Sevgi tugadi, chat esa qoldi: nega sobiq inson bilan yozishmalarni o‘chirishga qo‘limiz bormaydi?

Sevgi tugadi, chat esa qoldi: nega sobiq inson bilan yozishmalarni o‘chirishga qo‘limiz bormaydi?

Telefoningizni oching va sanang: hayotingizda allaqachon yo‘q bo‘lgan odamlar bilan nechta yozishma hali ham saqlanib qolgan? Ikki yildan beri ochilmagan chat. Sobiq inson yuborgan ovozli xabar – uni eshitishga jur’at yetmaydi, lekin o‘chirishga ham qo‘l bormaydi. Tanish holatmi?

Balkonda emas, telefonda yig‘ilgan tartibsizlik

“Narsa yig‘ish” deganda ko‘pchilikning ko‘z oldiga shkafga sig‘maydigan eski kiyimlar, “bir kun kerak bo‘lar” deb saqlangan qutilar yoki hech qachon ishlatilmaydigan idish-tovoqlar keladi. Bu – uzoq vaqt oldin ma’nosini yo‘qotgan buyumlardan voz kecha olmaslik holati.

Lekin XXI asr buning ko‘zga ko‘rinmaydigan yangi ko‘rinishini yaratdi. U telefon xotirasida yashaydi.

Endi servizlar o‘rniga gigabaytlar yig‘iladi: minglab suratlar, nima uchun olingani noma’lum skrinshotlar, hech qachon qayta ko‘rilmaydigan videolar, hayotingizdan allaqachon chiqib ketgan insonlarning ovozli xabarlari va videolari. Bu digital hoarding, ya’ni raqamli yig‘uvchanlik deb ataladi.

So‘nggi psixologik tadqiqotlarga ko‘ra, odamlarning qariyb 62 foizi qurilmalarida yig‘ilib qolgan juda ko‘p fayllar sababli doimiy fon stressi va xavotirni his qiladi. Oddiy tartibsizlikdan farqi shundaki, balkondagi eski buyumlar faqat ko‘rinishni buzadi. Telefoningizdagi raqamli arxiv esa kayfiyatingizga ta’sir qiladi va ayniqsa unda og‘riqli ayriliq tarixi yashasa, sizni uzoq vaqt tushkunlikka tortishi mumkin.

Shunday paytlarda telefon kichkina munosabatlar muzeyiga aylanadi. Undagi har bir chat – alohida eksponat. Siz esa buni sezmagan holda o‘zingizni o‘sha muzey bo‘ylab yana va yana aylantirasiz.

Nega bularni umuman saqlab yurasiz?

O‘chirishga qo‘lim yetmayapti” – eng ko‘p uchraydigan bahona.

Ammo dangasalik ortida odatda boshqa sabab yashirinadi. Yozishma – bu shunchaki matn emas. U siz o‘sha paytda qanday inson bo‘lganingizning izidir.

Birinchi uchrashuv. Birinchi sovg‘a. Birinchi janjal. Oxirgi “o‘zingni ehtiyot qil.”

Chatni ochishingiz bilan miyangiz bu voqealarni deyarli haqiqiydek qayta jonlantiradi. Chunki kuchli hissiyotlar bo‘lganida, ruhiyat uchun xotira bilan real voqea orasidagi chegara deyarli yo‘qoladi.

Psixologlarning ta’kidlashicha, raqamli yig‘uvchanlikka moyil odamlar ko‘pincha insonning o‘ziga emas, aynan fayllarga hissiy bog‘lanib qoladi. Demak, siz chatni emas, u bilan bog‘liq hissiyotlarni ushlab turibsiz.

Shu tariqa inson sobiq sevgilisi uchun emas, balki o‘tmishdagi o‘zini yana his qilish uchun yozishmalarni qayta-qayta o‘qiy boshlaydi. Bu go‘yo vaqt mashinasiga o‘xshaydi. Faqat u voqealarni emas, o‘zingizni qanday his qilganingizni ortga qaytaradi.

Nega ayrim yozishmalar yillar davomida qo‘yib yubormaydi?

Buning oddiy izohi bor.

Psixologiyada bu Zeygarnik effekti deb ataladi. Ruhiyat yakunlanmagan voqealarni tugallangan voqealarga qaraganda ancha yomon unutadi.

