Moliyaviy masalalarda o‘zingizni erkin his qilish uchun pul bo‘yicha mutaxassis bo‘lish shart emas. Ba’zan o‘zingizni yaxshiroq tushunish, pulga bo‘lgan munosabatingizni qayta ko‘rib chiqish va kundalik odatlaringizni biroz o‘zgartirishning o‘zi kifoya.
Pul bilan sog‘lom munosabat deganda nima tushuniladi?
Psixologlar moliyaviy salomatlikni pulga nisbatan ongli va maqsadga yo‘naltirilgan munosabatni shakllantirish deb ta’riflaydi. Bunday munosabat insonning qoniqish hissini oshiradi va ortiqcha stressni kamaytiradi.
Bu, avvalo, pul nafaqat bugun, balki kelajakda ham kerak bo‘lishini tushunishni anglatadi. Shuningdek, haqiqatan zarur bo‘lgan narsalar bilan shunchaki xohlayotgan narsalarni bir-biridan ajrata bilish ham muhim.
Demak, agar siz pul bilan sog‘lom munosabatda bo‘lsangiz:
- Mablag‘ingizni shaxsiy qadriyatlaringiz va hayotiy maqsadlaringizga asoslanib sarflaysiz.
- Umuman qarzingiz bo‘lmaydi yoki qarzlaringiz juda kam bo‘ladi.
- Muayyan maqsadlarga erishish uchun pul jamg‘arasiz.
- Kutilmagan xarajatlar uchun moliyaviy zaxirangiz yoki sug‘urtangiz bo‘ladi.
Aksincha, pulingizni keraksiz narsalarga ko‘p sarflasangiz, doim birovdan qarzdor bo‘lsangiz, muhim maqsadlar va kutilmagan vaziyatlar uchun mablag‘ yig‘masangiz, demak, pul bilan munosabatingizni hali sog‘lom deb bo‘lmaydi.
Pul bilan sog‘lom munosabat o‘rnatishga nima xalaqit beradi?
Moliyaviy xotirjamlikka erishish yo‘lida kamida ikkita jiddiy to‘siqqa duch kelishingiz mumkin.
1. Pul haqidagi ichki qarashlar va moliyaviy ssenariylar
Pulga bo‘lgan munosabatimiz bolalikdan shakllana boshlaydi. Aynan shu davrda ongimizda keyinchalik moliyaviy qarorlarimizga ta’sir ko‘rsatadigan o‘ziga xos «moliyaviy ssenariylar» paydo bo‘ladi.
Bular — shaxsiy tajribamiz, oiladagi suhbatlar va ota-onamizning qarashlari ta’sirida shakllangan ishonch va e’tiqodlar. Ko‘pincha biz ularning mavjudligini hatto sezmaymiz ham.
Ayrim moliyaviy ssenariylar jiddiy salbiy oqibatlarga olib kelishi, hatto butun umr davomida daromadimiz past bo‘lishiga sabab bo‘lishi mumkin. Ularning bir necha turi bor.
Puldan qochish ssenariylari:
- «Pul odamni buzadi».
- «Pulga muhabbat barcha yomonliklarning ildizi».
- «Halol odamlar pul haqida o‘ylamaydi».
Pulni haddan tashqari ulug‘lash ssenariylari:
- «Pul hamma muammoni hal qiladi».
- «Pul meni baxtli qiladi».
- «Pul qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha yaxshi».
Maqom va obro‘ga asoslangan ssenariylar:
- «Insonning muvaffaqiyati qancha pul topishi bilan o‘lchanadi».
- «Faqat eng qimmat va eng yaxshi narsalarni sotib olish kerak».
- «Hamma ham boy bo‘lishga loyiq emas».
Puldan qochish ssenariysiga amal qiladigan odamlar foydali moliyaviy imkoniyatlardan voz kechishi mumkin. Ular pulni boshqarishga to‘g‘ri kelmasligi uchun undan beixtiyor tezroq qutulishga, bor mablag‘ini oxirgi tiyinigacha sarflashga moyil bo‘lishadi.
Pulni haddan tashqari ulug‘laydiganlar esa o‘zlarini oqlamaydigan moliyaviy tavakkallarga borishlari mumkin. Masalan, qimor orqali yoki o‘zlarini haddan tashqari ishlatib, imkon qadar ko‘proq pul topishga urinadilar. Ular ko‘p narsa sotib olishni xohlashadi va ko‘pincha qarzga botib qolishadi.
