«PSJ» finalda «Inter»ga 5 ta gol urdi va Chempionlar Ligasi g’olibi bo’ldi

«PSJ» finalda «Inter»ga 5 ta gol urdi va Chempionlar Ligasi g’olibi bo’ldi

Enrike ajoyib jamoa qurgan, Mbappe esa Due, Xvicha va Mayuluga havas qilishga majbur.

Parij jamoasi total futboli bilan triumfga erishdi

Yevropa Chempionlari Ligasi, 31 may. Final.
«PSJ» – «Inter» 5:0
Gollar: 
Hakimi 12, Due 20, 63, Kvaratsxeliya 73, Mayulu 86
«PSJ»: Donnarumma, Hakimi, Markinos, Pacho, Mendesh (L. Ernandes 78), Vitinya, Nevesh (Mayulu 86), Ruis (Zair-Emeri 84), Due (Barkolya 67), Dembele, Kvaratsxeliya (Ramush 84)
«Inter»: Zommer, Pavar (Bissek 54, Darmian 62), Acherbi, A. Bastoni, Dumfriz, Chalxono‘g‘li (Asllani 70), Barella, Mxitaryan (Augusto 62), Dimarko (Zalevski 54), M. Tyuram, Lautaro Martines
Ogohlantirishlar: Due 65 – Zalevski 56, M. Tyuram 69, Acherbi 71

«PSJ» – 2024/2025 yillar mavsumida Yevropaning eng yaxshi jamoasi. Parijliklar Chempionlar ligasi finalida «Inter» ustidan 5:0 hisobida g‘alaba qozondi va o‘z tarixida ilk bor ushbu sovrinni qo‘lga kiritdi. YeChLning hal qiluvchi o‘yinida bunday yirik hisob hech qachon kuzatilmagandi.

Final «PSJ» futbolchilari to‘pni ataylab autga chiqarib yuborishi bilan boshlandi. Bu orqali Luis Enrike jamoasi darhol o‘yinni maydonning uchinchi qismiga o‘tkazib, u yerda o‘rnashib, raqibni pressing qilish niyatida ekanini namoyish etdi. O‘yinning ilk daqiqalari prognoz qilinganidek aynan shu ko‘rinishda rivojlandi. Fransiya chempioni to‘pga va hududlarga egalik qilib, Italiyaning sobiq chempionlarini maksimal darajada oldinda qarshi oldi va darvozabon Zommerni ham to‘pni autga tepib yuborishga majbur qilishdi. Parijliklar hujum chizig‘i vakillari o‘z pozitsiyalarini almashtirib, «neradzurrilar»ni chalkashtirib tashlashga harakat qilishdi. Umuman olganda, muxlislar bu mavsumdagi tipik «PSJ» o‘yiniga guvoh bo‘lishdi.

«Inter» uch nafar markaziy yarimhimoyachi va ikki forvardlik 3-5-2 sxemasi bilan maydon markazida tig‘iz joylashdi. Parijliklar qanotlarda va yarimqanotlarda futbolchilari sonini oshirish orqali bo‘sh hududlar izlashdi. Milanliklar maydonning o‘z darvozasiga yaqin qismida o‘zaro pas o‘ynash orqali o‘yin sur’atini tushirishga harakat qilishdi, ammo bu u qadar o‘xshamadi. Shu bilan birga, 12-daqiqagacha Luis Enrike jamoasida golli vaziyatlar bo‘lmadi. Keyin esa soniyalar ichida birdaniga ikki vaziyat yuzaga keltirildi. Avvaliga Dembele o‘ng qanotda Dimarko va Bastonidan qochib ketdi, ammo uning zarbasi to‘g‘ri Zommerning qo‘liga bordi. Epizod «Inter» himoyachilari hissiyotga berilgan holda muloqot qilishiga sabab bo‘ldi.

Keyin esa «PSJ» baribir gol urdi. Fransiya chempionlari o‘ziga xos kombinatsiya uyushtirishdi. Yarimfinalda «Arsenal»ga qarshi birinchi o‘yinda ham hisob raqibning shu kabi xatosidan urilgandi.

