Virusga moslashayotgan dunyo: pandemiya davrida qilingan ixtirolar

Virusga moslashayotgan dunyo: pandemiya davrida qilingan ixtirolar

Tarix guvoh: insoniyat mushkul vaziyatga tushib qolganda muammoga muqobil yechimlar izlay boshlaydi, natijada yangi ixtirolar dunyoga keladi. Koronavirus pandemiyasi ham innovatsion texnologiyalar uchun yangi davrni boshlab berdi.

Virusli dunyoda xavfsiz va qulay yashash uchun turli vositalar ishlab chiqilmoqda.

Niqoblar noqulaylik tug‘dirmasligi uchun vosita

Soatlab tibbiy niqobda yurish tibbiyot xodimlari uchun noqulayliklar tug‘dirishi, xususan, quloq terisining qiyilishiga sabab bo‘lishi tabiiy. Kanadalik skaut Kuinn Roni bu noqulaylikning soddagina yechimini topdi. Niqob tutqichlarini quloqda emas, boshning orqa qismida tutib turuvchi sodda moslamani 3D printerda ishlab chiqdi va o‘z shaharchasidagi shifoxonalarga bepul tarqatdi.

Kuinning oilasi moslama modelini internetga joylashtirgan, ko‘ngillilar uni 3D printerda chiqarib, tibbiyot xodimlariga yordam berishi mumkin.

Virusdan himoyalovchi niqob

Britaniyalik bioximik olimlar virusdan himoya qoplamasiga ega niqoblar ustida 10 yil davomida ish olib borishgan. Koronavirus pandemiyasi esa bu jarayonni tezlashtirdi.

Virustatic Shield niqoblari boshqa niqoblaridan farqli ravishda mikrob va infeksiyalardan himoyalovchi maxsus qoplamaga ega. U koronavirusdan ham himoyalashi aytilmoqda.

Niqob yuz konturlariga bir tekisda kiyiladi, virus yuqishi xavfi bo‘lgan a’zolar – og‘iz, quloq, burun sohasini qamrab oladi. Yengil matodan tayyorlangan bo‘lgani uchun uzoq vaqt taqib yurishda noqulaylik tug‘dirmaydi, nafas olishga xalal bermaydi. Ko‘p marotaba foydalanishga mo‘ljallangan, yuvib ishlatish mumkin.

Qo‘l yordamisiz eshikni ochish uchun moslama

Koronavirus metall yuzada 3 kungacha yashay olishi haqidagi fakt eshik tutqichlaridan ehtiyotkorlik bilan foydalanish kerakligini ko‘rsatadi.

Virus yuqtirish ehtimoli yuqori bo‘lgan eshik tutqichlarini qo‘l yordamisiz ochish imkonini beruvchi moslamalarning bir necha ko‘rinishdagisi ishlab chiqilgan.

Shulardan biri londonlik dizayner Stiv Bruks tomonidan yaratilgan gigiyenik ilgaklar hisoblanadi. Gigiyenik ilgak yengil, cho‘ntakka sig‘adigan hajmda modellashtirilgan bo‘lib, oson yuviladigan materialdan tayyorlangan. Ilgakdan lift tugmasini bosish uchun ham foydalanish mumkin.

Uelslik Vin Griffits ham eshikni qo‘l yordamisiz ochishning sodda va antiqa usulini topdi.

Tutqichga mahkamlanadigan moslama tirsak yordamida eshikni ochish imkonini beradi. Griffits loyihani internetga joylab, imkoni bo‘lganlarni moslamani 3D printerdan chiqarib, kerakli joylarga o‘rnatishga chaqirmoqda.

Yuzni himoyalovchi bilakuzuk

Virusdan o‘zini himoyalash uchun qo‘yilayotgan eng asosiy talablardan biri – yuzga qo‘l bilan tegmaslik. Ammo bu juda mushkul – yuzga tegish avtomatik tarzda amalga oshadigan, nazorat qilish qiyin bo‘lgan jarayon. Sietllik uch nafar do‘st bunga yechim topishga urinishdi – egasining xatti-harakatlarini nazorat qiladigan Immunotouch aqlli bilakuzukni ishlab chiqishdi.

Bilakuzuk smartfonga ulanadi, maxsus ilovani o‘rnatish chog‘ida yuz a’zolari bilakuzukka «tanishtiriladi». Yuzga tegish uchun qo‘l olib borilganda bilakuzuk vibratsiya berib, ogohlantiradi.

Mahsulot sotuvga chiqarilgan bo‘lib, narxi 50 dollar atrofida.

Dastyor dronlar

Harbiy va tasvirga olish maqsadlarida keng qo‘llanilayotgan dron ko‘chaga chiqish cheklangan karantin davrida kundalik yumushlarni bajarish uchun ham yordamchi bo‘lishi mumkin.

Qo‘shimcha yuk ko‘tara oladigan va masofadan boshqarish mumkin bo‘lgan dron modellarini smartfon yoki kompyuterga ulagan holda taom, dori olib kelish va yengil xaridlarni uydan chiqmasdan amalga oshirish uchun qo‘llanilmoqda. Bu turli zaruratlar bilan ko‘chaga chiqishning oldini oladi.

Ammo drondan foydalanish aksariyat davlatlarda cheklangani bu texnologiyaning ommalashishiga xalal berishi mumkin.

Komment qoldirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Nima qidiramiz? Masalan,Inson

Social