Esse qanday yoziladi?

Esse qanday yoziladi?

So‘nggi paytlarda esse atamasi faol iste’molga kirdi. Endi uni yozuvchi yoki publitsistlar emas, o‘qituvchilar va o‘quvchilar ham tez-tez qo‘llay boshladi. Bu G‘arb ta’limiga xos bo‘lgan esse yozish an’anasining kirib kelgani va ommalashgani bilan bog‘liq. Rivojlangan mamlakatlar oliy o‘quv yurtlarida o‘qishga kirish uchun yoki IELTS kabi til bilish salohiyatini baholovchi imtihonlarda esse yozish topshiriqlari beriladi. Bu shakldagi sinov mashqlari O‘zbekistonda ham ommalashyapti. Masalan, milliy sertifikat olish istagida bo‘lgan o‘qituvchilardan esse yozish so‘ralyapti. “Daryo” kolumnisti Orif Tolib bugun ushbu yozma ish turining xususiyatlari, uni yozishda nimalarga e’tibor berish zarurligi haqida so‘z yuritadi.

Esse – erkin asar

Esse – erkin kompozitsiyali nasriy adabiy janr. U adabiy, falsafiy, ijtimoiy, publitsistik va boshqa mavzularda yoziladi, muammolar tizimli, ilmiy tarzda emas, balki erkin shaklda talqin qilinadi. O‘zbek adabiyotida esse janrida samarali ijod qilgan adiblardan biri Shukur Xolmirzayev bu janrni “yozuvchiga behad keng erkinliklar beradi” deya maqtaydi.

O‘qituvchi va o‘quvchilardan talab qilinadigan esselar adabiyotdagi essedan farq qiladi. Biroq ularning umumiy jihatlari ham bor. Har ikkisida ham muallifning fikri, munosabati, qarashlari, taassurotlari yetakchi xususiyatdir.

Xo‘sh, u biz o‘rgangan inshodan nimasi bilan farq qiladi? Inshoda so‘z boyligi, badiiy til vositalaridan keng foydalanish muhim sanaladi. Ta’lim esselarida esa ko‘pincha biror muammoli mavzuga munosabat bildirish, unga yechimlar taklif qilish so‘raladi. Bunda o‘quvchi fakt va ma’lumotlardan, iqtiboslardan ham o‘rinli foydalanishi, hayotiy misollar keltirishi zarur. Esse inshoga nisbatan hajman kichik. Unga reja tuzish ham talab etilmaydi. Inshodan o‘quvchining fikrini yozma shaklda va badiiy tarzda ifodalash qobiliyatini oshirish ko‘zda tutilsa, esse fikrlash, fikrni dalillash va munosabatni bayon eta olishni shakllantirishga xizmat qiladi.

Esse yozish jarayoni

Essening turiga qarab unga sarflanadigan vaqt ham turlicha bo‘ladi. Essening mulohazali, tavsiflovchi, umumlashtiruvchi, dalilli kabi turlari bor. Masalan, mulohazali yoki tavsiflovchi esseda vaqtni asosan yozishga sarflasangiz, dalilli esseda fakt va ma’lumotlarni izlash, qayta ishlashga ham yetarlicha vaqt ajratishingiz kerak.

O‘quvchi, talaba, ishga kiruvchi nomzod, o‘qituvchi yoki boshqa mutaxassislarga mo‘ljallanganiga qarab essening hajmi farq qiladi. Maktab o‘quvchilari odatda 200–300 so‘zli esse yozadi.

Har qanday esseni yozish uchun ma’lum bir bilim, ko‘nikma va hayotiy tajribaga ega bo‘lish zarur. Aks holda, yozganlaringiz bo‘sh chiqadi.

Esse yozish jarayoni ko‘pincha quyidagicha kechadi: muammo yoki mavzuni aniqlash – mavzu haqida fikrlash – rejalashtirish – yozish – tekshirish – tuzatishlar va to‘ldirishlar kiritish.