Himoya chizig‘iga yordam berishgan Barella o‘zi qo‘riqlashi kerak bo‘lgan Vitinyani ochiq qoldirdi. Portugaliyalik yarimhimoyachi esa bir pas bilan «Inter» mudofaasini dog‘da qoldirib, Dueni to‘p bilan ta’minladi, u esa amalda bo‘sh darvoza qarshisida turgan Hakimiga assistentlik qildi. Marokashlik himoyachi sobiq jamoasini ranjitdi va «neradzurrilar» muxlislaridan uzr so‘radi.

Vaziyat «Inter»ni ochilishga majbur qildi va endi «PSJ» raqibni qarshi hujumlarda ushlashga o‘tdi. Birinchi bo‘lim o‘rtalarida Pacho parijliklarning tezkor qarshi hujumini boshlab berdi, u bu vaziyatda shunchaki ajoyib o‘ynadi – to‘p uchun kurashda Barellani dog‘da qoldirdi, italiyalik futbolchi to‘p maydon tashqarisiga chiqib ketishiga qo‘yib bermoqchi bo‘lganida uni gazonga qaytardi. Bu hujumda Dembele ham muhim ishni bajardi: uzatma uchun bir necha manzildan eng to‘g‘risini tanladi va to‘pni qarama-qarshi qanotda ochilgan Duega yetkazib berdi. Dezire kuchli zarba berdi – to‘p Dimarkoning oyog‘iga tekkan holda rikoshet bo‘lib darvoza to‘riga bordi. 19 yoshli futbolchi YeChL finalida gol urgan eng yosh futbolchiga aylandi.

«Inter» esa faqat standart vaziyatlarda raqib darvozasiga xavf solishga urindi. 23-daqiqada Acherbi burchak zarbasidan keyin ikkinchi qavatda to‘p uchun kurashda ustun kelib, zarba berdi, ammo to‘p yuqoridan o‘tib ketdi – bu italiyaliklar «PSJ» jarima maydonida ikkinchi bor to‘pga teginishi va birinchi zarbasi edi. Yana bir shunday epizod 37-daqiqada yuzaga keldi, lekin Tyuram ham yaxshi zarba berolmadi. Shu bilan tamom. Raqib darvozasi tomon birorta to‘g‘ri zarba berilmadi. Parijliklar esa birinchi bo‘limdayoq hisobni yirik ko‘rinishga keltirib qo‘yishi mumkin edi, ammo yaratilgan vaziyatlardan foydalanilmadi, xususan, Kvaratsxeliyaning o‘zi uchta vaziyatni yo‘qqa chiqardi.

E’tiborli tomoni, Indzagi tanaffusda futbolchi almashtirishga qaror qilmadi. Demak, «Inter» murabbiyi muammo alohida futbolchilarda emas, balki tizimda, murvatlarni burash, qaysidir detallarni o‘zgartirish kerak deb hisoblagan. «Neradzurrilar» to‘pga egalik qilish foizini oshirishdi, yangi burchak zarbalari ishlashdi va bu vaziyatlarni chindan ham xavfli qurolga aylantirishdi. Bunday epizodlardan biri Donnarumma Markinos bilan to‘qnashib ketib, boshidan zarba olishi bilan yakunlandi. Ikkinchi bo‘lim boshida Indzagi baribir ijrochilarni almashtirishga qaror qildi, avvaliga Pavar va Dimarkoga dam berildi, Pavarning o‘rniga tushirilgan Bissek esa sakkiz daqiqa o‘tib jarohat oldi va o‘rnini Darmianga bo‘shatib berdi, Mxitaryan o‘rnini Augusto egalladi.