Pulni ijtimoiy maqom ko‘rsatkichi deb biladigan insonlar esa o‘zlarini doim boshqalar bilan taqqoslaydilar. Muvaffaqiyatli odamlardan ortda qolmaslikka harakat qilib, qimmatbaho buyumlarga katta mablag‘ sarflashadi.
2. Tanqislik tafakkuri
Pulga bo‘lgan qarashimizga jamiyatdagi fikrlar ham ta’sir qiladi. Ba’zan atrofdagilarning gaplari muayyan kasb yoki faoliyat sohasida moliyaviy farovonlikka erishishning iloji yo‘qdek taassurot uyg‘otadi.
Agar siz doimo atrofingizdagilardan kasbingiz vakillari juda kam maosh olishi haqidagi gaplarni eshitsangiz, sizda tanqislik tafakkuri shakllanishi mumkin.
Bunday fikrlash tarziga ega odamlar o‘zlarida yo‘q narsalarga ko‘proq e’tibor berishadi va boshqalarga havas qilishadi. Ular mavjud sharoitda yaxshiroq hayotga erishishning iloji yo‘q, deb o‘ylashga odatlanishadi.
Tanqislik tafakkuri biz qabul qiladigan deyarli barcha qarorlarga ta’sir ko‘rsatadi. Inson o‘zgarishlar bo‘lishiga ishonmay qo‘yadi, orzu qilishdan to‘xtaydi, yangi imkoniyatlarni izlamaydi yoki ulardan foydalanishdan bosh tortadi.
Pul bilan munosabatingizni yaxshilash uchun nima qilish kerak?
Moliyaviy hayotingizni o‘zgartirish va pulga nisbatan sog‘lom munosabatni shakllantirish uchun quyidagi qadamlarni sinab ko‘ring.
1. O‘zingizdagi moliyaviy ssenariylarni aniqlang
Odatda biz moliyaviy qarashlarimiz ta’sirida o‘zimiz ham sezmagan holda harakat qilamiz. Ularni o‘zgartirish uchun avvalo ichki ishonchlarimizni anglashimiz kerak. Aks holda, ular bizning xatti-harakatlarimizni yashirin ravishda boshqarishda davom etadi.
Buning uchun quyidagilarni bajaring.
Yaqinlaringiz bilan suhbatlashing.
Har bir oilaning pul bilan bog‘liq o‘z tarixi bor. Moliyaviy qarashlar ko‘pincha avloddan avlodga o‘tadi. Yaqinlaringiz bilan suhbatlashsangiz, oilangizda takrorlanib keladigan moliyaviy odatlarni payqashingiz mumkin.
Ayniqsa, qayta-qayta aytiladigan iboralarga e’tibor bering. Masalan:
- «Pulni sarflash emas, yig‘ish kerak».
- «Baxtni pulga sotib olib bo‘lmaydi».
- «Pul — erkinlik».
O‘ylab ko‘ring: ushbu gaplarning qaysilarini o‘zingiz ham tez-tez takrorlaysiz? Ularning qaysi biri sizning pulga bo‘lgan munosabatingizni ifodalaydi?
Shaxsiy tajribangizni tahlil qiling.
Pul bilan bog‘liq eng quvonchli xotirangiz qaysi? Eng og‘riqli xotirangiz-chi? Pul haqidagi eng birinchi xotirangiz qanday? Bolaligingizda moliya borasida qanday saboqlarni o‘zlashtirgansiz?
Bu savollarga javob berish sizga ko‘p narsani anglashga yordam beradi. Moliyaviy qarashlaringiz qanday shakllanganini va ular qarorlaringizga qanday ta’sir ko‘rsatganini tushunasiz.
Masalan, bolaligingizdan pul tufayli janjallar kelib chiqishini yoki odamlar pul uchun jinoyat sodir etishini ko‘rib ulg‘aygan bo‘lishingiz mumkin. Natijada pulni muammolar manbai deb bilish va undan uzoqlashishga intilish odati shakllangan bo‘lishi ehtimol.
2. O‘zingizni yaxshiroq tushunishga harakat qiling
Norozilik, hasad, rashk va qayg‘u ba’zan odamni keragidan ortiq pul sarflashga undaydi. Xarid qilish esa bu hislarni vaqtincha bosishi mumkin.