Mavzuni qanday yoritishingizga qarab reja tuzasiz. Mavzuning mohiyati nimada, uni nimalar orqali ochib berish va asoslantirish mumkin, qanaqa dalillar va faktlardan foydalaniladi, oxirida qanday xulosaga kelinadi? Rejani o‘zingiz uchun belgilab olasiz, u inshodagi kabi matn boshida keltirilmaydi. Lekin nima deyishingiz, nimalarga urg‘u qaratishingiz, xulosangiz oldindan aniq bo‘lishi kerak.

Esse qismlari

Esse boshqa ijodiy ishlar kabi kirish, asosiy qism va xulosadan iborat bo‘ladi. Kirish qismida essening mavzusi, u haqida tushuncha berib o‘tiladi. Uni ortiqcha cho‘zib yubormaslik kerak. U umumiy matnning 10–20 foizini tashkil etadi. Kirish o‘quvchini qiziqtira olishiga e’tibor qarating. Chunki matnni to‘liq o‘qish yo o‘qimaslik qarori ko‘pincha kirishdayoq hal bo‘ladi. Birinchi jumla ohanraboday bo‘lishiga erishish juda muhim. U e’tibor tortuvchi savol, qiziqarli fakt yoki mavzuning dolzarbligini aniq-ravshan ko‘rsatadigan fikr bo‘lishi mumkin.

O‘quvchi mavzuni tushunishi, sizning dalil va fikrlaringiz nimaga qaratilganini anglashi uchun qisqacha ma’lumot berishingiz, atamalarni izohlashingiz mumkin. Biroq bunga ko‘p kirishib ketmang. Ular haqida asosiy qismda batafsilroq yozish imkoningiz bor.

Keyin tezis, ya’ni asosiy g‘oya, nuqtayi nazar keltiriladi va unga ta’rif beriladi. Tezis – siz ilgari suradigan qarash yoki argument. Yozganlaringiz unga yo‘naltiruvchi bo‘ladi. Zarur bo‘lsa, mavzuga doir turli qarashlarni, jumladan, bir-biriga zid qarashlarni ham sanab o‘tish mumkin. Hajm masalasiga e’tibor bering. Tezis uzog‘i ikki-uch jumla bo‘lsin. Maqsad – o‘quvchining diqqatini mavzuga qaratish va sizning mavzu bo‘yicha pozitsiyangizni bildirib qo‘yish.

Asosiy qismda tezisni qo‘llab-quvvatlaydigan, siz ilgari surayotgan g‘oya yoki fikrni dalillaydigan fakt va ma’lumotlarni keltirasiz, tahlil qilasiz. Uning hajmi essening turi, mavzuning ko‘lamiga bog‘liq. Odatda asosiy qism essening 60–70 foizini tashkil etadi. Masalan, o‘quvchilar yozadigan 300 so‘zli essening 180–210 so‘zi asosiy qismga ajratilishi mumkin.

Xulosa – essening yakunlovchi qismi. U odatda butun matnning 10–15 foizini tashkil etadi. Xulosada tezisga, ya’ni bosh g‘oyaga qaytiladi. Asosiy fikrlar o‘zaro bog‘lanib, sizning fikr va qarashlaringiz, dalillaringiz nima uchun ahamiyatli ekani ta’kidlanadi. Uni o‘quvchida chuqur taassurot qoldiradigan fikr, ta’sirli gap bilan tugatish zarur.

Matn sifatini oshirish uchun tavsiyalar

Esse yozishdan oldin mavzuni kengroq o‘rganing. Tushunmagan narsalaringizga aniqlik kiriting. Detallar, atamalar, fakt va raqamlarni tekshiring.

Muammoning mohiyatini qisqacha bayon qiling, fakt va dalillar keltiring. Olimlar, mutafakkirlar va soha mutaxassislarining fikrlaridan iqtiboslar qo‘shish mumkin. Iqtiboslarning aniqligiga diqqat qarating.

