«Italiyada O‘zbekiston futboli emas, ko‘proq Samarqand va Buxoro haqida so‘rashadi». Rossiyalik jurnalist Eldor Shomurodov haqida reportaj tayyorladi

«Italiyada O‘zbekiston futboli emas, ko‘proq Samarqand va Buxoro haqida so‘rashadi». Rossiyalik jurnalist Eldor Shomurodov haqida reportaj tayyorladi

Rossiyalik jurnalist va insayder Nobel Arustamyan «Jyenoa» klubi hujumchisi Eldor Shomurodov haqida Italiyadan reportaj tayyorladi. Ko‘rsatuvda o‘zbekistonlik futbolchining Italiyadagi faoliyati, yashash sharoiti, u haqida rossiyalik hamda italiyalik futbol agentlari, jurnalistlarning intervyulari o‘rin olgan. Quyida reportajning asosiy va e’tiborli suhbatlarini keltiramiz.

«Osh pishirishni hali o‘rganganim yo‘q»

Reportaj Arustamyanning Eldor yashayotgan uyga tashrif buyurishi, futbolchi va jurnalistning Genuyadagi hayot, sharoitlar, yashash tarzi haqidagi suhbati bilan boshlangan.

«Jyenoa»ga kelganimdan so‘ng 15 kunlardan keyin shu uyga ko‘chib keldim. Uyimdan dengiz ko‘rinib turadi, jamoamizdagi aksariyat futbolchilar Genuyaning aynan shu qismida yashaydi. Deyarli yarim jamoa shu atrofda, desam bo‘ladi. Men yashayotgan ushbu uyda bungacha paragvaylik futbolchi Antonio Sanabriya yashagan ekan. Hozircha o‘zim yashayapman, oilamni hali olib kelganim yo‘q.

Osh tayyorlash? Men hali palov pishirishni o‘rganganim yo‘q. Ha, nonushta qilib klub qarorgohiga boraman, mashg‘ulotdan keyin tushlikni odatda klub qarorgohida qilaman. Kechki ovqatni esa uyim yaqinidagi restoran yoki do‘konga chiqib tovuq olib, tayyorlashim mumkin. Bunga ko‘p vaqt ketmaydi. Yoki restorandan taom buyurtma qilishim mumkin. Ularning doimiy mijoziga aylanganim bois, tezda tushuntira olaman. Umuman olganda, bu atrofdagi restoran yoki do‘kondagilar bilan suhbatga kirisha olaman», – deydi Eldor.

 «Shomurodov 7-8 million yevroga sotib olinib, ikki yildan keyin 20-22 million yevroga sotiladigan hujumchi ekanligini tushunishdi»

«Match»TV sharhlovchisi Nobel Arustamyan «Jyenoa» klubi hujumchisi Eldor Shomurodov haqida Italiyadan tayyorlagan reportaji davomida italiyalik taniqli insayder va jurnalist Janluka Di Marsio bilan suhbatlashib, undan o‘zbekistonlik forvard haqida so‘radi.

«Rossiya Premer-ligasidan Miranchuk, Shomurodov va Kokorin singari futbolchilarning Italiya A Seriyasiga kelganidan xursandmiz. Menimcha, ular orasidan Shomurodov asosiy syurpriz bo‘ldi. Bizning mamlakatda hech kim bungacha u haqda eshitmagandi. «Jyenoa» uni o‘z safiga qo‘shib olganida hammada bir xil savol yangragan: «Shomurodov kim o‘zi?»

U 1-2-3-4-o‘yinlarini o‘tkazgach, barcha uning yaxshi futbolchi va yoqimtoy ekani haqida gapira boshladi. O‘zim ham Rossiya futbolini ko‘proq va muntazam ko‘rib borish kerakligini tushundim. Chunki u yerda bizning chempionatda o‘ynab keta olishi mumkin bo‘lgan boshqa futbolchilar ham bor. Ayniqsa, u yerda yaxshi o‘yinchilar narxi ham ancha pasaygan. Bu Italiya klublari uchun ayni muddao bo‘lishi mumkin.

