O‘zbekiston milliy jamoasining Toshkentda o‘tkazayotgan yig‘inining 3-kunida Moldovaning «Sherif» klubi sharafini himoya qilayotgan Jasur Yaxshiboyev tarkibga qo‘shildi. O‘tgan hafta Yevropa Chempionlar ligasida maydonga tushgan o‘zbekistonlik hujumchi mashg‘ulotlar oldidan O‘FA matbuot xizmatiga qisqa intervyu berdi.
«Ishlarim yaxshi ketyapti. Chempionlar ligasida ham o‘yinlar o‘tkazyapmiz. «Real» Madridga qarshi o‘yindagi golimni va g‘alabani so‘z bilan ta’riflashim qiyin. «Real»ga o‘ynashni hamma orzu qiladi, shu bois gol urish boshqacha bo‘ldi.
Milliy jamoaga kelganimdan juda ham xursandman. Murabbiylar chaqirgani uchun qo‘ldan kelgancha ishonchni oqlashga harakat qilaman.
Klub va milliy jamoadagi mashg‘ulotlarda farq deyarli yo‘q. Chempionlar ligasida bitta o‘yinga tayyorgarlik ko‘rishda baribir boshqa daraja bo‘ladi, unga moslashishingiz kerak.
Belarusdagi faoliyatimdan boshlab, asosan hujumchi sifatida o‘ynayapman. Bu men uchun qulay pozitsiya bo‘lib qolgan. Hujumda o‘zimni yaxshi his qilaman», – deydi Jasur Yaxshiboyev.
Eslatib o‘tamiz, Jasur Yaxshiboyev YeChL joriy mavsumida 3ta o‘yinda maydonga tushib, «Real»ga qarshi g‘alabali bahsda (2:1) Madridda gol muallifiga aylangandi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston milliy jamoasi dastlab Toshkentda, keyinchalik esa Gruziya poytaxti Tbilisida o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini o‘tkazadi. Xorijdagi yig‘in doirasida 15 noyabr kuni Gruziyaga qarshi o‘rtoqlik o‘yini belgilangan. Uchrashuv Tbilisidagi «Boris Paichadze» stadionida soat 19:00da boshlanishi rejalashtirilgan.
Jasur molodec! Top futbol4i!
O’zbekiston olg’a!
Jasurni taniman, juda yaxwi insonla, omad tiliman ulaga