Ammo yangi buyumlar sotib olish ichki muammolaringizni hal qilmasligini tushunish muhim. Aksincha, bunday odat qarzlarning ko‘payishiga va hayotdan yanada ko‘proq norozi bo‘lishga olib kelishi mumkin.
O‘zingizga savol bering: menga aslida nima yetishmayapti? Xaridlar orqali nimaning o‘rnini to‘ldirishga harakat qilyapman?
Masalan, savdo markaziga kirib, bir nechta keraksiz narsani sotib olmasdan chiqolmasligingiz mumkin. Buning ortida yolg‘izlik hissi, boshqalarga havas qilish yoki o‘zingizga bo‘lgan ishonchsizlikni buyumlar yordamida yashirish istagi turishi mumkin.
Muammoning asl sababini aniqlang va uni yengishning sog‘lomroq yo‘llarini izlang.
3. Pulni maqsad emas, vosita deb biling
Biz ko‘pincha «Qaniydi, pulim ko‘proq bo‘lsa» yoki «Endi pulni tejashni boshlashim kerak» deb aytamiz. Bunda go‘yoki ko‘proq mablag‘ barcha muammolarimizni hal qiladigandek tasavvur paydo bo‘ladi.
Natijada pulni o‘z-o‘zidan maqsadga aylantirib qo‘yamiz. Aslida esa pul — biz istagan natijalarga erishish uchun foydalanadigan vosita, xolos.
Xarid tufayli paydo bo‘ladigan qisqa muddatli hissiyotlarga emas, harakatlaringiz natijasiga e’tibor qarating. Bu impulsiv xarajatlardan, ya’ni bir zumlik istak ta’sirida o‘ylamasdan pul sarflashdan saqlanishga yordam beradi.
Siz uchun hayotda nima muhimligini va pul nima uchun kerakligini aniqlang. Masalan, o‘qish haqini to‘lash, yangi kasb o‘rganish yoki sayohat qilish uchun pul yig‘ishni istashingiz mumkin. Shundan kelib chiqib, xarajatlaringiz orasida qaysilari ustuvor ekanini belgilang.
Aytaylik, siz turli kafelarda yangi taomlarni tatib ko‘rishni yoqtirasiz, shu bilan birga Islandiyaga sayohat qilishni orzu qilasiz. Agar ushbu maqsadni doimo yodda tutsangiz va pulni unga erishish vositasi deb bilsangiz, kafelardagi yoki boshqa mayda ko‘ngilochar xarajatlarni kamaytirish osonroq bo‘ladi.
4. Xaridlarni o‘zingizga mukofot qilish odatidan voz keching
Moliyaviy qarorlarimiz ko‘pincha kayfiyatimizga bog‘liq bo‘ladi. O‘zimizni yomon his qilganimizda, ko‘nglimizni ko‘tarish uchun biror narsa sotib olamiz. Biror muvaffaqiyatga erishganimizda esa o‘zimizni yoqimli xarid bilan mukofotlaymiz.
Natijada pul sarflash uchun doim yangi sabab topiladi.
Bunday holatlarni keltirib chiqaradigan omillarni payqashni o‘rganing va xaridni o‘zingizni rag‘batlantirishning asosiy usuliga aylantirmang.
Biror narsani darhol sotib olish istagi paydo bo‘lsa, o‘zingizni biroz to‘xtating. Sizga hozir kayfiyatingiz ta’sir qilayotganini eslang. Buyumdan uzoqlashing, diqqatingizni boshqa narsaga qarating. Shunda, ehtimol, bu narsa sizga aslida kerak emasligini tushunasiz.
O‘zingizni xursand qilish uchun xarid qilishdan boshqa usullarni ham toping: sayr qiling, yaqinlaringiz bilan suhbatlashing, sevimli mashg‘ulotingizga vaqt ajrating yoki biroz dam oling.
5. Hech qachon daromadingizdan ko‘proq sarflamang
Aks holda, pul sizni boshqaradigan holatga tushib qolishingiz mumkin. Maoshdan maoshgacha zo‘rg‘a yetib yashashga yoki hatto qarz olishga majbur bo‘lasiz.
Buning oldini olish uchun maosh olgan kuningizdan boshlab amal qiladigan oddiy qoida joriy qiling: avval daromadingizning bir qismini jamg‘armaga ajrating va zarur hisob-kitoblarni to‘lang. Shundan keyingina qolgan pulni qanday sarflashni rejalashtiring.
