Havo sovuq. Ko’chaga qarasam, gupillab yog’ayotgan qor chiroq nurlari ostida betakror ko’rinyapti. Derazani ochib biroz toza havodan nafas olgim keldi. Qo’limni chiqazib, yog’ayotgan qorga tutdim. Maza! Esimda, endigina turmush qurgan damlarimiz, yoshboladay nuqul qorbo’ron o’ynashga yugurardik. Hatto homiladorligimda ham qo’rqmay qorda erim bilan dumalab aylanaveribman. Muzlagan qo’llarimizni isitish uchun qahvaxonaga kirishlarimiz, har ko’rgan shirinligimga yopishib, “yeyman” deb xarxasha qilganim ham yodimda. Sevimligim ko’nglimga qarab, nima desam muhayyo qilardi. O’sha yili birga o’tkazgan Yangi yil bayramimiz hech esimdan chiqmaydi. Yosh er-xotin tog’ga chiqib, mashinamiz ishlamay, yo’lda qolib ketgan edik. Qotib-qotib kulgancha, kichkinagina pishloq bo’lagi va limonad bilan, soat millari tungi 12:00 ga bong urganida bayramni kutib olganmiz. U baxtli bayram kuni, hayotimdagi eng yorqin kun bo’lganini bilganimda edi…
— Oyi, sovuq-ku, nega derazani ochdingiz…
Xayollarimni o’g’limning dardmand ovozi tarqatib yubordi. Darhol derazalarni yopib, uning nimjon yelkalarini qalin ko’rpa bilan o’rab qo’ydim. Xonamiz burchagida miltillab yonib-o’chayotgan chiroqlar bilan o’ralgan mittigina archamizga qarab xo’rsindim. Bayramga bir hafta qolibdi… Butun dunyo bu kunni qanday nishonlashni reja qilib o’tirgan bir paytda men bag’rimdagi kichkina quyoshchamni yo’qotib qo’yishdan qo’rqib, vaqt sekin o’tishini istardim.
— Bayramga qanday sovg’a olishni xohlaysan, o’g’lim, — uning kattalarnikidak ma’no to’la ko`zlariga qarab kayfiyatini ko’tarishga urindim. — Istasang narigi ko’chadagi do’stingniki singari rolik olib beraman…
— Pulingiz yetmasa kerak…
Chindanam! Bilmayman, qaysi kalla bilan unga rolik taklif qildim. Falon pul tursa kerak… Lekin uning kasallikdan qiynalib, allaqachon mayus tortib qolgan ko’zlarini chaqnab ketishini shunday istayotgandimki!
—Menga Xudo sovg’a berishini istayapman, oyi…
—Zo’r-ku, o’g’lim. Qanday sovg’a so’rayapsan?!
—Tuzalib ketishimizni. Boshqa hech qayerimiz og’rimasligini…
Uni bag’rimdan bo’shatdim-da, hammomga yugurib kirdim. Suvni yoqdim. Yig’lagim keldi, ammo yosh chiqmadi! Ming azobda o’tgan bir yilimiz uchun, bolamni har kuni so’lib borishiga indamay qarab turganim uchun, yolg’izligim, chorasizligim uchun… Hammasi uchun o’ksib-o’ksib yig’lashni xohladim. Biroq men bir necha oydan buyon yig’lolmay qolgandim!
***
Erimning vafotidan so’ng bir oy o’tmasdanoq o’g’lim tug’ildi. Nazarimda, otasining ruhi unga ko`chganday. Kulishlari, gapirganda boshini sarak-sarak qilib qimirlatib qo’yishi, hatto, uxlashi ham otasiga ikki tomchi suvday o’xshaydi. Doim o’zimga-o’zim “Umri o’xshamasin, uzoq yashasin” derdim. Qo’rqqaning oldingga shamolday uchib kelishi rost ekan. Yetti yoshga kirganida oq qon kasalligi tashxisini qo’yishdi. O’g’limning har chekkan azobiga qo’shilib yig’layverganim uchun, u ikkimizni ham kasal deb o’ylardi. Mana, yarim yildirki operasiya uchun mablag’ qidirib ovoraman. Endi yig’lamay ham qo’yganman. Tanish-bilishlarim badavlat emas, ularning yordami dori-darmonga yetib turibdi. Lekin ellik ming dollar oz-muncha pul emaski, kimdandir “indinga qaytaraman” degan shart bilan so’rash mumkin bo’lsa. Shu tob soat millari yana bong urdi. O’zimga-o’zim pichirlab qo’ydim: Yangi yilga olti kun qoldi!
—O’zingiz bilasiz, bizda qish “o’lik mavsum” deyiladi, afsuski, sizga yordam bera olmaymiz. — dedi rostakam nadomat bilan korxonamiz rahbari.
—Tushunaman, lekin farzandim ko’z oldimda nobud bo’lyapti. O’tinaman, jilla qursa pulning uchdan bir qismini bering, umrimni oxirigacha bo’lsa ham ishlab qayataraman.
—Qolgan pulni qayerdan topasiz? Xorijga chiqish xarajatlarini kim qoplaydi?! Bularning bari oson emas!
