Apple yangi iPhone 13, iPad va soatlarini taqdim etdi

Apple yangi iPhone 13, iPad va soatlarini taqdim etdi

Apple mahsulotlarining yangi modellari taqdimotida iPhone 13 smartfonlarining to‘rtta modeli, yangi iPad va Apple Watch 7 «aqlli» soatlari namoyish etildi.

14 sentabr kuni Apple kompaniyasi Apple Event onlayn taqdimotini o‘tkazdi. Taqdimotda kompaniya o‘zining yangi iPhone 13 smartfonlarini, shuningdek, yangi iPad planshetlari va Apple Watch Series 7 soatlarini namoyish etdi.

iPhone 13 va 13 mini

iPhone 13 va 13 mini smartfonlarini yangi beshta rangda — pushti, ko‘k, qora, kumush va qizil ranglarda taqdim etdi. Smartfon tashqi ko‘rinishidagi asosiy o‘zgarish — bu orqa paneldagi ikkita kamera orasidagi masofa va old tomonidagi «kokil»ning 20%ga kichraygani.

Yangi iPhone`ga eng so‘nggi — A15 Bionic protsessorlari o‘rnatilgan. Apple ushbu chipni barcha smartfonlar orasidagi eng tez (raqobatchilarnikiga nisbatan 50%ga samaraliroq) protsessor deb atamoqda. Shuningdek, ushbu smartfonlar iPhone 12 va 12 mini`ga nisbatan quvvati 2,5 va 1,5 soat ko‘proqqa yetadigan yangi batareyalarga ega bo‘ldi. Yangi protsessorda 5G texnologiyasini yangilashdi, endi smartfon turli mamlakatlardagi katta miqdordagi chastotalarda ishlaydi.

iPhone 13 smartfoni Apple tomonidan ishlab chiqilgan yangi Super Retina XDR OLED displeyiga ega bo‘ldi. Ushbu displey oldingi avlod iPhone`lariga nisbatan 28%ga yorqinroq ekanligi aytildi. Shuningdek, yanada tezroq ishlaydigan yangi grafika ishlab chiqilgan va machine learning tizimi yaxshilangan.

iPhone 13 va 13 mini smartfonlari o‘tgan yilgi iPhone 12 Pro Max asosiy kamerasi asosida ishlangan yangi kamera bilan jihozlangan. Yangi kamera 47%ga ko‘proq nurlarni ushlay oladi, shu sababga ko‘ra, yaxshi yoritilmagan joylarda ham sifatli tasvirga olish imkoniyatiga ega.

Yangi smartfon kamerasining asosiy yangiliklaridan biri — videoni suratga olish uchun «kino rejimi»ning qo‘shilgani bo‘ldi. Bu sizga dinamik fokusni harakatdagi obyektda saqlagan holda kinematografik lavhalarni yaratish qulayligini beradi.

iPhone 13 va 13 mini 24 sentabrdan boshlab AQSh do‘konlarida sotuvga chiqadi va ularni 22 sentabrdan boshlab oldindan buyurtma qilish mumkin bo‘ladi. Yangi smartfonlar xotirasining sig‘imi ikki barobarga oshirilgan, ya’ni 128, 256 va 512 GB xotiraga ega versiyalari sotuvga chiqariladi. iPhone 13 ning narxi $799 dan, iPhone 13 mini`ning narxi $699 dan boshlanadi.

iPhone 13 Pro va Pro Max

iPhone 13 katta modellarining ekranlari yangilanib, 25%ga yuqori yorqinlik kuchiga (1000 nitgacha) va 120 Gs gacha dinamik yangilanish chastotasiga ega displey o‘rnatilgan. iPhone 13 Pro va Pro Max modellarini tashqi ko‘rinishi deyarli o‘zgarmagan, biroq ushbu modellarning ham «kokili» 20%ga kichraytirilgan. Ushbu smartfon modellari to‘rt xil rangda — grafit, oltin, kumush va yangi sierra blue ranglarida sotuvga chiqariladi.

