Hayotimizda bor kuchimizni sekin-asta, ammo ayovsiz so‘rib oladigan bir qator odatlar mavjud. Eng yomoni, ular ko‘pincha foydali, hatto keraklidek ko‘rinadi. Ammo qalbimizda chuqur ildiz otgan bu illatlar jismoniy holatimizga bevosita ta’sir qiladi.
Sotsiologiya fanlari nomzodi va kouch Aleksandr Sinyutin bu borada shunday deydi:
“Bizning ba’zi odatlarimiz hayotni soddalashtiradi, kuchni tejaydi. Ammo ayrim odatlar bizni ichkaridan yemiradi. Buni anglash qiyin, lekin juda zarurdir”.
Quyida sizga aynan shunday ichki kuchingizni yutib yuboradigan, ammo ko‘zga tashlanmaydigan 5 ta zararli odat haqida so‘zlab beramiz.
1. O‘zingizdan doim norozi bo‘lish odati

Ba’zilar o‘zidan doim norozilikni rivojlanish uchun yo‘l deb o‘ylaydi. Ular har kuni “boshqacha inson bo‘lishim kerak edi” degan fikr bilan uyg‘onadi. Go‘yoki bu o‘z ustida ishlashdek ko‘rinadi. Ammo aslida bu o‘zingizni inkor qilishdir. Biz hech qachon kuch bilan o‘zga kimsa bo‘la olmaymiz.
Misol: kech uyg‘onishni yoqtiradigan odam bor. U tongda uyg‘onish “muvaffaqiyat kaliti” deb o‘ylab, o‘zini tonggi “qush”ga aylantirishga urinadi. Natijada esa charchagan, o‘zidan norozi, unumdorligi past odam bo‘lib qoladi. Oxiri bu ish charchoq, ruhiy tushkunlik va o‘zidan ko‘ngli qolish bilan tugaydi.
Boshqa misol: agar o‘sha odam o‘zining kech uyg‘onishini qabul qilsa va bunga mos hayot tarzini tanlasa, masalan, kechki smenada ishlasa, hamma narsada yutadi. O‘zini qabul qilish kuchni tejaydi va ijobiy natija beradi.
Ya’ni o‘zingizni qabul qilmaslik, ichki kurash, zo‘rlik bilan “yaxshiroq inson”ga aylanishga urinish charchoqqa, tushkunlikka va kuchsizlanishga olib boradi. Yaxshisi, o‘zingizni qanday bo‘lsangiz, shunday qabul qiling.
2. Hayotga doim salbiy nigoh bilan qarash odati
Salbiy fikrlar ongni doimiy tanglikda ushlab turadi. Bunday odamga eng sodda kun ham og‘ir tuyuladi, natijada u tez charchaydi va doimiy ruhiy tushkunlikka tushadi. Bunday odam atrofdagilar bilan munosabatlarni tez buzadi, chunki hech kim doim salbiy gapiradigan, shubhali qaraydigan odam bilan do‘st bo‘lishni istamaydi. Tashqi dunyo bunday insonni asta-sekin chetga chiqarib qo‘yadi.
Hayotda ro‘y berayotgan quvonchli voqealar — tug‘ilgan bola, olingan mukofot, iliq bahor bunday odamga chinakam zavq bermaydi.
Tavsiya:
- Tongni shukr bilan boshlang. Har kuni kamida bitta yaxshilikni sezish — qalbdagi qorong‘ilikni yoritadi;
- Salbiy odamlardan uzoqroq yuring. Doimiy shikoyat yuqumli odat;
- O‘tmishni qo‘yib yuboring. Har doim xavf kutish eski og‘riqlarning aks-sadosidir. Kechirish ozodlik demak.
- Ijobiylik bu soxta quvonch emas, balki eng og‘ir kunlarda ham yorug‘likni ko‘ra olish mahorati. Qorong‘ilikka ko‘zni o‘rgatgan bo‘lsangiz ham, yorug‘likni qayta ko‘rishga haqqingiz bor.
3. Doim bahslashish odati

Ba’zi odamlar o‘z fikrini bildirish, “haqiqatni” aytish ularning vazifasi deb hisoblaydi. Ular har joyda bahslashadi. Ammo ko‘pincha bu na haqiqatni ochib beradi, na foydali bo‘ladi. Aksincha, o‘ziga ham, boshqalarga ham asabiylik, salbiy tuyg‘ular olib keladi. Bu turdagi odamlar doim qarama-qarshilik holatida bo‘lishadi, energiya yo‘qotadi. Bahslar janjalga aylanib ketadi, ichki kuch esa behuda sarflanadi.
4. Doim atrofdagilarni tanqid qilish odati
Kimningdir kiyimi, fikri, yurish-turishi yoqmayaptimi? Demak, siz yana bir energiya yemiruvchi odat tomon ketyapsiz. Tanqid bu insonni “boshqacha” ko‘rishga majbur qiladigan tuyg‘udir. Ammo ko‘pincha bunday tanqidni aytuvchi odam o‘zidan ham norozi bo‘ladi.
Hayotda barchamiz biror narsani o‘rganmoqdamiz. Har kimning hayot yo‘li, tajribasi boshqacha. Tanqid o‘rniga atrofdagilarni tushunishga urinib ko‘ring. Shunda qalbingizda g‘am emas, quvvat ortadi.
5. Har doim o‘z fikrida turib olish odati
“Men doim haqman!” fikri bilan yashaydiganlar ko‘p. Albatta, haqiqat va adolatni himoya qilish zarur. Ammo agar bu qat’iylik sizni murosa qilishdan, qulaylikdan, yengillikdan mahrum qilayotgan bo‘lsa, demak, siz o‘zingizga qarshi ishlayapsiz.
Ba’zida yon berish orqali g‘alaba qozonish mumkin. Doim haq bo‘lish emas, baxtli bo‘lish muhimroq. Fikringizda turish o‘rniga, vaziyatga qarab harakat qilish hayotingizni yengillashtiradi va ortiqcha stressdan xalos etadi.
Kuchingizni nimalarga sarflayapsiz?
Kundalik charchoq, ichki tushkunlik, “hech narsaga kuchim yetmayapti” degan holat ko‘pincha yuqoridagi odatlardan kelib chiqadi. O‘zingizni kuzatib ko‘ring, agar ushbu odatlarning hech bo‘lmaganda bittasini o‘zingizda topsangiz, bu siz uchun ogohlantirish belgisidir. Ulardan xalos bo‘ling, shunda hayotingiz yengillashadi, tanangiz esa kuchga to‘lib, tinchroq yashay boshlaysiz.



