Qanday qilib yaxshi dam olish mumkin?

Qanday qilib yaxshi dam olish mumkin?

Og‘ir ish haftasidan keyin dam olish — aqliy va jismoniy resurslarni to‘ldirib olish uchun juda yaxshi imkoniyat. Hordiq chiqarmaslik professional charchoqqa va mehnat unumdorligining pasayishiga olib keladi. Xo‘sh, qanday qilib yaxshi dam olish mumkin? Javobni ushbu maqolada topishingiz mumkin.

Hozirgi shiddatli dunyoda biz dam olishga deyarli e’tibor bermaymiz, aksariyat hollarda esa hordiq chiqarishni ishlash tushunchasiga qarama-qarshi holat deb fikrlaymiz. Aslida esa dam olish ham huddi mehnat kabi muhimdir. Yaxshi dam olish nega bunchalik muhim? Buning ishga qanday ta’siri bor? Biz dam olish va ishlash o‘rtasidagi balansni qanday qilib to‘g‘ri ushlashimiz mumkin?

Dam olishga nisbatan munosabat qanday o‘zgardi?

Bizning har doim qayergadir shoshaveradigan va hech qachon uxlamaydigan dunyomizda odamlar dam olishga unchalik e’tibor bermaslikka odatlanishgan. Ammo bir vaqtlar dam olish va ish paytida sarflangan aqliy va jismoniy resurslarni to‘ldirish imkoniyati juda qadrlangan. Masalan, Arastu uchun mehnat og‘ir zarurat edi. U inson faqat hordiq chiqarish vaqtida takomillashadi, aqliy va axloqiy fazilatlari rivojlanadi, deb hisoblardi. XX asr o‘rtalarida ravvin Abram Xeshel yahudiylar uchun shanba (shabbat) faqatgina ish haftasidagi tanaffus emasligini yozgan. Bu «bizning vaqtdan… qalb, quvonch va oqilona sukunatdan quradigan saroyimizdir». Dam olish falsafadan yiroq bo‘lgan insonlar uchun o‘zlari yoqtirgan ish bilan shug‘ullanish imkoniyatini berardi. 1759 yilda AQShning bo‘lajak birinchi prezidenti Jorj Vashington nafaqaga chiqqach, Maunt-Vernondagi oilaviy mulkini tartibga solishga kirishdi. Tarixchi Uilyam Ebbotning fikricha, «bu mashg‘ulot Vashingtonga urush yoki siyosatdan ko‘ra ko‘proq ta’sir qildi».

Bugungi kunda dam olishni odatda ishlashga qarama-qarshi holat sifatida qabul qilishadi. Zamonaviy odamlar uchun ish hayotning muhim qismi hisoblanuvchi aktiv faoliyatdir. Mehnat sizga o‘zingizni anglashga va muhimligingizni isbotlash imkonini beradi. Ben Horovitsning «Biz — bu bizning nima bilan shug‘ullanishimizdir» nomli bestselleri kabi mashhur kitoblar ishlash va mavjud bo‘lish o‘rtasida tenglik belgisini qo‘yadi. Ish — bu sharafdir, u bizga boshqalarga nisbatan ma’naviy ustunlik beradi. Dam olish esa hayotni bo‘sh va mazmunsiz qiladi. Men odamlar dam olishni kamdan-kam hollarda mustaqil hodisa sifatida qabul qilishlarini payqadim. Ular uchun bu so‘z salbiy ma’noga ega va hech qanday foydali mashg‘ulot bilan shug‘ullanmayotganlikni anglatadi.

Dam olish nimaga kerak?

To‘liq hayot bilan yashash hamda muvaffaqiyatli martaba uchun dam olish huddi ish kabi muhimdir. Haddan tashqari yuk xodimga ham, ish beruvchiga ham zarar yetkazadi. To‘g‘ri dam olishning yetishmasligi professional charchoqqa va mehnat unumdorligining pasayishiga olib keladi. Agar biz eng muvaffaqiyatli olimlar, yozuvchilar, harbiy rahbarlarning tarjimai holiga nazar tashlasak, ular zamonaviy sanoatlashgan G‘arb davlatlarining ko‘plab aholisidan ancha kam ishlaganliklarini hamda har doim quvvatni tiklab olish va jadal mehnatni tartibga solganini ko‘ramiz.

