Ba’zan «gap senda emas, menda» degan ibora haqiqatan ham ishlaydi.
Xeyt-folloving nima?
Xeyt-folloving — ijtimoiy tarmoq foydalanuvchisi o‘zida yoqimsiz hislar uyg‘otadigan odamlarga obuna bo‘lishi yoki ularni yashirincha kuzatib borishi. Bu g‘azab, nafrat, mensimaslik yoki asabiylashish bo‘lishi mumkin. Ba’zan odam o‘zini jahli chiqaradigan insonning sahifasini indamay kuzatadi. Ba’zan esa kuzatayotgan odamiga yomon gaplar yozilgan izohlar bilan «hujum» qiladi.
Nega odamlar o‘zlari yoqtirmaydiganlarni kuzatadi?
Aytish mumkinki, kimdir sizni asabiylashtirsa, shunchaki obunani bekor qiling. Nega bu «kaktus»ni tishlashda davom etish kerak? Sabablar turlicha bo‘lishi mumkin va ularning aksariyati kuzatilayotgan odamning shaxsiyati bilan emas, aynan uni kuzatayotgan insonning o‘zi bilan bog‘liq.
Hech bo‘lmaganda qandaydir hislarni tuyish uchun
Agar hayot haddan tashqari zerikarli tuyulsa, nafratga asoslangan bu «karusel» eng oson topiladigan ko‘ngilochar mashg‘ulotga aylanadi.
Insonda his-tuyg‘ularni boshdan kechirish ehtiyoji mavjud. Chunki ijtimoiylik va hislar uchun javob beradigan miya qismlari bevosita ramziy fikrlash va aql uchun javob beradigan qismlarga qaraganda ancha katta va kuchli.
His-tuyg‘ularning yo‘qligi esa yoqimsiz va g‘ayritabiiy holat sifatida qabul qilinadi. Psixiatriyada hatto «hislarni yo‘qotishning og‘riqli hissi», ya’ni «qayg‘uli hissizlik» deb ataladigan simptom ham mavjud. Albatta, bu holatning eng keskin va patologik ko‘rinishi. Ammo odatiy hayotda ham hissiy bo‘shliq va befarqlik odamga noqulaylik tug‘diradi.
Kundalik hayot nuqtayi nazaridan qaraganda, inson ijobiy hislarni boshdan kechirishga intilishi hammaga ayon. Ammo bu to‘liq to‘g‘ri emas: odamlarga umuman olganda hislarni boshdan kechirish kerak. Imkon qadar ijobiy hislarni. Lekin salbiy hislar ham hislardir va ular hech narsa his qilmaslikdan yaxshiroq. Shu sababli odamlar kuchli taassurotlarni izlaydi va hatto bundan zavq oladi. Masalan, qo‘rqinch yoqimsiz bo‘lsa ham, attraksionlardagi amerikacha tog‘chalarda va boshqa ekstremal ko‘ngilochar joylarda uchishadi.
Beshchatnovning so‘zlariga ko‘ra, xeyt-follovingda ham shunga o‘xshash jarayon yuz beradi. Ideal dunyoda odamlar yorqin va ijobiy taassurotlarni bajonidil olishardi. Ammo real hayotda bunday hislar kam uchraydi va ularga erishish oson emas. Kuchli hayajon, ilhom, umumiylik hissi — masalan, muxlislar sevimli jamoasi g‘alaba qozonganda yoki sevimli ijodkorining konsertida his qiladigan tuyg‘ular — tez-tez sodir bo‘lavermaydi. Yorqin salbiy hislarni — norozilik, g‘azab, jahl, keskin qoralashni esa his qilish ancha oson va ular juda kuchli bo‘lishi mumkin.
Nazorat hissini tuyish uchun
Inson ongsiz ravishda uni asabiylashtirayotgan odamni xavf tug‘diruvchi shaxs deb hisoblash mumkin. U bezovtalik manbasini kuzatib boradi, chunki bu vaziyat ustidan nazorat bordek tasavvur hosil qiladi.