Agar munosabatlar izohsiz tugagan bo‘lsa, xiyonat bo‘lgan bo‘lsa yoki siz o‘zingizni aldangandek his qilgan bo‘lsangiz, miya buni “yakunlanmagan vazifa” sifatida saqlab qoladi.

Shu sababli inson yozishmalarni qayta-qayta o‘qiydi:

  • Hammasi qayerda buzildi?
  • Xato qachon boshlandi?
  • Balki nimanidir tushunmay qolgandirman?

Muammo shundaki, eski yozishmalar endi yangi javob bera olmaydi. Ammo buni anglamaguningizcha, siz bir xil aylana ichida qolaverasiz.

Nega kimdir tez unutadi, kimdir esa yo‘q?

Ba’zi insonlarga har qanday o‘zgarish qiyin kechadi: ishni almashtirish, boshqa joyga ko‘chish, yangi tartib yoki odatiy hayotning buzilishi.

Psixologiyada bu kognitiv rigidlik deyiladi. Aynan shu xususiyat yozishmani o‘chirishni oddiy amal emas, balki ramziy qarorga aylantiradi.

“Bu bob tugadi.”

Aytish oson, his qilish esa ancha qiyin.

Rigidlik xavotir, surunkali stress va ruhiy charchoq davrida yanada kuchayadi. Aynan shunday paytlarda ruhiyat hatto allaqachon o‘tib ketgan bo‘lsa ham, har qanday barqaror narsaga yopishib oladi.

Moslashuvchan fikrlaydigan insonlarda esa boshqacha.

Ular uchun yozishmani o‘chirish – xotirani yo‘qotish emas. Aksincha, yangi narsalar uchun joy ochishdir.

Qachon eski yozishmalarni saqlash normal holat hisoblanadi?

O‘tmishdagi yozishmalarni saqlashning o‘zi muammo emas.

Har bir eski chat ham tugamagan sevgi belgisi emas. Ba’zan u shunchaki kundalik yoki maktab bitiruv albomiga o‘xshash oddiy arxiv bo‘ladi.

Ammo xavfli signal shunda paydo bo‘ladiki, arxiv bugungi hayotdan qochish vositasiga aylanadi.

Masalan:

  • yozishmalarni muntazam qayta o‘qiysiz;
  • sobiq insonni kuzatib borasiz;
  • yillar o‘tsa ham ichingizda u bilan suhbatni davom ettirasiz.

Shunda xotira asta-sekin hissiy qaramlikka aylanishi mumkin.

Klinik psixologlar yana bir mezonni aytishadi.

Agar siz yangi munosabatlarni boshlagan bo‘lsangiz, sobiq insonning sevgi yozishmalarini telefoningizda tez ochiladigan joyda saqlash yangi hayotingizga salbiy ta’sir qilishi mumkin. Bu oldinga yurishingizga xalaqit beradigan hissiy langardir.

Raqamli arxivni o‘zingizga zarar bermasdan qanday tartibga keltirish mumkin?

Telefonni tozalash ko‘pincha xotirani bo‘shatish emas, hissiy yukni yengillashtirish haqida bo‘ladi.

  • Hammasini birdaniga o‘chirishga urinmang. Avval eski skrinshotlar va keraksiz fayllardan boshlang.
  • Agar ayriliq hali ham og‘riqli bo‘lsa, yozishmani darrov o‘chirmang. Uni shunchaki arxivga o‘tkazing. Ba’zan uni har kuni ko‘rmaslikning o‘zi yetarli bo‘ladi.
  • O‘zingizdan rostini so‘rang: buni iliq xotira uchun saqlayapsizmi yoki hammasi yana qaytishiga umid qilayapsizmi?
  • Agar chatni o‘chirish juda og‘ir tuyulsa, psixologlar oraliq usulni tavsiya qilishadi: yozishmani matn ko‘rinishida kompyuter yoki fleshkaga saqlang. Telefoningizdan o‘chirishingiz odatiy “messengerni ochdim – yana o‘qidim” siklini buzadi, lekin ma’lumot yo‘qolmaganini bilasiz.
  • O‘zingizni yolg‘iz his qilayotgan paytda eski chatlarni ochmang. Aynan shunday vaqtda miya o‘tmishni undan ham chiroyliroq qilib ko‘rsatishga moyil bo‘ladi.
  • Telefoningizni yangi xotiralar bilan to‘ldiring: yangi suratlar, sayohatlar, suhbatlar. Vaqt o‘tishi bilan ular eski arxivlarning og‘irligini kamaytiradi.
  • Telefoningizni xuddi shkafni tartibga keltirgandek xotirjam tozalang. Bu moslashuvchanlikni rivojlantiradi va har qanday o‘zgarishni yengilroq qabul qilishga yordam beradi.

