Karantinda bepul va sifatli ta’lim: eng yaxshi onlayn platforma va kutubxonalar

Karantinda bepul va sifatli ta’lim: eng yaxshi onlayn platforma va kutubxonalar

​​​​​​​Jahon miqyosida karantin tufayli ta’lim maskanlari talabasiz, o‘qituvchisiz. Ammo XXI asrda pandemiya ta’lim olishga to‘siq bo‘la olmaydi. Rejadan tashqari ta’til ― onlayn ta’lim bilan shug‘ullanish uchun qulay fursat.

Quyida jahonning nufuzli ta’lim muassasalariga tegishli ma’ruza va darsliklar, o‘quv dasturlari foydalanish uchun bepul va ochiq shaklda jamlangan manbalarni keltirib o‘tamiz.

Internet, til bilish ko‘nikmasi va ozgina qunt – qarabsizki, ta’tildan maksimal foyda olish mumkin.

Harvard universiteti kurslari

Nafaqat AQSh, balki butun dunyoning eng nufuzli oliygohlaridan biri hisoblangan Harvard universiteti 100dan ortiq bepul onlayn kurslarni taqdim etadi.

Maxsus portaldan veb-dasturlash, moliya, dinshunoslik, kompyuter texnologiyalari, madaniyat, tarix, siyosatshunoslik hamda boshqa sohalarga oid ma’ruzalarni topishingiz mumkin.

Buning uchun ro‘yxatdan o‘tish kifoya. Alohida mavzular bo‘yicha kategoriyalashtirilgan platforma xizmatingizga tayyor.

Manzil: www.online-learning.harvard.edu

Xan akademiyasi

Harvard biznes maktabi bitiruvchisi Salmon Xon tomonidan notijorat tashkilot sifatida tashkil etilgan Xan akademiyasi (Khan academy) har kimga har yerda yuqori sifatli ta’lim imkoniyatini taqdim etishni maqsad qiladi.

Akademiya matematika, tarix, tibbiyot, moliya, fizika, kimyo, biologiya, astronomiya, koinotshunoslik, madaniyat bo‘yicha 4200dan ziyod mikroma’ruzalarni jamlaydi.

Mavzular sodda tilda tushuntirilgan. Bundan tashqari, o‘rganilgan mavzu bo‘yicha bilimlarni tekshirish uchun vazifalar jamlanmasi ham taqdim etiladi.

Ushbu platforma masofaviy ta’limning eng yaxshi shakllaridan biri deya e’tirof etiladi. Ma’ruzalar bazasi dunyoning ko‘plab tillariga tarjima qilingan.

Xan akademiyasi bazasi bir guruh ko‘ngillilar tomonidan o‘zbek tiliga ham tarjima qilinmoqda.

Manzil: www.khanacademy.org   ―  www.xanakademiyasi.uz

edX ― dunyoning eng kuchli universitetlarini birlashtiruvchi platforma

edX platformasi dunyoning eng nufuzli oliygohlari − Harvard universiteti, Stenford universiteti, Boston univeriteti, Massachusets texnologiyalar instituti, Sorbonna universiteti kabilarning onlayn ma’lumotlar bazasini yagona manzilda jamlaydi.

Bu yerda aniq, gumanitar, tabiiy fanlar, kompyuter texnologiyalari bo‘yicha videodarslarni topish mumkin.

Shuningdek, platformada dunyoning eng ko‘p so‘zlashuvchiga ega tillari bo‘yicha ham darslar bor. Bundan tashqari, foydalanuvchilar darslar yuzasidan o‘zaro fikr almashish, munozaraga kirishishlari uchun onlayn forum ham ishlaydi.

Darslar bepul, kurs yakunlangandan keyin to‘lov asosida sertifikat olish ham mumkin.

Manzil: www.edx.org

Barcha onlayn kurclarni jamlovchi gigant platforma

Class Central deb nomlanuvchi platformada turli yo‘nalishdagi onlayn kurslarni topish mumkin. Platforma internetga joylashtirib boriladigan kurslarni ommabopligi, foydalanishdagi qulayligi va sifatiga ko‘ra saralab, reytingga kiritib boradi.

Platforma eng nufuzli ta’lim maskanlarining sifatli onlayn kurslarini jamlaydi. Shuningdek, bu yerda rasmiy masofaviy ta’lim olish mumkin bo‘lgan dasturlar xususida ham ma’lumotlar mavjud.

Manzil: www.classcentral.com

Ham til, ham fan o‘rganish imkoniyati

Coursera platformasi 36 mln.dan ziyod foydalanuvchiga ega, 3000dan ziyod kurslarni jamlaydi. Unda gumanitar, aniq va tabiiy fanlar bo‘yicha bilim olish mumkin.