Masalan, o‘rmonda ilonga duch kelsangiz, u uzoqlashib ketmaguncha undan ko‘zingizni uzmaysiz. Chunki nima bo‘lishini bilib bo‘lmaydi — u sezdirmay yoningizga yaqinlashib qolishi mumkin. Ijtimoiy tarmoqlardagi odamlar bilan ham taxminan shunday holat yuz beradi.
Agar inson izohlar yozsa, bu esa boshqa turdagi hislarni beradi.
Inson muhim bir narsa ustidan hokimiyatga ega bo‘lishdan zavq oladi. Bu holatda gap bloger yoki taniqli shaxs ustidan hokimiyat haqida ketmoqda. U raqib ustidan har qanday yo‘l bilan g‘alaba qozonish imkoniyatidan ham lazzat oladi.
His-tuyg‘ularni «to‘kib solish» uchun
Xeyter istagan izohini yozishi mumkin va buning uchun unga deyarli hech narsa bo‘lmaydi.
Internet his-tuyg‘ularni deyarli javobsiz tarzda chiqarib yuborish imkonini beradigan makon ekanini unutmasligimiz kerak. Men istagan yomon gapimni yozishim mumkin, buning uchun oladigan eng katta jazom — blok bo‘lishi. Shuning uchun oddiy hayotda, hamkasblari va oilasi davrasida g‘azabini boshqara olmaydigan ko‘plab odamlar ichidagi alam va jahllarini internetda chiqarishga boradi.
O‘zlari to‘g‘ri yashayotganini, avvalo o‘ziga isbotlash uchun
Kuchli reaksiya shunchaki paydo bo‘lmaydi. Demak, bloger insonni bezovta qiladigan, ichiga tegadigan nimanidir namoyish qilmoqda. Ayniqsa, u odamning o‘zi o‘ziga taqiqlagan ishni qilayotgan bo‘lsa.
Ko‘plab odamlar ulg‘ayganidan keyin ham o‘smirlarga xos oq-qora fikrlash tarzini saqlab qoladi. Turli nuqtayi nazarlar yoki hayotni turlicha yashash usullari bo‘lishi mumkin emas — faqat bitta to‘g‘ri yo‘l mavjud. Bunday odam real hayotda ham, internetda ham o‘zining haq ekaniga doimiy ravishda o‘zini ishontirishga majbur bo‘ladi.
Agar u internetda kimdir u bilan rozi emasligini, boshqacha yashayotganini va sochini boshqacha oldirayotganini ko‘rsa, vahimaga tushadi. Qanday qilib? Kimdir menga umuman o‘xshamaydi, lekin hayotidan mamnun ko‘rinadi? Unda nima bo‘lyapti, u haq, men esa ahmoqmanmi? Lekin men ahmoq bo‘lishni xohlamayman. O‘zimni himoya qilishim kerak.
Shunda inson o‘z pozitsiyasini himoya qilishga kirishadi. U izohlarda janjallashishi yoki ichida g‘azabli monologlar olib borishi mumkin. Ammo mohiyat bitta: o‘zini haq, boshqalarni esa noto‘g‘ri ekaniga ishontirish.
O‘zini tasdiqlash uchun
Bu o‘zini yaxshiroq his qilishning juda oddiy usuli: internetdan kimnidir topib, «Voy, qanday ahmoqlar bor ekan, yaxshi ham men bunday emasman», deb o‘ylash.
Natijani yanada mustahkamlash uchun inson, masalan, blogerning grammatik xatolarini izlab, ularni ko‘rsatishi yoki boshqalar ham payqashi uchun boshqa yo‘l bilan unga yopishishi mumkin. Nima bo‘pti, boshqalar ham bu odam o‘sha inflyuenserdan qanchalik yaxshiroq ekanini ko‘rsin.
Izohlardagi janglar odatda kuchli hislarni uyg‘otadi va shu sababli odamda muhim ish bilan shug‘ullanayotgandek illuziya paydo qiladi: go‘yoki ahmoqlarga qarshi chiqyapti, jamoatchilik fikrini boshqaryapti yoki haqiqat uchun kurashyapti. Qolaversa, o‘zini haq deb bilgan holdagi g‘azabning o‘zi ham yoqimli tuyulishi mumkin.