Ortiqcha kirish so‘zlar, yuk tashimaydigan ifodalardan voz keching. Bunday ifodalar har qanday matnda, jumladan, esseda ham foydasiz. Masalan, “shuningdek”, “shu bilan birga”, “shuni alohida ta’kidlash lozimki”, “aytib o‘tish joizki”, “hammamizga ma’lumki”, “olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida”, “keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda” kabi so‘z va iboralar aksariyat o‘rinlarda hech qanday foydali ish bajarmaydi.

Sodda va qo‘shma gaplardan aralash foydalaning. Jumlalar bo‘ldi-bo‘ldi, qildi-qildi, edi-edi kabi bir xil shakldagi fe’llar bilan tugayvermasin. Orada ot-kesimli gaplar ishlating. So‘z takroridan qoching.

Uslub va individuallik masalasi ham muhim. Samimiy va ochiq fikrli bo‘ling. O‘quvchi siz bilan birga fikrlasin, sizni o‘ziga yaqin ko‘rsin. Yasama ifodalar, kitobiylik, o‘zingizni bilimdon ko‘rsatishga urinish esseni zerikarli va o‘qishga yaroqsiz qilib qo‘yadi.

Shunchaki matn yasashga urinmang. Aytadigan aniq gapingiz bo‘lmasa, so‘z bo‘tqasi hosil bo‘lib qolishi ehtimoli katta. Misollaringiz ham aniq bo‘lsin. Umumiy, taxminiy gaplar fikrga kuch bermaydi.

Yozgan essengizni ovoz chiqarib o‘qib ko‘ring. Shunda uning kamchiliklarini, ifodadagi g‘alizliklarini aniqlash osonlashadi.

Imkoni bo‘lsa, bir muddatdan so‘ng esseni qayta ko‘rib chiqing. Agar esseni imtihonda birdaniga yozmayotgan bo‘lsangiz, ikki-uch kundan so‘ng uni “tozargan” miya, yangilangan qarash bilan o‘qing. Oldin ko‘rmagan xato va nuqsonlarni albatta topasiz.

Agar essening hajmi katta bo‘lsa, uni qismlarga bo‘ling va ichki sarlavhalar qo‘ying. Yaxlit, katta bir materialni o‘qigandan ko‘ra kichik qismlardan tashkil topgan materialni o‘qish-tushunish osonroq. O‘quvchi ichki sarlavhalarga ko‘z yugurtirgandayoq essening yo‘nalishi, mazmun-mohiyati haqida dastlabki xulosaga keladi. Agar uni shu bosqichda qiziqtira olsangiz, material katta bo‘lsa ham, o‘qib chiqadi.

Xatboshilarga bo‘lish orqali matnga havo bering. Har bir abzasda biror asosiy fikr yoki qarash ifodalanishi zarur.

Qisqa, lo‘nda va aniq yozishga intiling.

Esse yozishdagi xatolar

Ortiqcha jimjimadorlik. Ko‘p kitob o‘qiganingizni yoki so‘z boyligingizni atay ko‘rsatishga urinmang. Insholarda kuzatiladigan badiiy bo‘yoqdorlik, balandparvozlikni esse ko‘tarmaydi. Deylik, onalarning bolalar salomatligida tutgan o‘rni haqida yozyapsiz. “O, ona, sen naqadar buyuk zotsan! Sening mehring oldida daryolar ham kichik bir ariqqa aylanib qoladi. Sening qaynoq qalbing butun bir olamni isitishga yetadi. Sen oq suting, ulkan mehr-u g‘amxo‘rliging bilan bolaga shunchaki mehr emas, salomatlik ham tuhfa etasan” singari hayajon to‘la gaplar mutlaqo ortiqcha. Buning o‘rniga bolalarni asosan onalar parvarishlashi, ularning sog‘lig‘i ko‘p jihatdan onalarga bog‘liqligini misollar, faktlar bilan dalillang. Yoki hayotiy misol keltirishingiz ham mumkin: “Sakkiz yoshimda qattiq shamollab qoldim. Onam kechasi bilan boshimda mijja qoqmay chiqdi. Tongda esa meni opichlab yo‘lga tushdi. Dala yo‘ldan qo‘shni qishloqdagi doktornikiga bordik. U yozib bergan dorilarni ichib, bir kunda tuzaldim. Balki, bu voqea onamning yodidan ko‘tarilgandir. Lekin mening esimda. Hozir ham biror joyim og‘rib qolsa, farzandini opichlagancha dala yo‘lda harsillab yo‘l bosayotgan onam ko‘z oldimga keladi”.