Har bir mavzu 15 daqiqali videoma’ruza, o‘zlashtirilgan bilimlarni mustahkamlash uchun test va topshiriqlardan tarkib topgan. Har bir kurs yakunida imtihon bor, undan muvaffaqiyatli o‘tgan foydalanuvchiga elektron shaklda sertifikat ham taqdim etiladi.

Mazkur platformaning afzalligi shundaki, videoma’ruzalarni o‘zingizga kerakli tildagi subtitr bilan tanlash mumkin. Bu fanni o‘rganish bilan bir qatorda, kerakli til bo‘yicha ko‘nikmalarni ham mustahkamlash imkonini beradi.

Manzil: www.coursera.org

Kembrij dasturi bilan tahsil oling

Buyuk Britaniyaning nufuzli va eng qadimgi oliygohlaridan hisoblangan Kembrij universiteti aynan pandemiya tufayli onlayn ta’limni rivojlantirishga e’tibor qaratdi: 18000ta kitob va ilmiy maqola jamlangan arxivini barcha uchun ochiq foydalanish shakliga o‘tkazdi.

Muhimi, bepul!

Manzil: www.cambridge.org

Lektorium

Lektorium rus tilidagi eng katta videokurslar bazasi hisoblanadi. Ushbu platformada turli yo‘nalishdagi 4000dan ziyod videoma’ruzani ochiq shaklda topish mumkin.

Manzil: www.lektorium.tv

Rossiyaning yetakchi oliygohlari ma’ruzalari yagona bazada

Universarium platformasi dastlab Rossiyadagi OTMlarning o‘zaro ma’lumot almashish maydonchasi sifatida tashkil etilgan. Keyinchalik uning ommabopligi ortib, barcha uchun ochiq ta’lim platformasiga aylangan.

Universariumda muayyan bir ixtisoslikdagi fanni chuqur o‘rganish ham, ma’rifiy xarakterdagi qo‘shimcha kurslarni ham topish mumkin.

Har bir kurs murakkabligidan kelib chiqqan holda 7 haftagacha davom etadi. Videoma’ruzalar bilan bir qatorda, mustaqil ishlash uchun materiallar ham taqdim etiladi, kursni muvaffaqiyatli yakunlaganlar elektron sertifikatga ega bo‘lishi mumkin.

Manzil: www.universarium.org

Fizikani sodda tilda tushuntiruvchi platforma

Ukrainaning Rishelevskiy litseyi o‘qituvchisi Pavel Viktor fizika bo‘yicha chuqurlashtirilgan onlayn kursni yaratdi. Kurs qiziquvchilarga fizika haqida sodda, tushunarli tilda hikoya qilishni maqsad qiladi.

470dan ziyod mavzuning har biri alohida video shaklida tayyorlangan.

Manzil: «RL Fizika» YouTube kanali

Foydalanish mutlaqo bepul elektron kutubxonalar

www.litmir.me – 75000dan ziyod muallifning 210000ga yaqin kitoblari jamlangan baza. Kitoblarni bepul yuklab olish yoki onlayn rejimda o‘qish imkoniyati mavjud. Shuningdek, o‘zingiz ham boshqalar bilan ulashishni istagan kitoblaringizni yuklashingiz mumkin.

www.gutenberg.org – ingliz va boshqa xorijiy tillardagi 46000ta kitobni jamlagan sayt. Kitobni o‘zingizga qulay formatda yuklab olishingiz mumkin. Mumtoz romanlardan tortib, ilmiy-ommabop asarlargacha topa olasiz.

www.pda.litres.ru – barcha o‘qishi kerak bo‘lgan, jahon tan olgan asarlarni izlayotgan bo‘lsangiz, bu portal siz uchun. Bu manzil asli elektron kitob sotuvi uchun mo‘ljallangan. Ro‘yxatdan o‘tish orqali 26000ga yaqin kitobdan bepul asosda foydalanish imkoniyatini qo‘lga kiritish mumkin.

www.b-ok.cc – ilmiy-ommabop, fanning turli sohalaridan qiziqarli tilda hikoya qiluvchi adabiyotlar ishtiyoqmandlari kundan-kunga ortib bormoqda, siz ham shular qatorida bo‘lsangiz, ushbu manzilda ilmning turli tarmoqlariga bag‘ishlangan kitoblarni topa olasiz.

Shuningdek, o‘zbek tilida ham elektron kitob bazalari mavjud.

www.kitob.uz va www.ziyouz.com manzillarida jahon va o‘zbek adabiyotiga oid kitoblarni o‘zbek tilida mutolaa qilishingiz mumkin.

Komment qoldirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Nima qidiramiz? Masalan,Inson

Social