Ushbu tartibni har oy takrorlashga harakat qiling. Daromadingiz kam bo‘lsa, katta miqdordan boshlashingiz shart emas — imkoningizga mos ravishda oz-ozdan jamg‘arishingiz mumkin.
Vaqt o‘tishi bilan sizda kutilmagan xarajatlar uchun moliyaviy zaxira va muhim maqsadlaringizga erishish uchun jamg‘arma paydo bo‘ladi.
6. Pulni boshqarishni kundalik odatga aylantiring
Pul bilan sog‘lom munosabat bir kunda shakllanmaydi. Buning uchun muntazam ravishda xarajatlaringizni kuzatib borish, moliyaviy maqsadlaringizni eslab turish va qarorlaringizni ongli ravishda qabul qilish kerak.
Har oy o‘zingizga quyidagi savollarni bering:
- Pulimning asosiy qismi qayerga sarflanyapti?
- Qaysi xarajatlarim hayotimni yaxshilayapti, qaysilari esa faqat vaqtinchalik quvonch beryapti?
- Muhim maqsadlarim uchun qancha pul yig‘dim?
- Kutilmagan vaziyat yuz bersa, moliyaviy jihatdan tayyormanmi?
- Xaridlarimni ehtiyojlarimga qarab qilyapmanmi yoki kayfiyatim ta’siridami?
Javoblaringiz asosida budjetingizni qayta ko‘rib chiqing. O‘zingizni ortiqcha cheklashga yoki barcha yoqimli narsalardan voz kechishga hojat yo‘q. Muhimi — daromad va xarajatlar o‘rtasidagi muvozanatni topish.
Xulosa: pul sizni boshqarmasin, siz pulni boshqaring
Pul bilan sog‘lom munosabat o‘rnatish faqat ko‘proq daromad topish yoki kamroq xarajat qilish degani emas. Bu, eng avvalo, pul haqidagi ichki qarashlaringizni tushunish, hissiyotlar ta’sirida xarid qilishni kamaytirish va mablag‘ingizni hayotiy maqsadlaringizga mos ravishda boshqarishdir.
Oilada bolalikdan shakllangan moliyaviy odatlar, atrofdagilarning fikri va o‘zingizga bo‘lgan ishonchingiz pulga munosabatingizga ta’sir qilishi mumkin. Ammo bu qarashlarni anglab, ularni bosqichma-bosqich o‘zgartirish mumkin.
Bugunoq kichik qadamdan boshlang: keraksiz xarajatlaringizni ko‘rib chiqing, bitta moliyaviy maqsad belgilang yoki daromadingizning ozgina qismini jamg‘arib qo‘ying. Muhimi, pulni shunchaki sarflash uchun emas, o‘zingiz uchun muhim bo‘lgan hayotni qurish uchun ishlatishni o‘rganing.



Pul topishdan oldin uni togri ishlatishni organish kerak ekan maqola rosa yoqdi
Maosh tushishi bilan yarmini ishlatib yuboradiganlar bormi men yolgizmasmanmi
Hamma narsani bolalikka boglash ham togri emas odam ozi ham ozgarishga harakat qilishi kerak
Eng kerakli joyi daromaddan kop sarflamaslik degani. Hozir kopchilik kreditga yashayapti
Pul baxt emas deyish oson lekin pul yoq payti muammolar kopayadi buni ham unutmaslik kerak
Men xarajatlarni yozib borishni boshlagandim, oy oxirida pul qayerga ketganini korib shok boldim
Kayfiyat tushganda narsa sotib olish odatim bor edi. Endi sababini oylab koraman
Maqola foydali ekan, ayniqsa keraksiz xaridlar haqida yozilgani
Lekin bazida odam ozini xursand qilish uchun ham nimadir sotib olishi mumkin-ku, hammasi yomonmas
Pulni maqsad emas vosita deb bilish kerak degan fikrga qoshilaman
Oylikni kutib yashash qiyin, narxlar ham tinmay oshyapti. Faqat tejash bilan hammasi hal bolmaydi
Pul yigish uchun avval daromad yetishi kerak, ayrimlar shuni tushunmay maslahat beradi
Oilada pul haqida qanday gapirishsa, bola ham shunga qarab katta bolarkan. Juda togri mavzu
Bizda pulni gapirish uyatdek qaraladi, keyin odamlar qarzga botib yuradi
