O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi hamda O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Ektor Kuper o‘rtadagi mavjud shartnomani o‘zaro kelishuvga asosan bekor qilishdi. Bu haqda tashkilot rasmiy sayti xabar berdi.
«O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi hamda O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Ektor Kuper o‘rtadagi mavjud shartnomani o‘zaro kelishuvga asosan bekor qilishdi.
2018 yilning avgust oyida O‘zbekiston milliy terma jamoasi boshqaruviga kelgan argentinalik mutaxassis bosh jamoamizga 1 yildan ortiqroq muddat davomida ustozlik qildi.
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Ektor Kuper hamda uning boshchiligidagi murabbiylar shtabiga O‘zbekiston milliy terma jamoasidagi faoliyati uchun minnatdorchilik bildiradi va ularga kelgusi faoliyatida omad tilaydi», deyiladi O‘FA xabarida.
Ektor Kuper bilan 2018 yilning 1 avgustidan 2021 yilning 30 noyabrigacha, JCh-2022 saralash sikli uchun shartnoma tuzilgandi va agar terma jamoa Qatarda o‘tkaziladigan mundialga yo‘llanma olsa shartnoma avtomatik tarzda turnir yakunigacha uzaytirilishi ko‘zda tutilgandi.
O‘tgan vaqt mobaynida Kuper O‘zbekiston terma jamoasini 17 o‘yinda maydonga boshlab tushdi, bu o‘yinlarda 7 g‘alaba, 4 durang va 6 bor mag‘lubiyat qayd etildi. 2019 yilgi Osiyo Kubogida O‘zbekiston terma jamoasi nimchorak finalda Avstraliyaga penaltilar seriyasida yutqazdi (0:0, 2:4).
Ma’lumotlarga ko‘ra, endilikda terma jamoa bosh murabbiyi lavozimi uchun ikki nomzod ko‘rib chiqilmoqda: 2017 yildan buyon «Paxtakor»da ishlayotgan Shota Arveladze va hozirda «Bunyodkor»ni boshqarayotgan Vadim Abramov.
Bundan avvalroq Tribuna.uz manbasi argentinalik mutaxassisning yillik maoshi 2 million yevrodan ortiqni tashkil etishi, uning iste’fosi uchun kompensatsiya sifatida 5 million yevrodan ortiq mablag‘ to‘lanishi haqida ma’lumot tarqatgandi.