Qirolicha Viktoriya davridagi ingliz yozuvchisi Jon Lebbok o‘zining «Hayot ideallari: oqilona va foydali yashash mahorati» nomli kitobida shunday yozgan edi: «Dam olish dangasalik emas; ba’zan quyoshli yoz kunida daraxt ostidagi o‘tlar ustida yotish, suv oqimining shovqinini tinglash yoki ko‘k osmon bo‘ylab suzayotgan bulutlarni tomosha qilish foydali. Bunday dam olish vaqtni behuda o‘tkazish hisoblanmaydi».

Lebbok nima haqida gapirayotganini yaxshi bilgan. U mashhur arxeolog edi: «Neolit» va «Paleolit» atamalarini ilmiy muomalaga kiritgan va Eyvberi-Xenj tosh davri yodgorligi joylashgan joyni qurilishlardan saqlab qolish maqsadida o‘z mablag‘iga yer sotib olgan. Bundan tashqari, u juda muvaffaqiyatli va ilg‘or moliyachi, parlament a’zosi va bank uchun dam olish kunlari to‘g‘risidagi qonunning muallifi edi. Shu bilan birga, Lebbok har doim Kentda joylashgan oilaviy yerlarda dam olishga vaqt topardi. U yerda kriket o‘ynardi, do‘stlari bilan muloqot qilardi va qo‘shnisi Charlz Darvin bilan ilmiy masalalarni muhokama qilardi.

Psixologiya va nevrologiya sohasidagi so‘nggi tadqiqotlar dam olishga nisbatan bunday yondashuv to‘g‘ri ekanligini tasdiqlaydi. Bu sizga kuchingizni tiklashga imkon beradi, ijodkorlikni rag‘batlantiradi va miyaga yangi g‘oyalarni yaratishga yordam beradi. Bularning barchasi uzoq va barqaror hayot kechirish uchun sharoit yaratadi. Shuningdek, olimlar faol dam olish hech narsa qilmaslikdan ko‘ra foydaliroq ekanligini aniqladi. Dam olishdan maksimal foyda olishni xuddi boshqa ko‘nikmalar kabi rivojlantirish va yaxshilash mumkin.

O‘ylashimcha, biz ish va dam olishni bir-biriga qarama-qarshi qo‘ymasligimiz kerak. Hayotimizning bu tarkibiy qismlari bir-biriga bog‘langan va bir xil darajada muhim. Ishsiz dam olish mumkin emas va aksincha. To‘liq hayot bilan yashashimiz uchun biz o‘rganishimiz va samarali ishlashimiz, yaxshi dam olishimiz kerak.

Nima qilmoq kerak?

Dam olish — xuddi nafas olish yoki yugurish kabidir. Buni qanday qilishni hamma biladi, lekin hamma ham buni to‘g‘ri bajarmaydi. Agar siz samaraliroq dam olishni o‘rgansangiz, bu hayotingizning barcha jabhalariga ijobiy ta’sir qiladi. Professional suzuvchilar va buddist rohiblar kuch yoki aqliy ravshanlikni saqlab qolish uchun to‘g‘ri nafas olish ko‘nikmalarini rivojlantirishadi. Doimo band bo‘ladigan zamonaviy odamlar aqliy va jismoniy quvvatlarini zaryadlash va ijodkorlikni oshirish uchun bo‘sh vaqtlarini to‘g‘ri tashkil qilishni o‘rganishlari kerak. Buning uchun nafaqat yangi yaxshi odatlarni shakllantirish, balki umuman dam olishga bo‘lgan munosabatni ham o‘zgartirish kerak.

