AQSHning Tokenize kompaniyasi o’zining Token deb nomlangan smart-uzugiga buyurtmalarni qabul qila boshladi. Yangi Token uzugi ofislarga kirish chiqishda, avtomashina kaliti yoki bank kartasi sifatida qo’llanilishi mumkin. Biometrik gadjet autentifikatsiya signallarini NFC orqali uzatadi, kompyuterga kirish uchun esa Bluetooth ishlatiladi, ular orqali uzatiladigan ma’lumotlar esa EAL5+ standarti orqali himoyalangan.
Gadjet 50 metr chuqurlikgacha suvga chidamli, quvvat akkumulyatori esa uch haftagacha yetadi. Akkumulyator quvvati 30% qolganida har bir daqiqada gadjetning qizil indikatori yona boshlaydi. Gadjetning tashqi tomonida barmoq izlari skaneri o’rnatilgan, ichki tomonida esa gadjet barmoqdan uzulmaganligini kafolatlovchi infraqizil datchigi o’rnatilgan. Bank kredit kartalari va maxfiy kalitlar mobil ilova orqali sozlanadi.
Smart uzuk g’oyasi yangilik emas. 2014 yili ayollar uchun Ringly Bluetooth uzugi chiqqan. 2013 yili esa Google kompyuterga maxfiy kalitni kiritmasdan foydalanish imkonini beruvchi uzuk yaratgan. Ushbu uzuk gadjetlari singari Token uzugida ham jahon bozoriga chiqish imkoni bor. Gadjet ixtirochilari Microsoft, MasterCard va Visa to’lov tizimlari, HID xavfsizlik tizimlari bilan sheriklik shartnomalarini imzolashgan.
HID bilan hamkorlik “aqlli” uzukni istalgan ofisga kirishda qo’llanishi mumkin, MasterCard esa Token gadjetini transport vositalarida to’lovlarni amalga oshirish imkonini yaratadi.
Token gadjeti sotuvga shu yilning oxirgi oylarida chiqishi rejalashtirilgan. Uzukning oddiy versiyasi 249$, ikkinchi versiyasida esa uzukning yuz qatlami 14 karatli pushti rang oltin bilan qoplangan bo’lib 299$ narxda sotilishi kutilmoqda.
Manba: Engadget