«Jyenoa» prezidenti Enriko Pretsiozi juda ham aqlli tadbirkor. U bir necha yil avval Pyontekdan yaxshi daromad qilgandi. Unga Shomurodovning o‘yinlari tushirilgan videolarni ko‘rsatishganda, «Harakatni boshlanglar» degan. U juda aqlli va tezda qaror qabul qiluvchi inson. Pretsiozi darhol tushundiki, Shomurodov 7-8 million yevroga sotib olinib, ikki yildan keyin 20-22 million yevroga sotiladigan hujumchi», – deydi Sky Sport Italia jurnalisti Di Marsio.

 «Shomurodov «Jyenoa»da «Rostov»dagidan 5-6 barobar ko‘proq maosh olyapti»

«Jyenoa» klubi hujumchisi Eldor Shomurodovning Nobel Arustamyan bilan suhbatda aytishicha, u Italiyada Rossiyadagidan ko‘proq maosh olmoqda.

– Bu yerdagi maoshingiz «Rostov»dagidan ko‘pmi yoki kam?

– Ko‘p.

– Demak bu borada o‘sish bor, shundaymi?

– Shunday.

 Reportaj davomida rossiyalik jurnalist Shomurodovning huquqini himoya qiladigan ProSpors Management agentligi rahbari German Tkachenko bilan suhbatlashib, Eldorning maoshi haqida so‘radi.

«Italiya klubiga o‘tish Eldor uchun faqatgina faoliyatidagi o‘sish emas, moliyaviy jihatdan ham yaxshi bo‘lganligini yashirmaslik kerak. U bu haqda sizga hech qachon gapirmaydi, ammo aytish kerakki bu moliyaviy jihatdan ham yaxshigina o‘sish. Har holda u A Seriyada o‘ynayapti.

Futbolchilar Yevropada kamroq maosh uchun ham o‘ynayotgani haqida gap ketsa, bu doim ham to‘g‘ri bo‘lmaydi. Eldorning «Rostov»dagi maoshi bilan taqqoslaganda, u 5-6 marta ko‘proq pul ishlab topayapti», – deydi Tkachenko reportajda.

 «Shomurodovning narxi – 15 million yevro. Unga «Yuve» qiziqqani rost, yozda «Borussiya» yoki «Sevilya» e’tiboriga tushishi mumkin»

Suhbat davomida italiyalik insayder Janluka Di Marsio o‘zbekistonlik forvardning hozirgi transfer narxi va unga qiziqayotgan klublar haqida ham gapirgan.

 – «Jyenoa» Shomurodovni 7 yoki 8 million yevroga sotib oldi. Uning Italiya transfer bozoridagi hozirgi narxi qancha?

– 15 million yevro. Agarda «Jyenoa» o‘yinchini hoziroq sotsa, ular 15 million yevro foyda qilishardi.

Bilishimcha, qaysidir klublar Shomurodovning transfer narxiga qiziqib, «Jyenoa»ga aloqaga chiqqan va ular o‘yinchini 15 million yevro narxlagan. Eldorning narxi yarim yilda ikki barobarga oshdi.

 – Aqldan ozish mumkin…

– Aytaylik, Piontekning transferidan yanada ko‘proq ishlab olishgandi. U 4,5 million yevroga «Jyenoa»ga kelgan, yarim yildan keyin esa «Milan» uni 35 million yevroga sotib olgandi. Italiyada yaxshi futbolchilar uchun 20-30 million yevro sarflash odatga aylanib bo‘ldi.

– «Yuve» unga qiziqqanmi?

– Ha, «Yuve» qiziqqan. Shomurodov iqtidorli futbolchilarni tarbiyalashni yaxshi ko‘radigan «Borussiya» Dortmund, «Sevilya» kabi jamoalar uchun yozgi transfer oynasida eng qiziq nomzodlardan biriga aylanishi mumkin. U shunday o‘yinchi», – deydi Sky Spors Italia jurnalisti Di Marsio.

«Eldorni O‘zbekistonga qachon qaytarishlari haqida o‘ylay boshlagandim»

Ko‘rsatuv davomida «Jyenoa» hujumchisi sobiq jamoasi ustozi – «Rostov» bosh murabbiyi Valeriy Karpin bilan ham qo‘ng‘iroqlashdi. O‘zaro suhbat hazilomuz ko‘rinish olgan.