Dam olish — jiddiy masala

Avvalo, dam olish jiddiy va muhim masala ekanligini uzil-kesil tushunib olishingiz kerak. Hozir odamlarning bo‘sh vaqtini o‘tkazish uchun imkoniyatlar unchalik ko‘p emas. Biz doimo nimadir qilishga yoki bajarilgan ishni qaytadan bajarish va yaxshilashga harakat qilamiz. Dam olishdan to‘liq zavqlana olish uchun esa siz bo‘sh vaqt topa olishingiz kerak. Buning uchun siz nafaqat ish jadvalingizni, balki butun turmush tarzingizni ham o‘zgartirishingiz talab etilishi mumkin.

Taqvimingizga qarang: unda kundalik vazifalar, muddatlar va ish uchrashuvlaridan tashqari biror narsa bormi? Agar yo‘q bo‘lsa, muntazam va sifatli dam olish uchun vaqtni kiriting. Agar siz juda band bo‘lsangiz — bo‘sh vaqt paydo bo‘lishi uchun nimani qurbon qilishingiz mumkin? Bu masalaga ijodiyroq yondashing. Ehtimol, do‘stingiz bordir, u bilan siz bir-biringizga shaxsiy ishlarni qilish imkoniyatini berish uchun bolalarga navbat bilan qarashingiz mumkindir. Yoki, dam olishni oilaviy ustuvorliklaringizdan biriga aylantirish uchun juftingiz bilan kelishib olishingiz kerak.

Qat’iy chegaralaringizni belgilab oling

Yuqori darajadagi stressli ishxonalarda ishlovchilarda ish va shaxsiy hayot o‘rtasida barqaror muvozanat bo‘lishi muhim ahamiyatga ega. Muntazam dam olish kunlari va to‘liq ta’tillar kasbiy charchoq yuzaga kelishi xavfini kamaytiradi. Ta’tilni oldindan rejalashtirish shart emas — muhimi, uning mavjudligidir.

Ish va dam olishni bir-biridan ajratishga harakat qiling. Bu oson emas, chunki biz doimo o‘zimiz bilan bitta smartfonning o‘zida butun ofisni olib yuramiz. Bolalar maydonchasida sayr paytida ish bilan bog‘liq yozishmalari qilmang. Siz bolangizni ham kuzata olmaysiz va diqqatingizni ishga ham qarata olmaysiz. Shoshilinch ravishda yozilgan biznes-maktub daromadli shartnomani imzolashga yordam berishi dargumon. Aniq chegaralar sizga yanada muvaffaqiyatli ishlash va samaraliroq dam olish imkonini beradi. Eng muhimi, uyquni yaxshilash va o‘zingizni oddiy hafta oxiri va dam olish bilan ta’minlashdir.

Boshlanishiga kechqurun va dam olish kunlari ishga doir telefon suhbatlaridan va elektron pochtani tekshirishdan voz kechishga harakat qilib ko‘ring. Shu bilan birga, ish kuni davomida chalg‘imaslikka harakat qiling. Shuningdek, muntazam ravishda boshqa odamlar bilan dam olish imkoniyatini qidiring. Siz har kuni oilangiz bilan sayrga borishingiz yoki oyiga bir marta do‘stlaringiz bilan uchrashishingiz mumkin — bu izchillik rejalaringizga sodiq qolishga va o‘zingizni unutib qo‘ymaslikka yordam beradi.

Dam olish ham bir ko‘nikma

Agar siz ko‘p mehnat qilsangiz, qisqa muddatli dam olishlardan tez natija kutmang. Esingizda bo‘lsin, dam olish — bu amaliyot bilan yaxshilanib boradigan mahoratdir. Yangi ishga ko‘nikishimiz yoki ta’tildan to‘liq zavqlanishni boshlashimiz uchun bir necha kun kerak bo‘lganidek, ongimiz dam olish kuchidan foydalanishni boshlashi uchun ham bizga vaqt kerak bo‘ladi.