Haqiqiy muammolardan chalg‘ish uchun
Mariya Bogrovaning so‘zlariga ko‘ra, yoqtirmaydigan blogerning sahifasini ko‘rish va jahlli izohlar yozish ko‘pincha kundalik muammolarni unutishga yordam beradi. Bu vaqt o‘ldirishning mushukchalarning ketma-ket videolarini tomosha qilish kabi bir usuli.
Xeyt-folloving nimasi bilan zararli?
«Bola nimadan xursand bo‘lsa, shuni qilsin», deyish mumkin. Ammo asabingizni buzadigan odamlarni kuzatish unchalik beozor mashg‘ulot emas. Buning xavfli bo‘lishi mumkinligining bir nechta sababi bor.
Bu sizni ranjitadi
Salbiy hislarning o‘zida yomon narsa yo‘q. Ular xavfdan ogohlantiruvchi signal vazifasini bajaradi.
Masalan, kimdir sizga passiv-agressiv tarzda maqtov aytadi: «Soch turmagingiz juda zo‘r ekan! Nihoyat odamga o‘xshab qolibsiz». Tashqi tomondan gap chiroyli, sizga yoqimli so‘z aytilgandek. Ammo siz jahlingiz chiqadi. G‘azab esa buni tushunishga yordam beradi: aslida bu unchalik ham yaxshi gap emas.
Agar inson o‘ziga yoqmaydigan odamga obuna bo‘lsa, u ham g‘azab, ranjish va qayg‘uni boshdan kechiradi. Ammo buni o‘zi tanlab, o‘zini ranjitgani uchun his qiladi. Bu esa yoqimsiz.
Natijada «sichqonlar yig‘lab, tikanlarga sanchilib, baribir kaktusni kemirishda davom etishdi» degan maqoldagi holat yuzaga keladi.
Bu vaqtingizni oladi
Gap faqat birovning akkauntini ochishga ketadigan bir necha daqiqada emas. Unda paydo bo‘lgan hislardan keyin yana o‘ziga kelish uchun vaqt kerak bo‘ladi. Bundan tashqari, u asabini buzgan postlar haqida qayta-qayta o‘ylashi, ichki dialog olib borishi va hokazo mumkin.
Bu sizni jahlingizni chiqaradigan odamlarga yordam beradi
Ijtimoiy tarmoqlar ko‘rishlar, obunalar va izohlarni hisobga oladi. Algoritmlar uchun esa siz bu odamga havas qilasizmi yoki undan nafratlanasizmi — farqi yo‘q. Sizning e’tiboringiz uning mashhurligi va ta’sirini oshiradi.
Xeyt-folloving qilayotganingizni sezib qolsangiz, nima qilish kerak?
Agar kimdir sizni asabiylashtirsa, bu o‘zingizga bir nazar tashlab ko‘rish uchun sabab.
Agar xeyt-folloving sizga hech qanday muammo tug‘dirmasa, buni davom ettirishingiz mumkin — kim ham taqiqlardi. Ammo bunday mashg‘ulot sizga yoqmasa va undan voz kechishni istasangiz, o‘zingizga «Nega?» degan savolni berib ko‘ring.
«Mana, men jahlimni chiqaradigan odamlarga obuna bo‘ldim. Nega ularga obunaman? Nega postlarini o‘qiyman, izoh yozaman? Bu menga nima beradi? Obunani bekor qilishimga nima xalaqit beryapti? Agar bu odamlarni kuzatishni to‘xtatsam, bo‘shagan vaqtimni nimaga sarflayman?»
Mariya Bogrova internetda o‘zingiz yomon ko‘radigan odamlarni kuzatish orqali qanday ehtiyojlaringizni qondirayotganingizni tushunishni va bunga boshqa yo‘l bilan erishishni o‘rganishni taklif qiladi.