Qo‘yib yuborish – unutish degani emas

Yozishmani o‘chirganingiz bilan inson hayotingiz tarixidan o‘chib ketmaydi.

Siz shunchaki uzoq vaqtdan beri hech kim yashamaydigan xonaning eshigini har kuni ochishni to‘xtatasiz.

Xotiralar Telegram yoki boshqa messenjerlarda emas, sizning qalbingiz va xotirangizda yashaydi. Agar o‘sha munosabatlar haqiqatan ham muhim bo‘lgan bo‘lsa, hech qanday “Savat” ularni yo‘q qila olmaydi.

Ba’zan aynan bo‘shagan bir necha gigabayt xotira yangi hayot, yangi tanishuvlar va yangi baxt uchun joy ochishning ilk qadami bo‘ladi.

Kommentlar: 36 komment. 36 ta kommentdan so'nggi 10 tasini ko'ryapsiz
  1. Alisher

    Exxx shu maqola rosa menga tegdi eski chatlarni haliyam o’chirmaganman

  2. Alisher

    To’g’risi o’qib o’ylab qoldim, telda keraksiz narsalar juda ko’p ekan

  3. Alisher

    Kimdir o’chiradi, kimdir saqlaydi, hamma har xilku

  4. Alisher

    Manimcha sobiqni kuzatib yurish foyda bermaydi

  5. Alisher

    Fazo oxirgi payt yaxshi mavzular chiqaryapti gap yo’q

  6. Alisher

    Lekin hamma narsani psixologiyaga bog’lasham shartmas deb o’yliman

  7. Voyyy xuddi meni yozishibdi

  8. 3 yillik chat bor haliyam o’chirmaganman

  9. Endi borib archive qilaman hech bo’lmasa

  10. Kim ham eski xotirani birdan o’chira oladi Juda foydali maqola bo’libdi rahmat ❤️

  11. Izohlarda kulayotganlar ham bir kuni tushunadi

  12. Erkaklaram ba’zida unutolmaydi bratlar

  13. Chatni o’qib o’tirish vaqtni bekorga ketkazadi

  14. Oldinga qarash kere db o’yliman Gaplari mantiqli ekan

  15. Man bunaqa maqolalarni ko’pro o’qiman, Kimdir haliyam sobiqni online ko’rib yuribdi aniq

  16. Shaxnoza

    To’g’risi o’chirishga qo’lim bormagan Eski rasmlar bn chatlar juda ko’p…

  17. Shaxnoza

    Endi asta sekin tozalashni boshliman, Juda ta’sirli yozilibdi ❤️

  18. Shaxnoza

    Hammaga tavsiya qilaman o’qisin. O’tmishda yashash yaxshi emas ekan

  19. Eee bunaqa psixolog maqolalar ko’payib ketdi

  20. Lekin rost gaplar bor ekan. Sobiqni unutmaganlar commentda ko’p shekilli

  21. Men bo’lsa hammasini o’chirib tashlaganman

  22. Yangi hayot boshlash kerak brat Fazo respect

  23. Yuragim ezilib ketdi o’qib Hamma ham birdan qo’yib yuborolmaydi…

  24. Vaqt hammasini joyiga qo’yadi ❤️

  25. Juda chiroyli tushuntirilibdi. O’zimni ko’rdim shu maqolada

  26. Rahmat yozganlarga

  27. Exe yana sobiq mavzusi O’chirmaganlar umid qilib yuribdi shekilli

  28. Real hayotda yashela bratlar

  29. Psixologlaram pul ishlashni biladi Lekin maqola yomonmas O’qishga arziydi

  30. Dilnoza

    Juda zo’r maqola chiqibdi

  31. Dilnoza

    Eski chatlarni ochib o’qish odat ekanini bilmasdim

  32. Dilnoza

    O’zimga xulosa qildim

  33. Dilnoza

    Hamma narsani vaqt davolaydi

  34. Dilnoza

    Kimni yuragi og’rigan bo’lsa sabr ❤️

  35. Dilnoza

    Fazo adminlariga rahmat shunaqa foydali kontent uchun

  36. Yaxshi yozilgan hammasi

Komment qoldirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Nima qidiramiz? Masalan,Inson

Social