Shomurodov: Assalom aleykum, Georgiyevich.

Karpin: Salom, qiyshiq oyoq (kuladi). Odatdagidek bu vaqtda yig‘indamiz.

Karpin: Ishlaring qalay?

Shomurodov: Hammasi joyida.

Karpin: Murabbiy bilan munosabat-chi?

Shomurodov: Bu borada ham yaxshi.

Karpin: Sendan nimani so‘rayotganini tushunayapsanmi?

Shomurodov: Ha. Umuman olganda tushunaman, so‘zma-so‘z esa yo‘q.

Arustamyan: «Yuventus» Eldorga qiziqayotganidan xabaringiz bormi?

Karpin: Men bu haqda bilmasligim aniq. To‘g‘ri, siz jurnalistlar o‘ylab topgan qanaqadir mish-mishlar eshitdim. Unga «Yuventus»da nima bor? Siz uni oyog‘ini ko‘rdingizmi o‘zi? O‘rnidan turib sizga ko‘rsatsin (kuladi).

Shomurodov: Georgiyevich, bunday oyoqlar bilan futbol o‘ynash qulayroq.

Arustamyan: Eldorning «Jyenoa»dagi faoliyatidan qoniqayapsizmi? U asosiy tarkibda, gol uryapti.

Karpin: Ikkita gol urganini aytyapsizmi?

Arustamyan: Golli uzatmalar beryapti.

Karpin: Obbo, u 15 o‘yinda maydonga tushdimi? Jami – 2 gol, 2 asisst. Statistika – top (kuladi).

Shomurodov: Dahshat (kuladi)

Karpin: Balli, hech bo‘lmasa shu so‘zni unutmabsan. 15 o‘yinda 2ta gol, 2 uzatma – fojyea. Men uni allaqachon zaxiraga o‘tkazib qo‘yardim. Bunday tempda faqat mashg‘ulotlarda gol urib yurishing mumkin.

«Rostov»da ko‘rsatmalarimni bajargani uchun o‘ynardi. O‘ynagani ham mayli, yana bu uchun bizga hatto yaxshigina pul ham berishdi.

Arustamyan: Siz unga ishonganmidingiz?

Karpin: Oxirgi yilda – ha. Ungacha esa – yo‘q. Uni O‘zbekistonga qachon qaytarishlari haqida o‘ylay boshlagandim. Endi esa u Italiyani zabt etmoqda.

Eldor eng katta orzusi haqida

Shomurodov reportajda Italiyada O‘zbekiston haqida nimalarni bilishlari va eng katta orzusi haqida gapirdi.

«Qachon jahon chempionatiga chiqamiz? Qatar-2022 mundialida qatnashishga judayam umid qilyapman. Bu turnirda ishtirok etish uchun butun jamoamiz bilan harakat qilyapmiz. O‘zbekiston milliy jamoasi bilan jahon chempionatida ishtirok etish eng katta orzum sanaladi.

Bu yerda O‘zbekiston haqida so‘rashadimi? Ha, jamoadagi yigitlar ham so‘rab turishadi. U yerda futbol qandayligi haqida so‘rashgandi. Italiyada mamlakatimiz haqida ko‘proq Samarqand, Buxoroni bilishadi. O‘zbekiston haqida gapira boshlasam, darhol «O, Samarqand, Buxoro» deya gapirib ketishadi. Umuman olganda, ko‘pchilik mamlakatimiz haqida ma’lumotga ega», – deydi Eldor Shomurodov suhbat yakunida.

Kommentlar: 2 komment. 2 ta kommentdan so'nggi 10 tasini ko'ryapsiz
  1. Тима

    Элдор красавчик! ёзда Ювега утиб кетади. курасила. у ерда Роналдуга ассиста килади laugh

  2. Rosa pul toparkanku. O’zbekistonga yordam qiladimi o’zi? yoki faqat o’zi mazza qiladimi?

Komment qoldirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Nima qidiramiz? Masalan,Inson

Social