar mashhur «xodunok»lardan voz kechishni tavsiya qilishmoqda.
Birinchidan, bu kabi narsalar bolaning yurishga bo‘lgan ishtiyoqini kamaytiradi: haqiqatan ham yurish nimaga kerak, axir ushbu qulay bo‘lmachada joyini o‘zgartirishni yaxshi biladiku?
Ikkinchidan, «xodunok»lar shunchaki xavfsiz emas. Ular ko‘magida bolalar bir necha soniya ichida ular uchun taqiqlangan joylarda paydo bo‘lishadi. Misol uchun, pastga yo‘nalgan zina oldida yoki ustida qaynoq ichimlik turgan stol atrofida. Kattalar buni nazoratda ushlashga doim ham vaqt topa olmaydilar.
Farzandingiz yurishga harakat qilayotganini anglaganingiz zahoti, tizza va kaftlaringiz bilan turing va atrofga uning ko‘z bilan boqing. O‘tkir qirralar, rozetka, anchadan beri to‘g‘rilashni niyat qilganingiz dasturxon plyonkasi chetlari, tekislash taxtasidagi dazmol va shunga o‘xshash narsalar — barchasi zararsizlantirilishi kerak.