Mavzuni yaxshi bilmaslik va hayotiy misollar keltirmaslik. O‘zi yaxshi bilmagan odam boshqalarga nimani tushuntirishi, anglata olishi mumkin? Hayotiy misollar har doim ham o‘rinli bo‘lmasligi mumkin. Lekin ko‘p hollarda o‘rinli bo‘ladi. U essening jozibadorligini, ishonchliligini oshiradi. Muallifni o‘quvchiga yaqinlashtiradi.

Fakt va ma’lumotlardagi xatolik. Tekshirilmagan yoki ishonchsiz manbalardan olingan faktlardan foydalanish so‘zingizning qadrini tushiradi.

Dalillashdagi xatolik. Fikrga aloqasiz yoki uni quvvatlantirmaydigan dalillar keltirmaslik kerak. Dalillar o‘rniga ritorika yoki quruq tasdiqdan foydalanish ham koni zarar. Faqat boshqalarning fikrini keltirish, o‘z munosabati va pozitsiyasini ifodalamaslik esa esseni uning bosh xususiyati – shaxsiy munosabat, qarashni ifodalashdan mosuvo etadi.

Qaytariqlar. So‘z, jumla va fikrlarni qaytarish, aytib bo‘lingan fikrni keyinroq boshqa shaklda ifodalash holatlari muallifning malakasi yuqori emasligini ko‘rsatadi.

Mantiqiy ketma-ketlikning yo‘qligi. Jumla va fikrlar bir-biriga bog‘lanishi kerak. Tomdan tarasha tushganday boshqa gapga o‘tib ketish essening yaxlitligiga darz yetkazadi.

Mavzudan chetga chiqish. Mavzuga bevosita aloqador bo‘lmagan masalalarga o‘tib ketish, “o‘tlash” essening hajmini o‘rinsiz oshiradi, o‘quvchining vaqtini o‘g‘irlaydi.

Xulosalashdagi xatolar. Xulosa bermaslik, matnda oldin aytib o‘tilgan fikrlarni shunchaki qaytarish essening muhim va yakunlovchi qismi nuqsonli chiqib qolishiga olib keladi.

Formatlashdagi xatolar. Agar esseni kompyuterda yozadigan bo‘lsangiz, qo‘llanayotgan shriftlar va harflarning shakliga diqqatli bo‘ling. Qalinqiyatagiga chizilgan shakldan me’yoridan ortiq foydalanish, shriftlar xilma-xilligi, shrift qo‘llashdagi prinsipsizlik essening tashqi ko‘rinishiga putur yetkazadi. Agar turfa xil shrift ishlatmoqchi bo‘lsangiz, uchtadan ortiq shriftdan foydalanmang. Sarlavha, ichki sarlavha va asosiy matn uchun alohida shrift qo‘llash mumkin. Shriftlar boshqa kompyuterlarda bo‘lishi ehtimolini ham hisobga oling. Nostandart shriftdan foydalansangiz, u boshqa kompyuterda bo‘lmasligi, natijada turli muammolar kelib chiqishi mumkin.

Eng yomoni – ko‘chirmakashlik. Plagiat boshqalarning esselari, maqolalari, asarlari yoki ularning parchalaridan manba ko‘rsatmay foydalanish. Bu sizning obro‘-e’tiboringizni keskin tushiradi. Essega qo‘yiladigan baho ham eng quyiga sho‘ng‘iydi. Boshqalarning fikrlari, ijodiy ishlarini o‘qib-o‘rganish, ulardan bemalol foydalanish mumkin. Ammo manba ko‘rsatishni unutmaslik kerak. Boshqa kimdir aytgan fikrni siz ham aytishingiz ko‘chirmakashlik bo‘lmaydi. Plagiat – aynan ifodalash, birovning mehnatini o‘zlashtirib olish. Aynan ifodalamayapman-ku deb uch-to‘rtta so‘zini o‘zgartirib qo‘yish ham o‘zini oqlamaydi. Bunday matn mohiyatan plagiat bo‘lib qolaveradi.