Displey hajmi: 6,1 dyuym (Pro); 6,7 dyuym (Pro Max).

iPhone 13 Pro va Pro Max smartfonlariga asosiy modellardagidan biroz kuchliroq protsessorlar o‘rnatilgan. Ya’ni iPhone 13 va 13 mini A15 protsessorida to‘rtta grafik yadro bo‘lsa, iPhone 13 Pro va Pro Max`da beshta yadro mavjud.

iPhone 13 Pro`ning quvvati avvalgi versiyalariga qaraganda 1,5 soat, Pro Max`ning quvvati esa 2,5 soat ko‘proqqa yetadi.

iPhone 13 Pro smartfonining narxi $999 dan, Pro Max esa $1099 dan boshlanadi. Shuningdek, foydalanuvchilar 1 terabayt xotiraga ega bo‘lgan versiyani tanlashlari ham mumkin bo‘ladi. Smartfonlarga oldindan buyurtma 17 sentabrdan boshlanadi va AQSh do‘konlarida 24 sentabrdan boshlab sotuvga chiqariladi.

iPad va iPad mini

iPad planshetlarining yangi avlodi A13 Bionic chipiga, shuningdek, Apple Pencil, Smart Keyboard texnologiyalariga ega bo‘ldi. iPad`ning 64 Gb xotirali versiyasini $329 dollarga sotib olish mumkin.

iPad planshetlari ikki xil versiyada — Wi-Fi va Wi-Fi+Cellular sotuvga chiqariladi. Ushbu planshetlar ikki xil rangda namoyish etildi — kosmik kulrang va kumush rang. Dizaynga o‘zgartirish kiritilmagan. Yangilangan displey 10,2 dyuym hajmga ega. Minimal ichki xotira — 64 GB, maksimal — 256 GB.

iPad mini 8,3 dyuymga teng Liquid Retina displeyiga ega, shuningdek, yangi model ekranida «uyga» knopkasi mavjud emas. Planshetlar pushti, siyohrang, «kulrang koinot» va «porloq yulduz» nomli ranglarda namoyish etildi. iPad mini`ga USB Type-C porti o‘rnatilgan va 5G texnologiyasi imkoniyatlariga ega. Bunday planshet narxi $499 dan boshlanadi.

iPad va iPad mini planshetlari 24 sentabrdan boshlab 28 ta mamlakatda sotuvga chiqariladi.

Apple Watch 7

Taqdimotda Apple Watch 7 aqlli soatlari namoyish etildi, ammo sotuvga chiqarilish sanasi ochiqlanmadi.

Apple Watch 7`dagi asosiy o‘zgarish bu uning dizaynida bo‘lib, uning ekrani Apple Watch 6`nikiga nisbatan 40%ga kattaroq. Buning evaziga uning ekraniga 50%ga ko‘proq matn sig‘adi va soatdagi tugmachalar kattalashtirilgan.

Shuningdek, kompaniyaning ta’kidlashicha, Apple Watch 7`ning zarbalar va to‘qnashuvlarga hamda changga va suvga bo‘lgan himoyasi kuchaytirilgan. Watch Series 7 soatlarining batareyalari kattalashtirilgan va 33% tezroq quvvat olish xususiyatiga ega. Ma’lum qilinishicha, soatning quvvatini 45 daqiqa ichida to‘ldirish mumkin. Watch Series 7 quvvat to‘ldirilgan batareyasi 18 soat ishlaydi.

Soatdagi alyuminiy korpuslar qayta ishlangan materiallardan tayyorlanadi. Apple Watch 7 beshta yangi ranglarda: oq, qora, ko‘k, qizil va zaytun ranglarida namoyish etildi.

Apple Watch 7`ning narxi $399 dollardan boshlanadi va shu yilning kuz faslida sotuvga chiqariladi.

Kommentlar: 2 komment. 2 ta kommentdan so'nggi 10 tasini ko'ryapsiz
  1. Rustam

    wun4a pulga kim oladi uni? O’ylab qo’yadi de narxlani! bunaqa pulga 4 telefon osa bo’ladi

  2. Charos

    6zimga bitta olaman !!!!

Komment qoldirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Nima qidiramiz? Masalan,Inson

Social