Shu yilning 3 mart kuni Angliyaning Surrey shahrida futbol assotsiatsiyalari xalqaro kengashining 126-majlisi bo`lib o`tgan. Anjumanda futbol qoidalariga bir qator o`zgarishlar kiritilib, ularni amalga tatbiq etish uchun tegishli yo`riqnomalar ishlab chiqildi.
2012 – 2013 yillar mavsumidan kuchga kiradigan 1302-raqam ostidagi FIFA hujjatining muhim bandlari sizlarni ham befarq qoldirmasa kerak.
Tijorat reklamalari
Er sathida joylashgan tijorat reklamalari futbol maydonini chegaralab turgan chiziqlardan kamida 1 metr uzoqlikda o`rnatilishi kerak.
Vertikal holatdagi reklamalar quyidagicha joylashtiriladi:
1. Maydonning yonchiziqlaridan kamida 1 metr uzoqlikda;
2. Darvoza to`ridan 1 metr uzoqlikda.
Sababi
Darvoza to`ri atrofida radiusi 1 metrdan kam bo`lgan masofada reklama shitlarini o`rnatishga ruxsat etilmaydi. Chunki ular hakamlarga xalaqit berishi mumkin.
Qoida 1 metrlik masofani ta`minlash imkoniyati yo`q stadionlarda istisno tariqasida qo`llanilmaydi.
O`yinchilar soni
Agarda «zayavka» da zaxira o`yinchisi sifatida qayd etilgan futbolchi dastlabki daqiqalardan asosiy tarkibda maydonga tushgan, ammo bundan hakam bexabar bo`lsa, u holda:
1. Hakam futbolchining o`ynashiga ruxsat beradi;
2. Unga nisbatan jazo choralari qo`llamaydi;
3. Qoidani buzgan jamoaning o`yinchi almashtirish huquqi kamaytirilmaydi;
4. Hakam jamoa tarkibidagi o`zgarish haqida tegishli mahkamalarga axborot beradi.
Sababi
Ko`pincha jamoalar maydonga zaxira o`yinchisi sifatida taqdim etilgan futbolchini so`nggi lahzada asosiy tarkibda tushirishga qaror qiladilar. Odatda o`yin arafasidagi mashg`ulot paytida asosiy o`yinchilardan birining jarohatlanishi tufayli shunday yo`l tutishga to`g`ri keladi. Agar hakam mazkur o`zgarishdan xabardor etilganbo`lsa, zaxira o`yinchisi maydonga tushishi mumkin. Biroq bundan bexabar bo`lsa, ba`zi tushunmovchiliklar kelib chiqadi. Endi bunga hojat yo`q.
O`yinchilar ekipirovkasi
Bog`ichi elimli getralarning rangi bir xil bo`lishishart.
Sababi
So`nggi paytlarda getraning mahkamlash uchun turli qo`shimcha matolardan foydalanilyapti. Xilma-xil rangdagi bog`ichlar tufayli getraning tashqi ko`rinishi o`zgarmoqda. Natijada yon hakamlar to`p qaysi jamoa o`yinchisining oyog`iga tekkanligini aniqlashda xatoga yo`l qo`yishmoqda. Ayniqsa, to`pmaydon chetiga chiqqan paytda.
O`yinni qaytadan davom ettirish («Bahsli to`p»ni o`yinga kiritilishi)
1. Agarda «bahsli to`p» jarayonidan so`ng hujum qilayotgan jamoa o`yinchisining zarbasidan keyin raqib darvozasi ishg`ol qilinsa, gol inobatga olinmaydi. Bu holatda to`p darvoza chizig`idan o`yinga kiritiladi;
2. Agarda himoyalanayotgan jamoa o`yinchisining zarbasidan keyin to`p uning darvozasidan joy olsa, burchak zarbasi belgilanadi.
Sababi
«Bahsli to`p» o`yinga kiritilayotgan paytda yuz beradigan gollar hakamlarni kuchli bosim ostida qoldiradi. Chunki to`p darvozaga kirganidan keyin ular golni inobatga olishlari kerak. Bunday holatda «bahsli to`p» vaziyatni yumshatmaydi, balki aksincha ta`sir etadi.
Intizomsiz harakatlar va ularga qarshi choralar
Ba`zan to`pni qo`l bilan o`ynagan o`yinchiga hakam ogohlantirish e`lon qiladi, garchi u atayin qilmagan bo`lsa ham.
Sababi
To`pni qo`l bilan o`ynash umuman sezilmasligi mumkin. Lekin hakam qoida yaqqol buzilgan holatdagi kabi jazolashga majbur. Chunki «yaqqol» iborasini turli malakaga ega hakamlar o`zlaricha talqin etadilar. O`yinchi qo`l harakati bilan raqibning to`pni egallab olishiga to`sqinlik qilsa, uni jazosiz qoldirib bo`lmaydi.
Mazkur o`zgarishlar 2012 yilning 1 iyulidan kuchga kiradi.