Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti boshqa tibbiyot tashkilotlari kabi, koronavirus infeksiyasidan himoyalanish uchun yuzga (ayniqsa og‘iz, burun va ko‘zlarga) teginmaslikni tavsiya qilmoqda. Ushbu maslahat havo-tomchi yo‘li orqali yuquvchi ko‘plab boshqa virus yoki bakteriyalardan saqlanishda ham qo‘l keladi. Muammo shundaki, turli ma’lumotlarga ko‘ra, odam har soatda o‘rtacha 16 martadan 23 martagacha (!) yuziga teginadi. Va bu harakatlar ongli ravishda sodir etilmaydi. Shuning uchun, quyida ushbu odatga qarshi oson kechmaydigan kurashda sizga yordam beruvchi ko‘rsatmalar keltirilgan.
«Mening fikrimcha, «yuzga teginishni qanday to‘xtatish mumkin?» degan savolga javob berish uchun avvalo bu odatning sababini topishimiz kerak», deya yozadi Kognitiv terapiya markazi psixologi Tatyana Pavlova.
U kun davomida o‘zingizni nima bezovta qilayotganini kuzatib, qayd etib qo‘yishni yoki yodda saqlashni maslahat bermoqda: qanday vaziyatlarda va nega tez-tez yuzingizga teginasiz?
«Masalan, men bunga aloqador o‘zimning harakatlarim to‘g‘risida o‘yladim va xayolimga uch narsa keldi: burnimni tortganimda (sovuq/quruq havo ta’sirida), kompyuterda ishlayotganimda iyagimni qo‘limga tiraganimda va biror kishi bilan suhbatga diqqatimni qattiq qaratganimda yuzimga teginaman», deb yozadi Pavlova.
Qisqacha qilib aytganda, turli tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, odamlar yoqimsiz vaziyatlarda ko‘proq o‘zlariga (va asosan yuzlariga) teginishadi — masalan, bezovtalikda yoki aldashga majbur bo‘lishganda. Bundan tashqari, agar odam diqqatni jamlashni talab qiladigan narsadan chalg‘isa, bu ko‘proq sodir bo‘ladi.
Bunday holatlar sonini kamaytirishga harakat qiling
Albatta, aytishga oson, lekin baribir stressli vaziyatlar sonini kamaytirish yoki ularga bo‘lgan munosabatni o‘zgartirish naf keltiradi (buning uchun albatta psixolog yoki psixoterapevt maslahatiga ehtiyoj tug‘iladi). Internetda chalg‘ituvchi omillardan xalos bo‘lish yo‘llari haqida juda ko‘p kitob va maqolalar yetarli.
Yaxshiyamki, ba’zida qo‘zg‘atuvchi holatlar yaqqol ayon bo‘ladi va ulardan xalos bo‘lish juda oson. Masalan, kichik bir tadqiqotda quruq, ta’sirchan teriga ega odamlar yuzlariga ko‘proq teginishi aniqlandi. Xulosa — namlantiruvchi vositalardan foydalaning va vaziyatni yaxshilashning boshqa usullarini topishga harakat qiling. Agar muammo ish kunining oxirida qurib qoladigan linzalarda bo‘lsa, sun’iy ko‘z yosh yordam bera oladi. Agar gap doim yuzga tushib turadigan sochlar haqida ketsa, nima qilish kerakligini bilasiz.
«Men har doim qo‘l ostimda salfetka olib yurishni va burnimni qo‘llar bilan emas, ular bilan artishimni nazorat qila olaman, — deydi psixolog Tatyana Pavlova. — Ish joyingizni jihozlash (bel uchun yostiq sotib olish, fitbolda o‘tirish, tik turuvchi ish joyini tashkil qilish va hokazolar) va suhbatlar paytida sizning qo‘lingizni band qiluvchi fidjyet-o‘yinchoq sotib olish qulayroqdir».
Ongni ishga soling
Agar ushbu usullar yordam bermasa yoki sizni qo‘zg‘alishga majbur qiluvchi omillar aniq bo‘lmasa va beixtiyor ravishda yuzingizga teginishni davom ettirsangiz, kerakli paytda o‘zingizni to‘xtatmasangiz, ong yordamga keladi ya’ni sizning harakatlaringiz, his-tuyg‘ularingiz va fikrlaringizga e’tiborni kuchaytiradi. Ushbu holatni mashq qilish mumkin, jumladan meditatsiya orqali.
So‘nggi daqiqada ham o‘zingizni to‘xtatishga yordam beradigan mayda nayranglar mavjud.
Pardoz qiling (ayollar uchun)
Ba’zi kamtarona ma’lumotlar va shaxsiy tajribalar shuni ko‘rsatadiki, pardoz surish jilo bergan bo‘yoq va kremlarni buzmaslik uchun qo‘llarni yuzdan uzoqroq tutishga yordam beradi.
Maxsus saytdan foydalaning
Do Not Touch Your Face (Yuzingga tegma) deb nomlangan sayt sizni kamera orqali kuzatib boradi va qo‘llaringiz yuzingiz tomon intilishi bilan to‘xtashingizni so‘rab ovoz beradi.
Qo‘l harakatlarini e’tiborga oling
Jarayonga e’tiborni jalb qiladigan va uni insonga yanada ko‘rimli qiladigan hamma narsa foydali bo‘ladi, deb yozadi psixolog. New York Times qo‘llar uchun xushbo‘y hidli sovun va namlantiruvchi vositalardan foydalanishni tavsiya qiladi, BuzzFeed qo‘llaringizga yorqin yorliq yopishtirishni yoki qo‘lqop kiyishni, bo‘yningizga qo‘lingiz yuz tomon harakatlanayotganda tegib o‘tadigan hajmli sharf o‘rab olishni maslahat bermoqda. Shunda, kutilganidek, inson noodatiy narsa yuz berayotganini tushunadi.
O‘zingizni koyimang
Onglilik hukm chiqarmaslikni ham o‘z ichiga oladi. Agar yana yuzingizni teginishni xohlayotganingizni sezsangiz, o‘zingizga nisbatan g‘azablanish faqat stressga olib boradi, u esa yuzingizga teginish istagini yanada orttiradi.
Agar chidab bo‘lmasa, yuzingizga teginavering — faqat toza qo‘llar bilan.
Aslida, muammo odamning yuziga teginishida emas, balki unga iflos qo‘llar bilan teginishdadir. Shuning uchun, doimo qo‘lingizni yuvib yuring yoki antiseptik geldan foydalaning.