Rahbar yaxshi odam. Lekin hozir uning “oson emas” degan so’zi “Taqdirga tan beraver, o’g’ling baribir ko’p yashamaydi” deganday jaranglagandi. Uning yonidan chiqib, biroz aylangim keldi. Ko’chada hamma baxtli. Hatto ko’chaning o’zi ham baxtliday! Boylarning brend do’konlari did bilan bezatilgan, o’rtahol aholining do’kon rastalarida ham o’ziga xos bayramona shukuh bor. Eng qizig’i, bu bayram badavlat-kambag’al, yosh-u qarini ajratmaydi. Yangi yil kuni hatto eng faqir oilaning stolida ham bayramona dasturxon tuzaladi. Odamlarning ko’zlari porlab turibdi, bolalarining qo’lidan tutgancha sudrab ketayotgan onalar yengilgina koyib qo’yishyapti. O’tgan yili men ham o’g’limni “Bayramga konki olib bering” deb xarxasha qilavergani uchun yaxshigina tanbeh bergandim. Bu yil esa u shu qadar ulg’ayib qolganki, uning o’zi “Pulingiz yetmasa kerak” deb menga ta’na bilan emas, hamdardlik bilan aytdi.
—Ehtiyot bo’lmaysanmi?! Ey Xudo, sal qoldiya!
Esim chiqib ketdi! Shiddat bilan kelayotgan qoratusdagi, xorijning qimmat mashinasi bilan tizzalarim orasi bir qadam turardi. Aftidan mashinadan tushib menga baqirgan haydovchi ham qo’rqib ketgan, xizmat kostyumini yechib chuqur nafas ola boshladi. Orqa o’rindan esa basavlat kiyingan, o’rta yoshlardagi erkak qo’lida suv bilan tushib, yonimga yugurib keldi.
—Yaxshimsiz, hech qayeringiz lat yemadimi?! Ey Xudo, haydovchimga men tez yurishini aytayotgandim, uni kechiring, iltimos!..
Tipirchilagancha gapirayotgan, menga hadeb suv tutayotgan erkakning yuziga qarab birzum qotib qoldim-da, so’ng… So’ng dod solib yig’lab yubordim. Menimcha, bu mening yig’ilib qolgan, ichimda tugunday qotgan faryodim edi. Erkak garchi meni ovutmasa-da, uning nigohlarida allaqanday chuqur hamdardlikni ko’rardim. Bilmayman, o’sha payt bizga kimlar qaradi, balki men ba’zilarning bayram kayfiyatini ham xira qilgandirman! Men alam bilan yig’lardim, xolos!
***
Yarim soatdan keyin biz badavlat odamlar o’tiradigan qahvaxonada o’tirgandik. Unga o’g’lim haqida so’zlab berdim. U meni negadir ko’zda yosh bilan jimgina tingladi.
—O’g’lingiz bilan tanishsam bo’ladimi?!— dedi so’ng umid bilan mo’ltillagancha.
— Nima uchun?!
— Biz yetti yildan buyon rafiqam ikkimiz, har kuni Xudodan bizga farzand ato etishini so’raymiz. Bugun rafiqam tushida kichkina farishtani ko’rganini, farishta unga kichkina bolaning oyoq kiyimini berganini ko’ribdi. Erta tongda meni quchib yig’lagancha, “Menga kiyilgan, eski bolalar poyafzalini olib keling. O’shani bag’rimga bosib, duo qilishni xohlayapman” dedi. Haydovchimni shu sabab shoshirgandim, bolalar uyiga ketayotgandik. Nazarimda siz mening yo’limdan bekorga chiqmadingiz. Axir Xudoning ishlarida tasodif yo’q-ku!
Ko’nglim erib ketdi. Boyagina “Bayram oldi, mendan boshqa hamma baxtli” deb o’ylayotgandim. Tushundimki, hatto boylarning ham bir dardi bor. Notanish erkak o’g’lim bilan tanishdi, uni qattiq quchoqladi. Va o’g’limdan eskirib ketgan oyoq kiyimini unga hadya qilishini iltimos qildi. O’g’lim begona amakisining ko’z yoshlarini ozg’in qo’llari bilan artdi-da, “Ular sizga, men juda saxiyman. Xudo oyoq kiymimni sovg’a qilganim uchun, menga konki berar ehtimol” deb jilmaydi.
***
Yangi yil kuni esa bizning uyimizga qorbobo va qorqiz keldi. Qorboboni hamdard nigohlaridan tanidim. Bu o’sha badavlat erkak edi. Yonidagi qorqiz rafiqasi ekani aniq. U o’g’limni bag’riga bosdi va sovg’a ulashdi. O’g’lim katta, qizil qutichani ochib chinqirib yubordi. Oppoq konki shu qadar go’zal bo’lib ko`rindiki kolzlarimga. Qorbobo esa menga kichkina quticha berdi. U yerda men hayotimda qo’limga ushlamagan ellik ming dollar turardi.
— Xudoning ishlarida tasodif yo’q, olavering!
Qorqizning samimiy kulgusiga minnatdorlik ko’z yoshlari bilan javob qaytardim: “Bu o’g’limning Yangi yilda olgan eng yaxshi sovg’asi bo`lib qoladi! Bizning eng yaxshi sovgamiz!”
ваще зур хикоя, ёзганга 5
qoyil.
i4larimga4a oldi hikoya…
hikoya ta’sirli 4iqibdi…
manga juda yoqdi
yarim soat yig’ladim o’qib bo’lib
…MashaAlloh. db hikoyani mazmuniga etsam, SubhanAlloh db real voqeaga etaman.
Salom Sumayya, nega unday deysiz?)
Hikoyaga qanaqa baho beromaganm uchun Allohning ishlarida tasodif yoʻq.Vashshe zoʻr gap ekan
Salom Sumayya, katta raxmat finkringiz uchun
wunday hikoyalardan kuproq yozila. raxmat.
qiziq maqola 4iqibdi
Ko’zlarimda yosh
Men uchun eng yaxshi sovgʻa oilam sogʻ salomat ekanligi va olohning biz uchun atagan umrini baxtli inson boʻlib oʻtkazish