Apple kompaniyasi o`z mahsulotlaridan foydalanuvchi bolalarga mo`ljallangan dasturlar ichidagi do`konda ota-onalarining ruxsatisiz sarflangan mablag`ni qoplash uchun 32,5 mln dollar tovon puli to`laydi.
AQSh Federal savdo komissiyasining ta`kidlashicha, amerikalik bolalardan qilgan xaridlar haqida o`n mingdan ortiq shikoyat xati tushgan. Agar bu xaridlarni bolalar ota-onalarning ruxsatisiz amalga oshirgan bo`lsa, Apple kompaniyasi ularni qoplashga rozi bo`ldi. Komissiya rahbari Edit Ramirezning so`zlariga qaraganda, bu kabi holatlarda yuz, hattoki, ming dollarlab pul sarflangan.
App Store dasturlar do`konidan xarid qilish uchun parol kiritish kerak. Biroq, komissiyaning takidlashicha, xarid amalga oshirilgandan so`ng 15 daqiqa ichida xaridni erkin, parol kiritmasdan ham amalga oshirish mumkin. Komissiya Apple kompaniyasidan foydalanuvchi xaridni bilib turib amalga oshirishini kafolatlashni talab qildi.
Eslatib o`tamiz, App Store dasturlar internet-do`koni shunga o`xshash xizmatlarning eng yirigi hisoblanadi. Apple ushbu internet-do`konga o`zining mahsulotlarini joylashtirgan ishlab chiqaruvchilarga 70% daromadni topshiradi. Applening bosh rahbari Tim Kukning so`zlariga ko`ra, umumiy hisobda ishlab chiqaruvchilarga 13 milliarddan ortiq dollar to`langan. App Store 2008-yilda ochilganidan buyon Apple mobil qurilma foydalanuvchilari dasturlarni 60 milliard marta ko`chirib olganlar.