Qanday mashq qilish kerak?

Bilim, tajriba, so‘z boyligi, ifoda qobiliyati juda muhim. Demak, ana shu jihatlarni yaxshilashga intilish zarur.

Boshqa esse va maqolalarni, kitoblarni o‘qing. Ulardan o‘zingizga ma’qul, sizni ta’sirlantirgan, hayajonlantirgan o‘rinlarni alohida daftarga ko‘chirib yozing. Bu matnni o‘zlashtirishingizni osonlashtiradi. Biroq sifatli asarlarnigina mutolaa qilish zarur. O‘rtamiyona bitiklar ta’sirini sizga albatta o‘tkazadi va siz ham shunday yoza boshlaysiz. So‘ng bu darajani eng yaxshisi deb hisoblash ehtimolingiz ortadi.

Mavzuyingizga aloqador manbalarni ko‘rib chiqing. Biroq esseni fakt va ma’lumotlar guldastasiga aylantirmang. Ortiqcha ma’lumot esseni zerikarli qilib qo‘yishi mumkin.

Fakt va raqamlar aniqligiga e’tibor bering. “Olimlarning fikricha”, “o‘tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra” kabi iboralarni aniqroq shaklda bering. Masalan, “Illinoys universiteti olimlari 2020-yili o‘tkazgan tadqiqot natijalariga ko‘ra”, “YUNISEFning 2017-yilgi hisobotida aytilishicha” kabi jumlalar fakt va dalillarni osmondan olmaganingizni ko‘rsatadi. Bunda iqtibos mavjudligi ham muhim. Ko‘rsatgan manbangizda siz aytgan ma’lumot bo‘lmasa, essening qadr-qimmati albatta tushadi.

Ko‘p yozing. Imkoni bo‘lsa, har kuni biror mavzuda esse yozib ko‘ring. Sifati, darajasi turlicha bo‘lishi mumkin. Kundan kunga yaxshiroq yozishga harakat qilavering. Mabodo ko‘nglingizdagiday chiqmasa ham, xafa bo‘lmang. Duch kelgan qiyinchiliklaringizni yengib o‘tish yo‘llarini qidiring. Agar har kuni yoki kunora esse yozish meʼdangizga tegsa, oraliqni uzaytiring. Esse yozish mashqini malaka hosil qilguncha davom ettirish mumkin.

Kommentlar: 19 komment. 19 ta kommentdan so'nggi 10 tasini ko'ryapsiz
  1. Тимур

    Укишда куплага ердам булади

  2. Diyora

    Rahmat

  3. Aziza

    Juda qizu buldi

  4. Elbek

    good

  5. Shaxnoza

    Inshomi? Nimaga esse??

  6. Aziza

    Ingliz4asiga laugh

  7. Shaxnoza

    Hammayoga ingliz tilini tiqishuradi endi

  8. Bobur

    good good good

  9. Qodir

    Rahmat

  10. Shoira qiz

    Fazotvdan zo’r maqola!

  11. Nodir

    Foydali bolipti, rahmat

  12. Botirbek

    Esse yozishim kerak, yordam beringlar

  13. Dilrabo

    ok

  14. Charos

    Rahmat fazotv

  15. Nosir

    Vawe kere maqola bupti, raxmat

  16. Lobarxon

    good

  17. Azam

    Esse yozishga yordam berila iltimos

  18. islomjon

    raxmat kerakli malumotlar bubdi

  19. uda ham kerakli maqola bulibdi!!!

    yes

Komment qoldirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Nima qidiramiz? Masalan,Inson

Social