2021 yil yangi trend – Clubhouse ijtimoiy tarmog‘ining ommalashuvi bilan boshlandi. Ovozli muloqotga asoslangan bu tarmoqqa 1,1 mln yangi a’zo qo‘shilishi uchun yanvar oxiridagi olti kunlik kifoya bo‘ldi. To‘g‘risi ham, Ilon Mask, Mark Tsukerberg singari mashhurlar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqotga kirishishni kim ham istamaydi deysiz?
Sobiq «guglchilar»dan yangi loyiha
Yangi ijtimoiy tarmoqning dunyoga kelganiga hali bir yil ham to‘lgani yo‘q. U 2020 yil bahorida Google’ning sobiq dasturchilari Pol Devison va Rogan Set tomonidan ishlab chiqilgan. Devison ilgari ham ijtimoiy tarmoqlar yaratish borasida bir qancha urinishlar qilib ko‘rgan. Ular juda ommalashib ketmagan, ammo pandemiya keng quloch yoza boshlagan davrda paydo bo‘lgan Clubhouse izolyatsiya sharoitida yangi tanishuv va muloqot ishtiyoqmandlarini befarq qoldirmadi. Omma e’tiboriga havola etilganining dastlabki oylaridayoq starteper, venchur-investor, yozuvchi, jurnalist, shou-biznesdan minglab vakillarni o‘ziga jalb qildi.
Clubhouse’ning asosiy «fishka»si bu – real vaqt rejimidagi jonli muloqot. Suhbatni pauzaga qo‘yish, orqaga qaytarish, tezlashtirish yoki yozib olishning imkoni yo‘q. Muloqot faqatgina ovozli shaklda va real vaqt rejimida amalga oshadi.
Ushbu startap hali hech qanday daromad ko‘rmayotgan bo‘lsa-da, tezkor sur’atda ommalashib borayotgani bois so‘nggi tahlillarga ko‘ra 1 mlrd dollarga baholangan. Yanvar oxiridagi holatga ko‘ra, tarmoqqa ulanganlar soni 3,6 mln, faol foydalanuvchilar esa 2 mln nafarni tashkil qilmoqda.
Ilon Mask – tarmoq «piarmen»i
Clubhouse o‘zining ommalashuvi uchun Ilon Maskdan minnatdor bo‘lsa arziydi. Tesla asoschi 1 fevral kuni Clubhouse’da suhbat tashkil qilishini ma’lum qildi. Albatta, bu uning Twitter’dagi 46 mln obunachisini befarq qoldirmadi. Maskning Clubhouse’dagi intervyusi katta qiziqish keltirib chiqardi. Tarmoq qoidalariga zid bo‘lishiga qaramay, suhbat yozib olinib, YouTube’ga ham joylandi. Financial Times’ga ko‘ra, Ilon Maskning intervyusidan so‘ng Clubhouse aksiyalari qiymati 100 foizga qimmatlagan.
Oradan bir hafta o‘tib Facebook asoschisi Mark Tsukerberg ham bu ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari bilan jonli suhbatga kirishishi Clubhouse’ga boshqa taniqli shaxslarning a’zo bo‘lishi va tarmoq yanada ommalashishiga sabab bo‘ldi.
Tarmoq qanday ishlaydi?
Ilova hozircha faqat IOS dasturlarida ishlaydi (Android versiyasi ishlab chiqish jarayonida). Tarmoqqa ulanish uchun uning a’zolaridan biri sizga taklif yuborishi kerak bo‘ladi. Bunday takliflarni hatto eBay va Alibaba marketpleyslarida sotish ham yo‘lga qo‘yilgan. Bitta a’zo faqatgina ikkita taklif yuborish huquqiga ega. Muayyan vaqtdan keyin yana taklif berish huquqi qaytariladi. Yoki joinclubhouse.com sayti orqali tarmoqqa kirishingizga ruxsat berishlarini kutish va profil uchun nomni band qilib qo‘yish mumkin.
Suhbatda ishtirokchilarning tasvirlari ko‘rinmaydi, faqatgina profilga qo‘yilgan surat namoyon bo‘lib turadi, xolos. Bu esa suhbatda istalgan joy va holatda qatnashish qulayligini beradi.
Registratsiya jarayonida o‘zingizga qiziqarli bo‘lgan mavzularni tanlash taklif etiladi. Bu keyinchalik sizga qiziq bo‘lgan mavzuda suhbatlar bo‘layotganidan xabardor qilish uchun asqatadi.