Hamma ota onani ayblayvermaslik kerak, katta bolgandan keyin ozimiz ham fikrlashni organamiz
Maosh tushgan kuni pulni bolib qoyish kerak ekan, men esa birinchi kuni dostlar bilan chiqib ketaman
Moliyaviy savodxonlik maktabda orgatilishi kerak aslida Tejash haqida hamma gapiradi, lekin qanday qilib koproq topishni ham yozishsin
Pulni kayfiyat uchun sarflash juda tanish holat. Keyin esa nega oldim deb afsuslanasan
Ozimga kerak bolmagan narsalarni chegirma deb olib qoyaveraman
Chegirma bolsa ham pul ketadi baribir, shu fikrni eslab yurish kerak ekan
Eng avvalo qarzlarni kamaytirish kerak. Qarz bilan yashash odamni charchatadi
Ozgina bolsa ham har oy pul yigish yaxshi odat, muhimi davomiylik
Hamma uchun bir xil qoida ishlamaydi, kimdir oilasini boqadi kimdir yolgiz. Sharoitni ham hisobga olish kerak
Pulni faqat qimmat kiyim va telefon uchun ishlatadiganlar ham bor, keyin pulim yoq deb yuradi. Boshqalar bilan ozini solishtirish juda zararli. Har kimning sharoiti boshqa
Rostini aytsam, bazida chiroyli narsa korib olgim keladi, lekin endi avval kerakmi deb oylayman
Moliyaviy zaxira bolishi juda muhim. Kutilmagan xarajat chiqsa qarz sorab yurmayasan
Oylikdan pul ortmaydiganlar nima qilsin unda? Xarajatlar daromaddan kop bolib ketyapti
Maqola yaxshi, lekin budjet tuzishga oddiy misol ham qoshilsa yanada foydali bolardi
Pulga bolgan qarashlarimiz bolalikdan shakllanishi haqida oldin bunchalik oylamagan ekanman
Odam ozini boshqalar bilan solishtirishni toxtatsa ancha yengil boladi
Pulni tejayman deb hayotdan ham zavq olmay qoyish kerakmas, muvozanat bolishi kerak
Men uchun eng katta muammo mayda xarajatlar ekan. Har kuni ozgina deb oxirida katta summa chiqadi
Hamma xarajatni yozib borish boshida zerikarli lekin foydasi bor. Faqat pul yigish bilan yashab bolmaydi, bazida orzu uchun ham sarflash kerak
Ozimni xarid bilan mukofotlash odatim bor edi, maqoladagi shu joyi rosa tegdi
Moliyaviy savodxonlik yoshligimizdan kerak ekan, afsus maktabda bunga kop etibor berilmaydi
Pulni tejash yaxshi lekin doim ozini aybdor his qilish ham notogri, hammasi meyorida bolsin
Maqolada hammasi togri aytilgan, lekin real hayotda daromadni oshirish ham oson emas
Odamlar telefonni kreditga oladi, keyin bir yil tolov qiladi. Shunaqa xaridlarni oldindan oylash kerak
Moliyaviy ssenariy degan tushuncha qiziq ekan, odam oz odatlarini tekshirib korishi kerak
Pulni boshqarishni bilish ham katta mahorat. Kop topib ham jamgarmasi yoq odamlar bor
Men avval kayfiyatim yomon bolsa internetdan narsa buyurtma qilardim, endi savatga solib bir kun kutaman
Bir kun kutish usuli zor ekan balki shunda keraksiz narsani olmaymiz
Oylik kelishi bilan avval jamgarma ajratish fikri yoqdi. Qolganini keyin rejalash kerak
Lekin jamgarma qilish uchun daromad ham yetarli bolishi kerak, buni ham tan olish kerak
Pul haqida gapirish uyatmas, aksincha qancha erta organsak shuncha yaxshi
Pul baxtni sotib olmaydi deyishadi, lekin moliyaviy xotirjamlik odamga ancha yengillik beradi
Eng muhimi ozimizni boshqalar bilan solishtirmaslik va imkonimizga qarab yashash
Yaxshi maqola, saqlab qoydim. Har oy xarajatlarimni tekshirib chiqishni boshlayman
Raxmat maqola uchun