Menga, masalan, kun davomida dam olishga imkon beradigan tongda erta turishning ustunliklarini his qilish yoki ish paytidagi muntazam tanaffuslarning afzalliklarini tushunish uchun bir necha hafta kerak bo‘ldi. Shuning uchun, agar siz tezkor natijalarni ko‘rmayotgan bo‘lsangiz, shoshilmang, biroz vaqt bering.

Ammo sabr-toqat bilan kutishingizga qaramay, dam olishga bo‘lgan yondashuvingiz natija beravermasa, u holda strategiyangizni o‘zgartirish haqida o‘ylashingiz kerak. Bu o‘z dam olish jarayoningizni haddan tashqari nazorat qilishingiz yoki sizni keyingi Uorren Baffetga aylantirmagan bo‘lsa, yoqimli vaqtdan voz kechishingiz kerak, degani emas. Dam olishdan kutayotgan natijalaringizga nisbatan real qarang va shuni unutmangki: siz oddiy insonsiz va har qanday dam olish nimadir olib keladi.

Ish va dam olish jadvalini hisobga oladigan kun tartibini yarating

Kundalik tartibingizni o‘zgartirish va qayta qurib chiqish ahamiyatli natijalarga olib kelishi mumkin. Biz kim bo‘lib ishlayotganimizga va introvert yoki ekstrovert, tonggi to‘rg‘ay yoki tungi boyqushlar ekanligimizga qarab, hammamiz o‘z ishimizni turlicha tashkil qilamiz. Biroq, men quyidagi ikkita maslahat deyarli hamma uchun foydali ekanligini aniqladim.

Birinchidan, ish 90−120 daqiqalik intervallardan iborat bo‘lishi va 20−30 daqiqa dam olish bilan navbat almashib turishi kerak. Nima bo‘lishidan qat’iy nazar, ko‘pchilik uzoq vaqt davomida diqqatni jamlashga qiynaladi (yodda tutingki, charchoq kuchaygan sari unumdorligingizni to‘g‘ri baholash qobiliyati pasayadi).

Ikkinchidan, ish intervallarni shunday rejalashtiringki, sizning eng muhim vazifalaringiz kuningizning eng yuqori mahsuldorlik davriga (bu «sirkadali maksimumlar» deb ataladi) to‘g‘ri kelishi kerak. Aksariyat odamlar uchun bu ertalab eng muhim vazifalarni bajarishni va tushdan keyinga uchrashuvlar hamda ko‘pincha odatiy ishlarni qoldirishni anglatadi. Qachon o‘zingizni eng baquvvat his qilayotganingizni tushunish va jadvalingizni shu asosda tuzishingiz muhimdir.

Kundalik tartibingizdan qat’i nazar, ushbu asosiy tamoyillar sizga kunni osonroq rejalashtirishga, samaraliroq ishlashga va ijod uchun eng yaxshi muhitni yaratishga yordam beradi.

Qiziqarliroq tarzda dam oling

Uinston Cherchill ham, mashg‘ulotni o‘zgartirish shunchaki «yotib, hech narsa haqida o‘ylamaslik»dan ko‘ra dam olish va ishga kuch to‘plashning ancha samarali usulidir, deya ta’kidlagan. Agar siz faol bo‘lishga odatlangan bo‘lsangiz va sekinlashishga o‘rganmagan bo‘lsangiz, bu yaxshi: faol dam olish ham passiv dam olish kabi foydali bo‘lishi mumkin.