Tarmoqda shaxsiy yozishmalar, izoh qoldirish, post e’lon qilish kabi imkoniyatlar yo‘q. U tarmoq a’zolari o‘z qiziqishlaridan kelib chiqqan holda turli mavzularda suhbatlar tashkillashtiradigan «xona» va «klub»lardan iborat.
Xona – suhbat o‘tkaziladigan joy. U barcha uchun ochiq (public), yopiq yoki faqatgina bir klub a’zolari uchun bo‘lishi mumkin. Har qanday foydalanuvchi xona ochish va muloqotni boshlash imkoniyatiga ega. Bunda obunachilaringizga suhbat boshlaganingiz haqida xabar boradi. Ular suhbatga qo‘shilsa, o‘z navbatida ularning obunachilari ham bundan xabar topishadi. Shu tariqa, suhbat doirasi kengayib boradi. Suhbat uchun xonani avvaldan taqvimga kiritib rejalashtirish va Clubhouse’ning o‘zida, Twitter va boshqa tarmoqlarda bu haqida xabar qoldirish mumkin.
Bitta xonaga 5 ming nafargacha foydalanuvchi ulanishi mumkin. Xonaga ulanganlar shunchaki tinglovchi bo‘lib qolmay, xohishga ko‘ra suhbatga qo‘shilishlari ham mumkin.
Klubni esa umumiy mavzuga qiziquvchi foydalanuvchilar jamiyatiga qiyoslash mumkin. Klub tashkil qilish uchun servis ruxsatini olish kerak bo‘ladi. Bu bo‘yicha so‘rovingiz ko‘rib chiqilishi uchun xonada kamida uch marta suhbat tashkil qilishingiz kerak. Tez orada klubni erkin tashkil qilish funksiyasi ham qo‘shilishi va’da qilinmoqda.
Blok va e’tirozlar
Ishga tushganining bir yilligini nishonlashga ulgurmasdanoq, Clubhouse bloklanishga ham ulgurdi. Xitoy AppStore’larida bu ilova mavjud bo‘lmasa-da, mahalliy aholi AppleId’ga kiritilgan geografik joylashuvni o‘zgartirgan holda Clubhouse’ni yuklab olishdi. Tarmoqqa ulanish uchun takliflar esa hatto Twitter, eBay va Alibaba orqali sotib olindi. Natijada Clubhouse Xitoyda senzurasiz muloqot maydonchasiga aylandi – siyosat, Hongkong, demokratiya va inson huquqlari mavzusida suhbatlar avj oldi. Oqibatda 8 fevral kuni Clubhouse Xitoy hukumati tomonidan bloklandi.
Bundan tashqari, ijtimoy tarmoqning ishlash algoritmlari ayrim e’tirozlarga ham sabab bo‘lmoqda. Clubhouse’da hech qanday moderatsiya va senzura mavjud emas. Unda koronavirus va vaksinalar bilan bog‘liq konspirologik qarashlar, terroristik aktlar kabi mavzularda ham ochiq so‘z yuritilmoqda. «Boshqa platformalar o‘z foydalanuvchilarini yolg‘on, rostligiga shubha bo‘lgan ma’lumotlar haqida ogohlantiradi. Clubhouse’da esa dezinformatsiyaga qarshi turish bo‘yicha hech qanday chora nazarda tutilmagan. Ilovada izoh qoldirish, «layk» yoki boshqa reaksiyalarni bildirish imkoniyati ham yo‘q, shu bois foydalanuvchilarning suhbatda bildirilayotgan ma’lumot va fikrlarga munosabatini aniqlash ham imkonsiz», deb yozmoqda Vanity Fair nashri.
Shuningdek, ilova jonli muloqotni yozib olishni taqiqlagan. Smartfonda diktafon yoqilgan paytda bu taqiq haqida diskleymer, bloklanishdan ogohlantirish paydo bo‘ladi. Ammo shunga qaramay, ko‘plab suhbatlar yozib olinib, YouTube’ga joylanmoqda. Bundan tashqari, bu taqiqni qanday chetlab o‘tib, yozib olishni o‘rgatuvchi videolar ham paydo bo‘lishga ulgurgan.
Suhbatlarning tarmoqdan tashqariga sizib ketishi esa foydalanuvchilarning ijtimoiy tarmoqdan noroziligiga va undan chiqib ketishiga sabab bo‘lishi ehtimoli ham taxmin qilinmoqda.
Androidga yo’qmi??? android manda telefon , manam ula bilan gaplawmoq4iman
Salom Latop! Hozircha androidda yo’q ekan, faqat IOS da bor.