Hammasi qanday boshlangan
XIX asrning ikkinchi yarmida AQShda patentlangan dorilar juda mashhur edi. Dorixonalarda retseptsiz sotiladigan turli toniklar va dori vositalari odamlarni charchoqdan xalos qilishi, organizmni mustahkamlashi va deyarli barcha kasalliklarni davolashi aytilardi. Ishlab chiqaruvchilar buni tarkibidagi o‘simlik ekstraktlari va ularning shifobaxsh xususiyatlari bilan izohlashardi.
Bu turdagi eng mashhur mahsulotlardan biri 1863-yilda fransuz tadbirkori va kimyogari Anjelo Mariani tomonidan yaratilgan Vin Mariani ichimligi edi. U koka bargi ekstrakti qo‘shilgan vino bo‘lib, bezgak, isitma, asab kasalliklari va sil kabi ko‘plab xastaliklarga qarshi vosita sifatida reklama qilingan. O‘sha davrda koka ekstrakti qat’iy nazorat qilinmagan va tibbiyotda erkin qo‘llanilgan.
Vin Mariani kuchli tetiklashtiruvchi ta’siri tufayli juda ommalashdi.
Bunday tonik ichimliklarga qiziqqan insonlardan biri Jon Stit Pemberton edi. U 1831-yilda Jorjiya shtatida tug‘ilgan va mahalliy tibbiyot kollejida tahsil olgan. Atigi 19 yoshida shifokorlik litsenziyasini olib, farmatsevtika biznesi bilan shug‘ullana boshladi.
1850-yillarda u Kolumbus shahrida dorilar uchun xomashyo sotadigan ulgurji va chakana korxona ochdi. Bu mahsulotlar AQSh janubidagi dorixonalar va yarmarkalarda sotilar edi. 1860-yilga kelib esa o‘zining ishlab chiqarish laboratoriyalarini tashkil qildi.
Fuqarolar urushi davrida Jon Konfederatsiya armiyasida xizmat qilib, podpolkovnik unvonigacha ko‘tarildi. 1865-yilda Kolumbus jangida og‘ir yaralandi. O‘sha paytda og‘riqni kamaytirish uchun morfindan keng foydalanilgan. Ayrim tarixchilarning fikricha, aynan morfinga qaramlik ehtimoli Pembertonni koka asosidagi preparatlar ustida tajribalar o‘tkazishga undagan. Chunki o‘sha yillarda koka bunday qaramlikni davolashning istiqbolli vositasi deb hisoblangan.
Urushdan keyin Pemberton biznesini yanada rivojlantirdi. U shifokor Ostin Uoker bilan hamkorlik qilib, laboratoriyasini kengaytirdi. 1869-yilda yirik investorlar bilan birgalikda Pemberton, Wilson, Taylor and Company kompaniyasini tuzdi. 1870-yilda esa Atlantaga ko‘chib o‘tib, shaharning taniqli farmatsevtlaridan biriga aylandi.
1885-yilda u Pemberton’s French Wine Coca ichimligini taqdim etdi. U Vin Mariani’dan ilhomlangan bo‘lib, tarkibida vino va koka ekstraktidan tashqari kofein manbai bo‘lgan kola yong‘og‘i hamda afrodiziak deb hisoblangan damiana barglari ham mavjud edi.
Pemberton ichimlikni nafaqat morfinga qaramlikdan qutulishga yordam beruvchi vosita, balki asab tizimini mustahkamlovchi, aqliy faoliyatni yaxshilovchi va bosh og‘rig‘ini kamaytiruvchi mahsulot sifatida reklama qildi. Hatto Rim Papasi Lev XIII ham bu ichimlikni ma’qullab, o‘z tasviridan reklamada foydalanishga ruxsat bergan.
Coca-Cola qanday paydo bo‘ldi
1885-yilda Atlanta joylashgan Fulton okrugi aholisi “quruq qonun”ni qabul qilish uchun ovoz berdi. 1886-yil yozida spirtli ichimliklarni ishlab chiqarishga cheklovlar kuchga kirdi. Bu esa Pemberton uchun katta muammo edi, chunki uning French Wine Coca ichimligining asosini vino tashkil qilardi.
Mahsulotni bozorda saqlab qolish uchun u alkogolsiz yangi retsept yaratishga qaror qildi.
Pemberton vinoni shakar siropiga almashtirdi va haddan tashqari shirinlikni kamaytirish uchun limon kislotasini qo‘shdi.
Barcha tajribalar uyidagi maxsus jihozlangan laboratoriyada o‘tkazildi. U siroplarni aralashtirish va filtrlash uchun maxsus uskuna ham yaratdi. Tayyor namunalarni esa mahalliy dorixonalarga sinov uchun yuborardi. Uning jiyanlari xaridorlarning fikrlarini yig‘ib, natijalarni yetkazib turishardi.
1886-yil bahoriga kelib yangi formula tayyor bo‘ldi. Pemberton uni spirtli ichimliklardan voz kechmoqchi yoki ularni kamroq iste’mol qilmoqchi bo‘lgan insonlar uchun foydali ichimlik sifatida reklama qila boshladi.
1886-yil 8-may kuni ichimlik Atlanta shahridagi Jacob’s Pharmacy dorixonasida ilk bor sotuvga chiqdi. Sirop xaridor oldida gazlangan suv bilan aralashtirilardi va bir porsiyasi atigi 5 sent turardi.
Mahsulotni ishlab chiqarish uchun Pemberton Pemberton Chemical Company kompaniyasini tashkil etdi va ishlab chiqarishga o‘g‘li Charlzni mas’ul qilib tayinladi.
Brend qanday mashhur bo‘ldi
Bu yerda Pembertonning buxgalteri va biznes hamkori Frank Robinson muhim rol o‘ynadi.