Qanday mashg‘ulot tanlash kerak? Bu sizga bog‘liq, ammo Nobel mukofoti laureatlari, bosh direktorlar va muvaffaqiyatli tadbirkorlar yelkanli qayiqda suzish yoki cho‘qqilarga chiqish kabi hayratlanarli darajada ko‘p kuch talab qiladigan, ko‘p vaqt oladigan va hatto xavfli sevimli mashg‘ulotlarga ega. Boshqalar marafonlardan, tasviriy yoki musiqadan hordiq izlashadi. Siz o‘zingiz tanlagan mashg‘ulotdan qat’iy nazar, u qiziqarli va asosiy ishingizdan butunlay farq qilishi kerak. Masalan, Cherchill uchun tasviriy san’at dam olishning shunday shakliga aylangan: bu, uning siyosiy faoliyati kabi, qat’iy harakat, aniq tasavvur va ajoyib mahorat talab qilardi. Biroq, rasm chizish verbal emas, balki vizual faoliyat turi bo‘lganligi bilan ajralib turardi va Leyboristlar partiyasi bunga hech qanday ta’sir ko‘rsata olmasdi.

Uyquning muhimligini unutib qo‘ymang

1993 yilda shved psixologi Anders Eriksson Berlin konservatoriyasida skripkachilar bilan suhbat qurgan holda tadqiqot o‘tkazdi va uning natijalari keyinchalik Malkolm Gladuellning kitobiga «10 000 soat qoidasi» nomi sifatida kirdi. Eriksson ma’lumotlariga ko‘ra, barcha talabalar uyquni akademik samaradorlikning muhim omili sifatida baholashgan, eng zo‘r talabalar kun davomida yaxshi o‘quvchilarga qaraganda ko‘proq uxlaydi. Ko‘rinib turibdiki, ular nafaqat ko‘proq mehnat qilishgan, balki sog‘lig‘ini tiklash uchun ko‘proq uxlab olishgan. Ular tayyorgarlikni puxtaroq rejalashtirib olib, kun davomida uxlashgan. 20 daqiqalik uyqu sizga kuchli bir finjon qahvanikiga o‘xshash energiyani beradi va yangi ma’lumotlarni yaxshiroq eslab qolishga yordam beradi. Agar ishingiz kun davomida uxlashingizga imkon bermasa ham, uxlash vaqtini muntazam belgilab, unga yaxshi tayyorgarlik ko‘rish orqali uyqu jadvalingizni diqqat bilan ko‘rib chiqing. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, sog‘lom uyqu jismoniy salomatlikni, hissiy barqarorlikni yaxshilaydi va, shuningdek, demensiyaga uchrash xavfini kamaytiradi.

Boshqalarga o‘rnak bo‘ling

Ushbu maslahatlarga amal qilishni boshlaganingizda, sizni ortiqcha ish vaqtining zarurligi va ahamiyatiga, butun vaqtingizni oladigan va tinimsiz e’tiborni talab qiladigan ishlarga jalb qilmoqchi bo‘lgan rahbarlarga duch kelishingiz mumkin. Butun dunyo sizga ishning muhimligini aytganda, siz «dam olish ham muhim» deb javob berishingiz kerak.

Bunday yondashuv hamkasblar va hatto turmush o‘rtoqlar o‘rtasida tushunmovchiliklarga olib kelishi mumkin. To‘rt kunlik ish haftasiga o‘tgan kompaniyalarning hisoblashicha va men o‘zimning «Qisqacha» (2020) nomli kitobimda tushuntirganimdek, biz dam olish muammosini qanchalik tez hal qilsak, shuncha yaxshi ishlay olamiz. Bu yangi oilaviy odatlarni, do‘stlar bilan yangi marosimlarni va hamkasblar bilan yangi kundalik tartiblarni rivojlantirishni anglatadi. Misol uchun, yig‘ilishlarni faqat tushdan keyin o‘tkazish va ertalabki vaqtni eng muhim vazifalar ustida ishlashga ajratish — agar bu borada umumiy kelishuvga erisha olsangiz — ajoyib samara beradi.

O‘zgarishlar yuqoridan ham amalga oshirilishi kerak, shuning uchun men bir necha bor tashkilot rahbarlarini ish haftasini qisqartirishga chaqirganman. Bunga qaror qilgan kompaniyalar, qaysi soha bo‘lishidan qat’i nazar, qisqartirilgan ish haftasi hamma kompaniyaga o‘z hissasini qo‘shadigan va hamma uchun yaxshi natija beradigan, birovning ta’tili boshqasining hisobiga o‘tib ketmaydigan guruh loyihasiga aylandi.