Buning uddasidan chiqish mumkin. Buning uchun ma’lum vaqt davomida o‘zingizni halol va qiziqish bilan kuzatishingizning o‘zi kifoya.



Voy bu menku odamni yoqtirmaymanu har kuni profiliga kiraman
Rostini aytsam bunaqa qilishimni o‘zim ham tushunmasdim
Eng kulgilisi unfollow qilish o‘rniga komment o‘qib o‘tiraman
Algoritm ham bizni ahmoq qiladi shekilli
Kimdir jahlizni chiqarsa shunchaki blok qilinglar bo‘ldi))
Maqola zo‘r chiqibdi, o‘zimni ushlab oldim shu yerda
Men bunaqa odamlani umuman tushunmayman, yoqtirmaysanmi chiqib ket profilidan
Lekin o‘zim ham ba’zida bir odamni yomon ko‘rib kuzatib yuraman
Eng yomoni odam o‘zini nazorat qilyapman deb o‘ylaydi aslida vaqtini yeb qo‘yadi
Haqiqat achchiq ekan
“Nima uchun obuna bo‘ldim o‘zi?” degan savolni berib ko‘rish kerak
Shu maqolani o‘qib keyin 3 ta profilni unfollow qildim ✋
Bu xeytfoloving degan gapni endi bildim
Odamlar bekorchilikdan nimalar qilmaydiya
Kimdir yoqmasa nega har kuni tekshirasan aka
Kommentda urushadiganlar alohida mavzu o‘zi))
Menimcha ko‘pchilik xeyter aslida o‘sha odamga qiziqadi
Gap bor lekin ba’zi joylari juda psixologiyaga ketib qolibdi
Odamni yomon ko‘rib turib storysini birinchi ko‘rish bu men
“Men shunchaki nima qilayotganini ko‘ryapman” deb o‘zimni ovutardim
Aslida vaqtimni o‘zim sarflayotgan ekanman
Ba’zilar komment yozib odamni ataylab jahli chiqaradi, juda yoqimsiz
Internetda hamma narsaga asabiylashib yurishdan charchadik endi
Juda tanish mavzu ekan, ayniqsa yoshlar orasida
Men xeyterlarni tushunmayman, odam yoqmasa blokla tamom
Lekin algoritm sabab baribir chiqib qoladi ba’zida
Ba’zi blogerlarni faqat xato qilsa ko‘rish uchun kuzatadiganlar bor
O‘zingni yaxshi his qilish uchun boshqa odamni yomonlash shartmas
Maqoladagi “o‘zingga isbotlash” degan joyi top
Hamma o‘zini ideal deb o‘ylaydi internetda))
Voy men bitta odamni aynan shunaqa kuzataman
Yoqtirmayman lekin nima joylayotganini bilish qiziq
Keyin o‘zim asabiylashaman, o‘zimga o‘zim dushmanman shekilli
Eng togri maslahat unfollow qilish ekan. Bazida odamlar negativdan ham energiya oladi
Shu maqoladan keyin biroz o‘ylanib qoldim rost
Xeyt qilish ham trend bo‘lib ketdi hozir
Har bir post tagida bittasi chiqib “o‘zing kimsan” deb yozadi
Eng qizig‘i odam yoqtirmagan blogerining har bir videosini ko‘radi
Bu allaqachon muxlislikning boshqa turi)) Menimcha ayrimlar shunchaki e’tibor yetishmagani uchun xeyt qiladi
Yaxshi maqola, lekin ba’zi xeyterlar baribir o‘zini tan olmaydi
“Yoqtirmayman” deb turib har kuni profilini tekshirish — klassika
O‘zimda ham bo‘lgan, keyin umuman kuzatmay qo‘ydim ancha tinch bo‘ldim
Odamning negativiga negativ bilan javob berishdan nima foyda
Ba’zilar internetda juda agressiv, real hayotda esa indamay yuradi
Maqoladagi vaqt haqida aytilgani juda to‘g‘ri. Qisqasi yoqmasa unfollow, blok, hayot davom etadi
Xeyterlar juda zaif odamlar