Aynan u ichimlikka Coca-Cola nomini berdi. Nom ikki asosiy tarkibiy qism — coca va cola so‘zlaridan tuzilgan edi. Shuningdek, u bugungi mashhur logotipning ilk variantini ham yaratdi.
Dastlabki savdolar unchalik muvaffaqiyatli bo‘lmadi. Birinchi yil Coca-Cola atigi 50 dollar daromad keltirdi, ishlab chiqarish xarajatlari esa taxminan 70 dollarni tashkil etdi.
Ammo Robinson muvaffaqiyatning siri reklamada ekaniga ishondi. Uning tashabbusi bilan Atlantada bepul ichimlik kuponlari tarqatildi, ko‘chalar reklama bannerlari va peshlavhalar bilan to‘ldirildi. Asta-sekin ichimlik tobora ko‘proq xaridorlarni jalb qila boshladi.
Afsuski, Pemberton o‘z ixtirosining ulkan muvaffaqiyatini ko‘ra olmadi.
Savdolar sust bo‘lgani sababli u moliyaviy qiyinchiliklarga duch keldi. Shu bilan birga oshqozon saratoniga chalindi. Oxir-oqibat kompaniyadagi ulushining uchdan ikki qismini turli investorlar, jumladan Asa Griggs Candlerga sotdi. Qolgan uchdan bir qismini esa o‘g‘li uchun saqlab qoldi.
1888-yil 16-avgustda Jon Pemberton vafot etdi.
Uning o‘limidan keyin kompaniya ustidan nazorat uchun kurash boshlandi. Ulushlar va huquqlar bir nechta egalar qo‘lida bo‘lgani sababli vaziyat ancha murakkablashdi.
Asa Griggs Candler asta-sekin boshqa aksiyadorlarning ulushlarini sotib olib, 1890-yillar boshiga kelib kompaniya ustidan to‘liq nazoratni qo‘lga oldi.
1892-yilda u The Coca-Cola Company kompaniyasini rasman ro‘yxatdan o‘tkazdi. Keng ko‘lamli reklama kampaniyalari va savdo tarmog‘ining kengayishi tufayli Coca-Cola mahalliy ichimlikdan butun Amerika bo‘ylab mashhur brendga aylandi.
1898–1899-yillarda Coca-Cola ommaviy ravishda shishalarga quyila boshlandi. Shu tariqa u Atlantadan tashqarida ham faol sotila boshladi.
1903-yilda retsept tarkibidan koka ekstrakti olib tashlandi.
1930-yillarga kelib esa Coca-Cola Amerika madaniyati va turmush tarzining ajralmas qismiga aylandi.
Xulosa
Demak, Coca-Cola’ning yaratilishi va dunyoga mashhur brendga aylanishida bir nechta insonning hissasi bor.
- Jon Pemberton — ichimlik retseptini yaratdi.
- Frank Robinson — Coca-Cola nomini va ilk logotipini o‘ylab topdi.
- Asa Griggs Candler — kompaniyani rivojlantirib, kichik dorixona mahsulotini dunyoga mashhur global brendga aylantirdi.



E gapla qiziq ekan, bilmagan narsam ko’p ekan
Coca-Cola tarixini bunaqa boshlanganini umuman bilmabman
Pembertonni o’zi bunaqa mashhur bo’lishini bilganmikan
Respect, maqola zo’r chiqibdi. Har kuni ichamiz-u tarixi bunaqa ekanini endi bildim
Fazo oxirgi payt zo’r mavzular tashlayapti gap yo’q
Voyy men umuman bunaqa tarixini bilmasdim
Dori sifatida chiqqani shok qildi Qiziq o’qildi rahmat
Endi Coca-Cola ichsam boshqa ko’z bn qarayman
Tarixiy maqolalar ko’proq chiqaring pls ❤️Juda chiroyli yozilibdi
Baribir zararli ichimlikku
Tarixi zo’r bo’lishi mumkin lekin foydasi yo’q. Marketing bn dunyoni egallagan aslida
Odamlar reklama qurboni bo’lgan
Men umuman ichmayman. Lekin maqola yaxshi tayyorlanibdi respect
Aka Coca-Cola tarixidan kino olsa bo’larkan
Shu Robinson nom topganiyam daxshat
Bir odam ixtiro qiladi boshqasi milliarder bo’ladi Hayot qiziq narsa ekan
Bunaqa faktlarni yaxshi ko’raman. Davomini ham kutamiz
Men faqat ichishni bilardim tarixi bunaqa ekanligini bilmas ekanman
Juda foydali maqola bo’libdi. O’qishga arziydi ❤️
Ota-onamga ham yubordim. Yana shunaqa tarixiy maqolalar bo’lsin. Rahmat Fazo jamoasi
Aslida eng katta ishni marketing qilgan ekan
Mahsulotdan ko’ra reklama kuchliroq bo’lgan
Brand qurish darsi desa ham bo’ladi
Startup qilayotganlarga foydali maqola
Respect yozgan odamga
Shu sabab Coca-Cola hali ham №1
Men Pepsi ichaman baribir Coca-Cola fanatlari xafa bo’masin
Tarixi zo’r ekan tan olaman. Lekin ta’mi menga yoqmaydi
Pepsi vs Coca-Cola urushi boshlanmasin endi
Qiziq maqola bo’ldi
Hammamiz ichamiz-u kim yaratganini bilmas ekanmiz
Bunaqa kontent uchun respect Oqib vaqtim bekorga ketmadi
Tarixni bilish ham kerak ekan
Keyingi safar McDonald’s yoki Pepsi tarixi haqida ham yozing
Fazo borgan sari sifatli kontent chiqaryapti
Raxmat