Xulosalar

  1. Tarixning katta qismi davomida bo‘sh vaqt imtiyoz sifatida tan olinib kelingan. Faqat yaqin vaqtlardan boshlab mehnat va bandlik muvaffaqiyatning atributiga aylanib qoldi.
  2. Dam olish muhim. Bu sizga quvvatingizni tiklash imkonini beradi, ijodkorlikni oshiradi va samaraliroq ishlashga yordam beradi.
  3. Dam olishga jiddiy yondashing. Dam olishdan zavqlanish uchun bunga vaqt ajrating.
  4. Qat’iy chegaralarni belgilab oling. Dam olish kunlari va ish soatlaridan keyin ish elektron pochtasi va telefonni tekshirish vaqtini qisqartiring, dam olish haqida unutmang. Ish va shaxsiy vaqt o‘rtasidagi muvozanatga erishish ikkalasini ham samaraliroq qilishini tushuning.
  5. Dam olish — bu ko‘nikma. Miyaga dam olish kuchidan foydalanishni boshlash uchun vaqt kerak bo‘ladi. Bunga vaqt bering.
  6. Ish va dam olish o‘rtasida almashinadigan jadval tuzing. Agar sizda jadval juda erkin bo‘lsa, uzoq davom etadigan uzluksiz ishni rejalashtirmang. Dam olish sizga ishga qaytish uchun yordam beradi, shuning uchun dam olish va ish tez-tez almashib turishi lozim.
  7. Qiziqarli tarzda dam oling. Ko‘p sonli Nobel mukofoti laureatlari, bosh direktorlar, tadbirkorlar jiddiy sevimli mashg‘ulotlariga ega: yelkanli qayiqda suzish, cho‘qqilarga chiqish, rasm chizish. Bunday o‘yin-kulgi sizga ish bilan birga zavq olib keladi, ishdan yagona farqi — bunda stress yo‘q.
  8. Uyquga e’tiborsiz bo‘lmang. Kunduzi uxlash «batareya quvvatingizni» to‘ldirishning ajoyib usuli bo‘lsa, tungi yaxshi hordiq jismoniy salomatlik, hissiy barqarorlik olib keladi va sog‘lom qarishga yordam beradi.
  9. Boshqalarga o‘rnak bo‘ling. Qanchalik ko‘p odamlar dam olishni o‘rgansa, jamiyat uchun shunchalik yaxshi bo‘ladi. Oilalarda muhit yaxshilanadi, do‘stlar bilan yangi mashg‘ulotlar va hamkasblar bilan yangi kundalik tartib yuzaga keladi.

Yaxshi ishlasangiz yaxshiroq dam olasiz

Ish va dam olish bir xil darajada muhim, shuning uchun yaxshi dam olish yo‘lidagi qadamlardan biri samaraliroq mehnat, vaqtdan samarali foydalanishdir. Bu sizga dam olish uchun ko‘proq vaqt beradi. O‘z ish kunini rejalashtirishi mumkin bo‘lgan ofis xodimi uchun (masofadan ishlaydiganlar uchun bu yanada qulayroq) ertalab to‘g‘ri tartib o‘rnatish — dam olish uchun vaqt topishning eng yaxshi usullaridan biridir.

Men tungi boyo‘g‘liman, shuning uchun kollej va aspiranturada men ko‘pincha tushdan keyin yoki kechasi ishlardim, lekin hozir men tong otmasidan uyg‘onaman. Bu rejimda 10 yil davomida men uchta kitob yozdim, kompaniya tashkil qildim va endi kun davomida dam olish uchun yetarli vaqtim bor.