Rostdan ham odamni eng ko‘p charchatadigan narsa — ichki urush ekan maqolani o‘qib o‘zimni ko‘rdim.
“Doim haqman” degan odamlar bilan yashash juda qiyin energiyani so‘rib oladi.
Salbiy fikrlash haqida yozilgan joyi juda to‘g‘ri. Odam asta-sekin hamma narsadan sovib qolarkan.
Menimcha tanqid qilish odati bizning jamiyatda juda ko‘p hamma birovning hayotini muhokama qiladi.
Maqola motivatsion emas, real gaplar yozilgani uchun yoqdi ba’zi narsalarni o‘ylab qoldim.
O‘zingni qanday bo‘lsang shunday qabul qilish eng qiyini ekan… lekin eng keraklisi ham shu ❤️
Chiroyli yozilganku, lekin savollar qoldiradi
Doim hammaga gap qaytaradigan odamlar o‘zini aqlli ko‘rsatadi, aslida esa atrofdagilarni charchatadi Maqola juda to‘g‘ri yozilibdi
Men ham oldin hammani tanqid qilardim. Keyin qarasam o‘zim asabiy bo‘lib qolibman. Rostdan energiya so‘rar ekan.
Bu ‘men doim haqman’ degan odat oilalarniyam buzadi. Yon berishni bilish kerak ba’zida.
Negativ odamlar bilan yurib odamning hayotga hafsasi qolmaydi. O‘zim sinaganman, uzoqlashganimdan keyin yengil tortdim
Voy maqolani o‘qib o‘zimni ko‘rib qoldim Doim o‘zimdan norozi bo‘lib yuraman.
Hammasini psixologlar o‘ylab topgan deganlar adashadi. Ruhiy holat juda muhim aslida.
Tongdan negativ kayfiyat bilan uyg‘onsam kunim buziladi. Shukr qilishni o‘rganish kerak ekan
Atrofdagi toxic odamlar energiyani yeb qo‘yadi. Bunaqalar bilan gaplashgandan keyin bosh og‘riydi
Hamma gapni odatga ag‘darish ham noto‘g‘ri. Hayot qiyin bo‘lsa odam asabiy bo‘ladi-da.
Lekin maqoladagi tanqid haqidagi joyiga qo‘shilaman. Odamlar boshqasining hayotiga haddan tashqari aralashadi.
Doim pozitiv bo‘lish ham mumkin emas. Ba’zan negativ fikr ham odamni ehtiyot qiladi.
Baribir eng katta energiya yutuvchi narsa — ortiqcha stress va pul muammosi
Maqoladagi gaplar juda to‘g‘ri Odam o‘zini qiynab yashasa oxiri ruhiy charchab qoladi.
Negativ fikrlash eng katta dushman. O‘zim oldin shunaqa edim, hayotim qorong‘u tuyulardi.
Bekorga hammani tanqid qiladiganlar o‘zini ideal deb o‘ylaydi Aslida esa o‘zida muammo ko‘p
Baxtli yashash uchun hamma bilan urishib yurish shart emas. Ba’zida jim ketish ham yutuq.
Yo‘q men bunaqa gaplarga qo‘shilmayman. Agar odam o‘zidan norozi bo‘lmasa rivojlanmaydi
Doim pozitiv yuraman deganlar ham ko‘pincha ichida boshqa Hayot real bo‘lish kerak
Aziza siz aytganday hamma jim yuraversa odamlarni bosib ketadi-ku.
Menimcha bahslashish yomon emas. Haqiqat tug‘ilishi uchun tortishuv kerak.
Sherzod aka, lekin har narsada bahslashish ham asabni yeydi Ba’zi odamlar energiya vampiri bo‘lib qolgan. Rivojlanish boshqa, o‘zini yomon ko‘rib yashash boshqa. Ko‘pchilik shu joyini tushunmaydi.
Men negativ odamlar bilan aloqani uzatganimdan keyin hayotim ancha yengillashdi Baribir maqoladagi eng zo‘r gap: ‘Doim haq bo‘lish emas, baxtli bo‘lish muhim’. Juda chuqur fikr ekan.
Balki shundaydir
Raxmat
Hayot ozi qiyin narsa, nima qilas yana uni qiyinlashtirib
Raxmat adminlarga
Juda muhim mavzu