Lekin «Inter» ikki yil oldin «Manchester Siti»ga qarshi finalda ko‘rsatgan o‘yinini ko‘rsata olmadi. Parijliklar bugungi kunda butunlay boshqa darajada ekanini namoyish etishdi. Fransiya chempionlari qarshi hujumlarda raqibni dog‘da qoldirishda davom etishdi. Kvaratsxeliya yana bir vaziyatda raqiblarni kechirdi, Due esa gol va golli uzatmasiga yana bir gol qo‘shib qo‘ydi. Uchinchi golli hujumni Dembele tovonidagi pasi bilan rivojlantirdi, Vitinya esa yakkama-yakka vaziyatga chiqib borayotgan Dezirega assistentlik qildi. Zommer yaqin burchakka yo‘llangan zarba qarshisida ojiz qoldi.

O‘yin yakuniga 20 daqiqa qolganida esa Xvicha ham o‘z golini urdi. Bu vaziyatda ham asosiy ishni Usmon Dembele bajardi, u to‘pni «Inter» himoyachilari orasidan shunday o‘tkazdiki, u tezligi yuqori bo‘lmagan boshqa forvard ham qariya himoyachilardan qochib ketolgan bo‘lardi, tezkor Kvaratsxeliya esa ularga hech qanday imkoniyat qoldirmadi va o‘yin boshidan buyon yo‘llagan oltinchi zarbasida muvaffaqiyatga erishdi.

«Inter» faqat hisob 0:4 holatida darvoza tomon to‘g‘ri borgan birinchi zarbasini yo‘lladi. Ammo Tyuramning yerlatib berilgan murakkab zarbasidan keyin Donnarumma o‘zini ko‘rsatdi. Ammo milanliklar gol urganida ham hech narsa o‘zgarmagan bo‘lardi, bu vaqtga kelib o‘yin masalasi hal bo‘lib ulgurgandi. «PSJ» fanatlari g‘alaba qo‘shiqlarini kuylayotgan, «Inter» muxlislari ko‘z yosh to‘kayotgand. 86-daqiqada esa Mayulu o‘yindagi beshinchi gol bilan «neradzurrilar»ni nokaut holatiga tushirdi va YeChL finallarida gol urgan eng yosh futbolchi maqomini Duedan olib qo‘ydi. Luis Enrike faoliyatida ikkinchi bor Chempionlar ligasi g‘olibligini qo‘lga kiritdi, Indzagi «Inter» bilan ikkinchi bor ushbu turnir finalida yutqazdi, bu uning Milan klubidagi so‘nggi o‘yini bo‘lib qolishi ham mumkin.

Parijliklarni yorqin kelajak kutmoqda, ushbu jamoaning «Barsa», «Real» va boshqa grandlar bilan raqobati yaqin yillarda Yevropa futboli bezagiga aylanishi tayin. Muxlislar bu mavsumda yana bir buyuk jamoa tug‘ilishiga guvoh bo‘lishdi. O‘tgan yozda Yevropaning eng asosiy sovrini uchun Madridga yo‘l olgan Mbappe esa sobiq jamoadoshlariga va o‘zi ketganidan keyin jamoaga kelganlarga havas qilishga majbur.

Kommentlar: 14 komment. 14 ta kommentdan so'nggi 10 tasini ko'ryapsiz
  1. Dilshod

    Zor oyin boldi lekn

  2. Dilshod

    Inter vashe hich nima qilaomadi

  3. Dilshod

    PSJ tor mor qivordi, tarixda bunaqa bitta jamoli oyin bomagan finalda

  4. Dilshod

    Kim dir tagin Inter yutadi divotudi eee laugh

  5. Dilshod

    Enrike molodes! Usman Dembele oltin top oladi endi

  6. Vamoooos! Campeone!

  7. Bravo! Top oyin korsatishdi!!!

  8. Champions!

  9. Dembele

    VAAAMOOOS!

  10. Shaxriyor

    Inter oyinga chiqmadi rofl laugh1

  11. Daxshat oyin boldi lekin good

  12. Tabrikliman heart

  13. Alisher

    Bravo dance

  14. Dembele eng yaxshi oyinchi boldi

Komment qoldirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Nima qidiramiz? Masalan,Inson

Social