Men ikkinchi kitobim ustida ishlayotganimda zarurat tufayli erta tura boshladim. Ikki farzandim, ishim bo‘lgani uchun kechasi yoza olmas edim. Keyin men teskarisini qilishga harakat qildim: hamma uxlayotgan paytda o‘rnimdan turardim. Birinchi haftalar, ochig‘ini aytganda, qiyin bo‘ldi: to‘shak hech qachon bunchalik qulay va iliq bo‘lmagan. Biroq, men ko‘nikib qolganim sababli, bu osonlashdi va men so‘zlar soni bo‘yicha kundalik me’yorimni bajarayotganimni angladim (bu belgilangan muddatgacha yozib ulgurish g‘oyasi bilan «yonadigan» har qanday yozuvchi uchun muhim narsaga aylanadi).

Kunduzgi soatlar — bu ijodkorlikka to‘la, sehrga to‘la maxsus vaqtdir. Erta turish ongostining eshigini ochiq qoldiradi. Yarim uyquda bo‘lganimda, ba’zida o‘zim bilmagan, lekin nihoyatda aniq va ta’sirchan bo‘lib chiqadigan fikrlar bilan jumlalarni tugatayotganimni ko‘raman. Boshqalar uxlab yotganida, men uchun diqqatni jamlash osonroq. Va agar men ish uchun yotoqdan turishim kerak bo‘lsa, men undan maksimal darajada foydalanishni xohlayman.

Men usulimni takomillashtirishni boshladim. Dam olishni o‘rganish uchun juda ko‘p tajribalar o‘tkazishga to‘g‘ri keladi va men kelgusi bir necha oy ichida bir qator asosiy omillarni belgilab oldim. Agar shunga o‘xshash yondashuvni sinab ko‘rmoqchi bo‘lsangiz, men quyidagilarni taklif qilaman.

Birinchidan, kechqurunning o‘zida tayyorgarlik ko‘rib qo‘ying. Men qahva qaynatgichni sozlab qo‘yaman, kiyimlarimni taxlab qo‘yaman, karavot yoniga shippakni qo‘yaman, ish joyimni tartibga keltiraman va hatto pleylistim uchun musiqa tanlayman. Bularning barchasini faqat kompyuter oldiga kelganimdagina boshimni ishlatishga to‘g‘ri kelishi uchun qilaman. Qanchalik puxta tayyorgarlik ko‘rsam, kechasi qancha ko‘p qarorlar qabul qilsam, ishga shunchalik tez kirishaman. Bu mening yana yotoqqa qaytish ehtimolimni kamaytiradi.

Ikkinchidan, keyingi kun uchun ishlaringizni rejalashtiring. Kechasi yotishdan oldin men kompyuterda ertalabki dastlabki uchta vazifa yozib qoldirilgan eslatma qoldiraman. Shunday qilib, men nima ustida ishlashni tanlashga urinib, azoblanmayman, balki o‘zim uchun qoldirgan ko‘rsatmalarga amal qilaman. Kitob yozayotganimda men buni bob, bo‘lim yoki xatto paragrafni yakunlab tugatmayman. Buning o‘rniga men gap o‘rtasida to‘xtayman. Bu g‘alati tuyulishi mumkin, ammo ertasi kuni ertalab ishni shu joyidan davom ettirish osonroq.

Biz uxlayotganimizda miya muammolarni hal qilish ustida ishlashda davom etishi haqida dalillar mavjud. Bir iborani tugallanmagan holda qoldirib, siz yangi g‘oyalar bilan uyg‘onish ehtimolini oshirasiz. Ingliz komediyachisi Jon Kliz talabalik chog‘ida bu usuldan qanday foydalanganini eslaydi. «Ertasi kuni ertalab o‘nta holatdan to‘qqiztasida men hazilni qanday tugatishimni bilardim. Nega bunchalik oson ekanligini ham tushunolmasdim», -deydi u.

Nihoyat, ehtimol, eng muhimi, tongdan oldingi ish dam olish uchun ko‘proq vaqt qoldiradi. Men ertalab soat 5 da boshqalardan yaxshiroq bo‘lish uchun emas, balki ish kunimning eng og‘ir qismi nonushtagacha tugashi uchun uyg‘onaman. Kun davomida men itlar bilan sayr qilishim, mashq qilishim yoki uxlashim mumkin. Qattiq mehnat va dam olishni bir-biri bilan navbatma-navbat amalga oshirish faqat eng asosiy ishni birinchi bo‘lib hal qilsangizgina o‘z samarasini beradi. Kliz yozganidek, uning ertalabki xayollari «oldingi ish kuniga bog‘liq edi … Men shunchaki kechki ovqatni tanovul qilib, uxlab, keyin ma’lum bir g‘oya bilan uyg‘ona olmasdim. Men bu haqida uzoq vaqt o‘ylashimga to‘g‘ri kelar edi».

Mening ertalabki tartibim barqarorlashgan bo‘lsa-da, bu bilan tajriba qilishdan to‘xtab qolmadim. Ertami-kechmi, tizim o‘z samaradorligini yo‘qotishi mumkin, chunki miya o‘zgarishlarga moslashadi. Xronotiplar, to‘rg‘ay yoki boyo‘g‘li ekanligingiz yoshga qarab o‘zgarishi va ishingizga bog‘liq bo‘lishi mumkin. Ammo shunday bo‘lgan taqdirda ham, men shunday tizim yaratganim, menda yangisini yaratish imkoniyati borligini anglatadi. Biz g‘oyalarni ular nafaqat hozirgi vaqtda bizga yordam berishi uchun, balki kelajakda bundan-da yaxshiroq g‘oya yoki narsa yaratishimiz uchun ham o‘ylab topamiz.

Bu orada men qahva qaynatgichni sozlayman, ertalabki kiyimlarimni tayyorlayman va o‘zimga ishlar ro‘yxati yozilgan eslatmani qoldiraman. Men o‘zim yaratgan tizim tufayli paydo bo‘ladigan dam olish vaqtini kutaman.

Kommentlar: 21 komment. 21 ta kommentdan so'nggi 10 tasini ko'ryapsiz
  1. Tohir

    Odam dam omasa, yonib ketadi iwda

  2. Тимур

    Дам олишниям билиш кере, оддий нарсамас

  3. Oybek

    Kim qanday dam olishni yoqtiradi?

  4. Umar

    Keyingi dunyoda dam olamiz, hozir iwlaw kere

  5. Aziza

    Uyin uynawni yoqtiraman

  6. Otabek

    Futbol kuraman, dam olaman yaxwigina

  7. Shoira

    Kitob uqiman

  8. Zafar

    Qanday vaqt utkazmela, baribir haqiqiy dam uxlavotganda buladi

  9. Nusriddin

    Nimaga? Bowqa narsala qilibam dam osa buladi

  10. Jurabek

    good good good

  11. Kozim

    Rahmat, dam olishni unutib quyaman

  12. Farangiz

    Men uyimni ishlarini qilganimda, dam olaman. Yuragim quvonadi

  13. Yashnar

    smile

  14. Farruh

    Dam olish uchun meditatsiya qiliw kerak

  15. Umarbek

    good smile rahmat

  16. Chaman

    Yaxwi dam oliw u4un, mazza qilib uxlaw kere

  17. Gulli

    Assalom alaykum yaxshi dam olish uchun aylanish kerak agar yoqmasa uydà uxlash yoki telivizor korishi yoki oziga yoqan mashgulot bilan shugulanishi mumkin yoki kitob oqishi mumkin

  18. Dilshoda

    Yaxwi dam oliwim u4un kuproq uxlawim kere

  19. Gulli

    Assalom alaykum unda yaxshi dam oling maroqli uyqu tilayman

  20. Elbek

    Uxlab hayotni utkazvormela rofl

  21. Gulli

    Muhim gʻaflata qolmaslik uxlab qolish emas

Komment qoldirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Nima qidiramiz? Masalan,Inson

Social